CHARLI CHAPLIN: LONDON XAROBALARIDAN AMЕRIKA CHO‘QQILARIGA

1911 yil pulsiz va yosh myuzik-xoll artisti Angliyani Amerika orzusida tark etdi. Uning kelajagi noma’lum, xuddi tumanli albion ob-havosi kabi mubham edi. Ammo yigitcha kelajagi o‘tmishidan yaxshiroq bo‘lishiga qattiq umid qilardi.

U Londonning sharqiy qismidagi xarobalar orasida katta bo‘ldi, kambag‘allikning og‘ir yuki yelkasini yag‘ir qilib yubordi. Onasi oxir-oqibat aqldan ozgan, bunga mashaqqatli hayot tarzi ham sabab bo‘lgandi. Otasini esa ichkilikbozlik ado qildi. Ularning har ikkisi artistlar bo‘lib, bir kun kelib yulduz bo‘lishga umid qilishardi. Bu orzu ularning o‘g‘lida amalga oshishiga o‘sha paytda hech kim ishonmasdi.
Ota-onasining san’atdagi muvaffaqiyatsizligi Charlida qat’iy ahd paydo qildi. 1914 yildan boshlab uning nekbinligi va kurashuvchanligi o‘zini oqlay boshladi. Charli Chaplin Amerikada eng ko‘p tilga olinadigan shaxsga aylandi. U ovozsiz filmlar qiroli, deb nom chiqardi. U nafaqat birinchi raqamli aktyor va komik, balki rejissyor sifatida ham obro‘ qozondi.
U qanday qilib qisqa vaqt ichida mashhurlik cho‘qqisiga ko‘tarildi? U yutuqlariga mahliyo bo‘lib qolmasdan, boshqa mashhur komik aktyorlarning muvaffaqiyatlari , hayotiy kuzatishlar natijasini o‘zi uchun qayd qilib bordi. Ulardan g‘oyalar “o‘g‘irladi” va o‘z uslubini yaratdi. Masalan, silindrli shlyapasi maxfiy imo-ishora uchun ishlatilgan va u bankirlarning xatti-harakatidan olingan. Mashhur hassasidan esa chalkashib yurishini dalillash, yana dushmanlarini solib qolish uchun foydalangan. Oyog‘ini kerib yurishini bo‘lsa, Londondagi oyoq og‘rig‘idan shikoyat qiluvchi taksi haydovchisining yurishidan olingan.
1915 yili Charli Chaplin o‘n to‘rtta filmni suratga oladi. U ekranga olib chiqqan qahramonlar hayotda kamsitilgan, omadi yurishmagan “kichkina inson”lar bo‘lib, ularning birdan-bir boyligi – qalbidagi mehr edi. U “Chempion”, “Immigrant”, “Miltiqlar yelkaga olinsin” singari filmlarida aynan ana shunday qahramonlar obrazlarini gavdalantiradi. Shuningdek, uning Darbadar jentlmen”, “Nyu Yorkdagi qirol”, “Gongkonglik qirol” kabi filmlari ham katta shuhrat qozonadi.
Buyuk aktyor 1977 yili Rojdestvo bayrami tongida 90 yoshida vafot etdi. Uning “Men uchun san’atda eng muhi¬mi –¬ insonni tasvirlash!”. “Haqiqat. Haqiqat! Haqiqat! Menga boshqa narsaning ahamiyati yo‘q” so‘zlari, mehrga to‘la ko‘zlari san’atning takrorlanmas vakiliga aylantirib, qalblarda mangu qoldirdi.

Muqaddas Saparova tayyorladi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan