Viloyat hokimi Ergash Saliyev Slovakiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Viktor Boretskiy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Viloyat hokimligining anjumanlar zalida elchi bilan viloyat, shahar va tuman rahbarlari hamda faollar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Unda viloyat hokimi Ergash Saliyev yig‘ilganlarga Slovakiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Viktor Boretskiyni tanishtirdi hamda viloyatning iqtisodiy-ijtimoiy va investitsiya salohiyati hamda hududlarda amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari bo‘yicha ma’lumotlar berdi. Viloyatning asosiy drayver sohalari bo‘lgan avtomobilsozlik, qurilish materiallari ishlab chiqarish, tekstil, qishloq xo‘jaligi, turizm sohasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida gapirdi.
Slovakiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Viktor Boretskiy o‘z mamlakatida rivojlanayotgan sohalar haqida gapirdi. Jumladan, u Slovakiyada avtomobilsozlik, eletrotexnika, qishloq xo‘jaligi va turizm sohalari tobora rivojlanib borayotganini aytib, tadbirkorlarni hamkorlikka chaqirdi. O‘zbekiston va Slovakiya o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish borasida o‘zaro do‘stona aloqalarga tayyor ekanligini bildirdi.
Uchrashuvda ishtirok etgan shahar va tuman hokimlari o‘zlari rahbarlik qilayotgan hududlarda sanoat, qishloq xo‘jaligi, turizm va boshqa sohalarni rivojlantirish yuzasidan Slovakiya davlati bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha o‘z taklif va mulohazalarini aytishdi.
Slovakiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Viktor Boretskiy boshchilik delegatsiyaning Jizzaxga tashrifi davomida Slovakiya davlati bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish yuzasidan ko‘plab loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha muhokamalar bo‘lib o‘tdi.
V.G‘AYBULLAYEV.
(“Jizzax haqiqati”)