Bugun tabiiy va suyultirilgan gazsiz hayotimizni tasavvur qila olmaymiz. Odamzod va texnika uchun tabiiy va suyultirilgan gazdan foydalanish juda katta qulayliklarni yaratadi. Tabiatning ushbu bebaho boyligidan doimo foydalansak-da, ba’zan uning qadriga yetavermaymiz.
Taassufki, aholi tomonidan xavfsizlik talablariga javob bermaydigan, qo’lbola, nostandart gaz jihozlaridan foydalanish, gaz tarmoqlariga rezina shlang orqali ulanish, nosoz holatdagi dudburunlardan foydalanish holatlari uchrab turibdi. Oqibatda esa tabiiy gazning to’liq yonmasligi, gaz oqimining bexosdan uzilib qolishi, xona ichida gaz to’planishi fuqarolarining is gazidan zaharlanishiga, ayrim holatlarda esa hayotdan bevaqt ko’z yumishiga sabab bo’lmoqda.
Ta’kidlash kerakki, o’tgan yillarda respublikamizda tabiiy va is gazidan zaharlanish hamda havo-gaz aralashmasi natijasidagi chaqnashlar bilan bog’liq bir qancha baxtsiz hodisalar yuz berdi. Sodir bo’lgan baxtsiz hodisalarning aksariyati fuqarolar tomonidan gaz uskunalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga rioya qilmasliklari, qo’lbola, nostandart yasalgan isitish moslamalardan foydalanganlik oqibatida yuzaga kelgan. Shu o’rinda savol tug’iladi, xo’sh, is gazi nima o’zi? Uning inson organizmiga ta’siri qanday? Is gazi bu – yer yuzida energiyani jadal ishlatilishidan yuzaga keladigan, tabiatda eng ko’p tarqalgan zaharlovchi gazlardan biri. Qazib olinadigan yoqilg’ilarning to’liq yonmasligi is gazining bosh manbaidir. U asosan ko’mir, tabiiy gaz va boshqa yoqilg’ilarning to’liq yonmasligi sababli yuzaga keladi. Yoqilg’ilarning to’liq yonishi uchun yonish jarayonida havo (kislorod) yetarli miqdorda bo’lishi kerak. Havoning yetishmasligi oqibatida yonilg’i chala yonib, is gazining ajralib chiqishiga sabab bo’ladi.
Misol qilib aytadigan bo’lsak, aholi xonadonlaridagi asosiy yoqilg’i turi hisoblangan tabiiy gazning bir metr kubi hajmini to’liq yoqish uchun o’n metr kub havo kerak bo’ladi. Gaz asbobi surunkali ishlatilganda, gaz asbobi o’rnatilgan xonaning eshik va derazalarining zich yopilishida, xona darchasi doimiy ochib qo’yilmaganida tabiiy gazning yonishi uchun kerak bo’ladigan havo miqdori kamayib ketadi. Natijada gazning to’liq yonmasligi sabab is gazi ajralib chiqadi. Is gazi nafas yo’llari orqali organizmni, xususan, markaziy asab tizimini zararlaydi. Is gazi odam organizmiga burun bo’shlig’i orqali o’tib, o’pkaga keladi. O’pkadan qonga qo’shilib, qonda gemoglobin bilan qo’shiladi. Natijada kislorod yetarli darajada inson organizmiga yetib kelmaydi. Kislorodning kam kelishi natijasida organizmda «kislorod ochligi» yuzaga keladi. Is gazidan yengil va o’rta zaharlanganda bosh og’riydi, ko’ngil ayniydi, quvvatsizlik – qo’l va oyoqlar bo’shashib qoladi. Og’ir zaharlanganda esa quloq bitib qolganday bo’ladi, fikrlash qiyinlashadi, es-hushning yo’qolishi, ba’zi vaqtlarda kuchli hayajonlanish, turli tartibsiz harakatlar qilinishi mumkin va nihoyat hushdan ketish xususiyatlari kuzatiladi. Ushbu gaz gemoglobin bilan kislorodga nisbatan 300 marotaba kuchli birikma karboksigemoglobin hosil qiladi. Oqibatda gemoglobinning to’qimalarga kislorod tashish xususiyati keskin pasayib gipoksiyaga, og’ir holatlarda esa o’limga olib kelishi mumkin.
Shuni ham aytish kerakki, hozirgi kunda bozorlarda, savdo do’konlarda sotilayotgan gazda ishlaydigan har xil turdagi gaz uskunalari, jumladan, soxta sertifikatli gaz gorelkalari, «kamin» isitish gaz uskunasi yoki boshqa isitishga mo’ljallangan infraqizil gaz gorelkalari chiroyli, ixcham ko’rinishli, isitish mavsumida ishlatib, keyin uni boshqa joyga olib qo’ysa bo’ladigan qulayliklarga ega. Lekin ushbu gaz uskunalari chet el davlatlarida ishlab chiqilganligi sabab ularni o’rnatish va foydalanish to’g’risidagi hujjatlar o’zbek yoki rus tiliga tarjima qilinmagan. Bu esa ulardan xavfsiz foydalanish qoidalari bilan tanishish imkoniyatini yo’qotadi. Ushbu qoidalarning tarjima qilinmaganligi, o’zboshimchalik bilan mutaxassis ko’rsatmasisiz qurilish me’yorlari va qoidalarining talablarini buzgan holatda o’rnatilishi ham is gazining hosil bo’lishiga sabab bo’lmoqda.
Xulosa qilib aytganda, gazdan foydalanish qoidalariga to’liq amal qilsakkina, gaz yonilg’isi xonadonlarimizga falokat emas, balki faqat farovonlik olib keladi.
Akrom HAKIMOV,
«Hududgaz Jizzax» GTF Sanoat xavfsizligi
yetakchi muhandisi
G’anisher BARATOV,
«Jizzaxshahargaz» GTB Mehnat muhofazasi
va texnikaxavfsizligi yetakchi muhandisi