Dunyo resurslari instituti taxminlariga ko‘ra, 2040 yilga kelib, jahonning 33 ta davlati suvning o‘ta darajada tanqisligi muammosi bilan to‘qnashadi. Ular orasida Markaziy Osiyo mamlakatlari, jumladan O‘zbekiston ham bor.
Mamlakatimizda yil davomida 56-57 milliard kubometr suv zahiralaridan foydalaniladi. Uning 87 foizga yaqini qishloq xo‘jaligida, 9 foizi elektr energiya va baliqchilik sanoatida, atigi 4 foizi ichimlik suvi sifatida ishlatiladi. Suv zahiralarining bor-yo‘g‘i 20 foizi mamlakat ichida hosil bo‘ladi. Qolgan 80 foizi tashqi manba asosida shakllanadi.
Respublikamiz Prezidentining 2023 yilda Singapurga davlat tashrifi doirasida “yashil texnologiyalar”, ko‘kalamzorlashtirish, kommunal xo‘jalik sohalarida hamkorlik bo‘yicha kelishib olindi. Ta’kidlash joizki, Singapurning suv resurslarini oqilona boshqarish, suv tejovchi texnologiyalari borasidagi tajribalari alohida e’tiborga molik. Bu mamlakat o‘z talabining 30 foizini “NeWater” dasturi (oqova suvlarni tozalash) orqali qondirib, dengiz suvini tuksizlantirish 20 foizni, mahalliy suv havzalari 10 foizni tashkil qiladi. Qolgan 40 foizi qo‘shni Malayziya davlatidan keladi. Shuning uchun suvni qayta ishlashga alohida e’tibor qaratiladi.
Dunyoda yomg‘ir suvini boshqarish bo‘yicha ko‘plab dasturlar mavjud. Masalan, AQSHda yomg‘ir suvini ekologik jihatdan boshqarish (ESM), shuningdek, hududni loyihalashda ekologik toza yondashuv (LOW Impact Design-LID) kabi yo‘nalishlar ishlab chiqilgan bo‘lib, uning maqsadi shahar yomg‘ir suvini boshqarishdir. Buyuk Britaniyada shunga o‘xshash dastur — barqaror drenaj tizimlari (SUDS) va Avstraliyada yomg‘ir suvini boshqarish texnologiyasi (Water sensitive Urban Design-WSUD) mavjud.
Yomg‘ir suvini yig‘ish ichki iste’mol uchun eng ko‘p tarqalgan usul hisoblanadi. Unga ko‘p xarajat qilinmaydi, tajriba va bilim asosida butun uy-joy maydoni, bog‘dorchilik, qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirish mumkin. Biroq yomg‘ir suvi sifatiga havo ifloslanishi, hayvonlar yoki qushlarning axlatlari, hasharotlar, organik moddalar ta’sir qilishi mumkin. Shuning uchun suvni iste’mol qilishdan oldin muntazam tozalash (filtrlash, dezinfeksiya) juda muhimdir.
Respublikamizda Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi kabi xonadonlarda suvdan foydalanish, ayniqsa, dala hovlilarda, bog‘larda suv isrofgarchiligi juda yuqori. Albatta qishloq xo‘jaligi sohasida suvni tejash borasida bir qancha tadbirlar amalga oshirilayapti. O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, paxta, sholi kabi suvni ko‘p talab qiluvchi ekinlar qisqartirilib, o‘rniga boshoqli don, sabzavot-poliz ekinlari ekilgan va bog‘-uzumzorlar maydonlari kengaytirilgan. O‘tgan asrning 80 yillariga nisbatan paxta qariyb 50 foizga, sholi maydonlari esa 75 foizga qisqartirilgan.
Ichimlik suvini tejashning boshqa usullari ham bor. Jumladan, “kulrang suv”larni (hojatxonadan bo‘lak uy xo‘jaliklarida qo‘llanilgan chiqindi suv, ya’ni cho‘milish, kir yuvish, oshxonada ishlatishdan ortgan suv) qayta ishlab, uning bog‘larni sug‘orish yoki avtoulovlarni yuvish uchun ishlatilishi ichimlik suvini tejashga yordam beradi. Albatta, buning uchun uy sharoitida ishlatiladigan kimyoviy mahsulotlarni kamaytirish, tabiiy mahsulotlarga almashtirish yoki cheklash lozim bo‘ladi.
Iqlim o‘zgarishining yomg‘ir bilan to‘yinuvchi suv manbalari sathining kamayishiga ta’sirini, shiddit bilan o‘sib borayotgan aholining suvga bo‘lgan talabini nazarda tutsak, bugungi kunda suv ta’minoti siyosati va tizimlari moslashuvchan va innovatsion bo‘lishi, barqarorlik tamoyillariga asoslangan bo‘lishi lozim. Shunday ekan, bebaho ne’mat — suvdan oqilona foydalanish, bu borada xorij tajribasini qo‘llash payti keldi.
Husan ABDUNIYAZOV,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi
viloyat hududiy bo‘linmasi rahbari,
xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati.