Qish qilichini yalang‘ochlab kelgan kunlarda yo‘lsozlarning ishi ancha ko‘payib qoladi. Yo‘llarni tuni bilan yoqqan qordan tozalash, muz qoplagan qismiga maxsus suyuqlik bilan ishlov berish, shamolda “qir” bo‘lib qolgan qorlarni tashib ketish va boshqa yumushlarni tunu-kun bajarishadi. Ko‘pchilik tunda issiqqina uyida hordiq olayotganida ular yo‘lda bo‘lishadi.
Lekin yo‘lsozlar bilimini oshirish, kitobxonlik madaniyatini targ‘ib qilish, ishchi-xodimlar intellektual salohiyatini ko‘tarish maqsadida Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining tashabbusi bilan “Zakovat” intellektual o‘yinlari tashkil etildi. Yaqinda yo‘lsozlar o‘rtasida “Zakovat”ning viloyat hududiy bosqichida ishtirok etish uchun barcha tumanlarning yo‘llardan foydalanish davlat muassasalari hamda “Ko‘prik yo‘l qurilishi”, “Mintaqaviy yo‘llar buyurtmachi xizmati” davlat muassasasidan 84 nafar ishchi-xodimlar Jizzax shahriga tashrif buyurishdi.
Tadbirni Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Nilufar Jumayeva ochib, “Zakovat” o‘yinlarini tashkil etishdan maqsad haqida so‘zlab, uning tartiblari haqida tushunchalar berdi.
Avtomobil yo‘llari viloyat bosh boshqarmasi rahbari Xojiakbar Raxmatov jizzaxlik yo‘lsozlar tomonidan amalga oshirilgan ishlar, yo‘llarning sifatini yaxshilashga qaratilgan sa’y-harakatlar to‘g‘risida so‘zladi. U barcha jamoalarga omad tiladi.
Albatta, yo‘lsozlar “Zakovat” o‘yinida yo‘llar va yo‘l qurilishiga taalluqli savollar tushadi deb o‘ylashgan va bunga puxta tayyorgarlik ko‘rib kelishgan edi. Lekin o‘yin butunlay kutilmagan yo‘nalishda boshlandi. Savollar asosan maktabda o‘tiladigan tarix, geografiya, biologiya, fizika va boshqa fanlar bo‘yicha tayyorlangan ekan. Bundan yo‘lsozlar dovdirab qolmadi, aksincha ularga maktabda olgan bilimlari “qutisini” yana bir bor kovlab ko‘rishga to‘g‘ri keldi.
Bellashuvda 12 ta savoldan aksariyat qismiga to‘g‘ri javob bergan Zafarobod yo‘llardan foydalanish davlat muassasasi jamoasi birinchi o‘rinni egalladi. Topqirligini namoyish etgan Yangiobod yo‘lsozlari ikkinchi va Mintaqaviy yo‘llar byurtmachi xizmati davlat muassasasi jamoasi uchinchi o‘rinni egalladi. G‘oliblarga bosh boshqarmaning diplom va maishiy texnika vositalari topshirildi.
Asad MUSTAFOYEV.