Yurtimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samarasi o‘laroq shahar va qishloqlarimiz kun sayin chiroy ochmoqda. Yangi-yangi binolar, savdo rastalari, ko‘p qavatli turar-joylar qad ko‘tarmoqda. Bunday o‘zgarishlar albatta, barchamizni mamnun qiladi. Lekin…
Piyoda shahar ko‘chalarini kezar ekanman ariq va zovurlar ichidagi va atrofidagi turli xil chiqindilarni uyulib yotganiga ko‘zim tushdi. Bu hol tabingizni xira qilishi tabiiy. Muammoni qanday hal qilsa bo‘ladi? Muammoni tahlil qilish jarayonida aksariyat ko‘chalarga chiqindi qutilari qo‘yilmaganligiga guvoh bo‘lasiz.
Bugun ekologik madaniyat uni yuksaltirish to‘g‘risida bot-bot gapirilayapti. O‘sib kelayotgan yosh avlodga chiqindini to‘g‘ri kelgan joyga (ariq, ko‘cha bo‘yi)ga emas, maxsus qutilarga tashlashni o‘rgatsak foydadan holi bo‘lmasdi.
Xorijiy davlatlar AQSH, Fransiya, Germaniya, Yaponiya va Koreyada chiqindilar bilan maxsus tashkilot jiddiy shug‘ullanadi. Rivojlangan mamlakatlarda maishiy chiqindilar tur-turiga qarab qutilarga joylashtiriladi. Buni aholi ham yaxshi biladi va o‘rgangan ham. Tartibga rioya qilmaganlar hukumat tomonidan qattiq jarimaga, hattoki jazoga ham tortilishi mumkin.
O‘lkamizda ayni kuz xazonrezgichilik payti. Bu faslda daraxt yaproqlarining to‘kilishi, xazonlarning ko‘payishi turgan gap. Ko‘pchiligimiz xazonlardan tezroq xalos bo‘lish uchun yoqib yuborishgacha boramiz. Aslida barglarni yoqish allergik, o‘sma kasalliklariga sabab bo‘lishini tibbiyot xodimlari uqtirishganku!
Tozalik bor joyda baraka bo‘ladi, deydi nuroniylarimiz. Hali ham kech emas. Shahrimiz hududida, mahalla va ko‘chalarda chiqindi qutilarini ko‘paytirishimiz shart. Buning uchun mas’ul tashkilotlar, korxonalar bu masalada fuqarolar yig‘inlari bilan shartnoma tuzishsa yaxshi bo‘lardi. Eng asosiysi, tozalik uchun, obodlik uchun barchamiz mas’ul va javobgar ekanligimizni unutmaylik.
Umida UMAROVA.
Jizzax shahri, Olmazor mahallasi.