Qozog‘iston aholisi 20 millionga yetdi

Qozog‘iston aholisi 20 millionga yetdi. Bu haqda mamlakat prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev ma’lum qildi.

“Qozog‘iston aholisi 20 millionga yetdi! Yurtdoshlarimni ushbu muhim voqea bilan tabriklayman! Baxtli oila – millat farovonligi, barqaror taraqqiyotining poydevori. Davlat oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish borasidagi ishlarni davom ettiradi”, — deb yozgan davlat rahbari X’dagi sahifasida.

Milliy statistika byurosi xabariga ko‘ra, besh nafar bola Qozog‘istonning 20 millioninchi aholisi bo‘lgan. Ular shu yilning 14 noyabrda tug‘ilgan. 20 millioninchi fuqaroning tug‘ilgan sanasi barcha mavjud demografik ma’lumotlarni, masalan: tug‘ilganlar va o‘limlar soni, Qozog‘istonga kelganlar va undan chiqib ketganlar soni hisobga olingan holda belgilangan.

“Aholi ma’lumotlar bazasiga ko‘ra, 2023 yil 14 noyabr kuni ertalab soat 8:10 da tug‘ilgan 5 nafar bola mamlakatning 20 millioninchi aholisi bo‘ldi. Qozog‘istonning yubiley fuqarolari Ulitau va Jetisu, Atirau, Akmola va Turkiston viloyatlarida tug‘ilgan. Ularning 3 nafari o‘g‘il va 2 nafari qiz bolalardir”, — deyiladi xabarda.

Ilgari mamlakatda aholi to‘g‘risidagi ma’lumotlar qo‘lda qayta ishlanar edi va bu juda ko‘p vaqtni oladi. Davlat axborot tizimlarining integratsiyalashuvi bu jarayonni tezlashtirish va 20 millioninchi fuqaroning tug‘ilgan sanasini juda aniq va qisqa muddatlarda aniqlash imkonini berdi.

Qayd etilishicha, Qozog‘istonning 19 millioninchi fuqarosi bundan 2 yil avval avgust oyida dunyoga kelgan.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan