DЕMOKRATIK ISLOHOTLAR MOHIYATI

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarini xalqning haqiqiy “ovoziga” aylantirish borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, mahalliy ijroiya hokimiyati organlarining xalq deputatlari Kengashlari oldidagi hisobdorligi va mas’uliyatini oshirish maqsadida mahalliy vakillik organlariga 10 dan ortiq qo‘shimcha vakolatlar berildi.

Mazkur vakolatlarni to‘laqonli ro‘yobga chiqarish uchun 2021 yilda mahalliy Kengashlarda doimiy asosda faoliyat yurituvchi kotibiyatlar tashkil etilib, ular tomonidan bugungi kunda 6,5 ming nafardan ortiq deputatlarga tashkiliy, axborot-tahliliy jihatdan ko‘maklashilmoqda.

Ta’kidlash joizki, mahalliy Kengashlarning ushbu vakolatlarini amalga oshirishda deputatlar va kotibiyat xodimlaridan mustahkam siyosiy-huquqiy bilimlar talab qilinadi.
Albatta, bugungi kunda ham Oliy Majlis Senati vakillik organlari faoliyatiga uslubiy-amaliy jihatdan ko‘maklashib, mahalliy Kengashlar kotibiyatlarining faoliyatini samarali tashkil etish, nazorat-tahlil tadbirlari bo‘yicha amaliy seminarlar o‘tkazib borilmoqda. Ushbu amaliyotni izchil davom ettirish ayni muddao bo‘lganligini alohida e’tirof etish zarur.

Prezidentimiz tomonidan 2024 yil 2 fevral kuni qabul qilingan “Mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining faoliyati samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonda ushbu masalaga ham mahalliy Kengash deputatlari va kotibiyatlari xodimlarining siyosiy-huquqiy bilimlarini yuksaltirishga qaratilgan o‘quvlarni tashkil etish bo‘yicha muhim vazifalar belgilab berilgan. O‘ylaymanki, ushbu Farmondan kelib chiqib, Davlat boshqaruvi akademiyasi, Yuridik universitet va boshqa nufuzli oliy o‘quv yurtlarining yetakchi ekspert-mutaxassislari hamda professor-o‘qituvchilari jalb qilingan holda o‘quvlar, seminarlar tashkil etiladi. Bu borada amalga oshiriladigan tadbirlar natijasida Yangi O‘zbekiston mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining faoliyati yangi bosqichga olib chiqiladi.

Farmonning yana bir muhim jihati haqida alohida to‘xtalib o‘tish lozim. Farmonda mahalliy Kengashlar binolariga va ularni moddiy-texnika jihatidan jihozlashga doir minimal talablarni ishlab chiqish belgilangan. Ushbu norma mahalliy Kengashlar deputatlari tomonidan mamnuniyat bilan kutib olindi desak, xato bo‘lmaydi.

Mahalliy Kengashlar faoliyatining dastlabki davrlarda deputatlar, doimiy komissiyalarning faoliyati uchun xona, tegishli jihozlar ajratilmagan bo‘lib, zaruriy sharoitlar yaratilmagan edi.
Bu esa, o‘z navbatida ular faoliyatiga sezilarli salbiy ta’sir ko‘rsatgan. So‘ngi yillarda, ayniqsa kengashlar faoliyatini tashkiliy texnik ta’minlash maqsadida kotibiyatlar tashkil etilgandan keyin Oliy Majlis Senati hamda mahalliy hokimliklar tomonidan Kengash hamda uning kotibiyatlari faoliyati uchun zarur shart-sharoitlar yaratildi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada joriy yilgi saylovlardan keyin viloyatlar va Toshkent shahrida, 2026 yildan esa tuman va shaharlarda hokimlarning kengashga rahbarlik qilish amaliyotining bekor qilinishi belgilandi. Shu bilan birga, Kengashlarning vakolat va funksiyalarining kengayishi hisobiga ularning faoliyati uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratilishi talabi kun tartibiga qo‘yiladi.
Belgilangan minimal talablarni inobatga olgan holda bino (ishchi xonalar) bilan ta’minlash va jihozlash bo‘yicha “yo‘l xaritasi”da mahalliy Kengashlar uchun yanada qulay, zamonaviy sharoitlar yaratilishiga e’tibor qaratiladi deb o‘ylayman.

Nodira KARIMOVA,
Xalq deputatlari Jizzax viloyati
Kengashi kotibiyati mudiri.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan