“СHIKKO” BOLAJONLARNI BAG‘RIGA OLDI

Har qanday bilimga maktabgacha ta’lim tashkilotlarida poydevor qo‘yiladi. Hozirgi kunda viloyatimizda 1418 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti mavjud bo‘lib, ularning 235 tasini davlat, 12 tasini xususiy, 1126 tasini oilaviy va 73 tasini davlat xususiy sheriklik asosidagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari tashkil etadi. Viloyatimizdagi 127207 nafar 3-7 yoshli bolalardan 93564 nafari maktabgacha ta’limga qamrab olingan.

2023 yilning birinchi yarmida bola qamrovi past bo‘lgan hududlarda 3325 o‘ringa mo‘ljallangan 115 ta oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari va 6 ta davlat xususiy sheriklik asosida maktabgacha ta’lim tashkilotlari o‘z faoliyatini boshladi. Shuni ham alohida ta’kidlab o‘tish kerakki, so‘ngi 5 yilda maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qamrov foizi 16,4 foizdan 73,6 foizga oshdi.

Jizzax shahrining “Obod” mahalla fuqarolar yig‘inida yakka tartibdagi tadbirkor Umirzoqova Sarvinoz Ilhom qizi rahbarligidagi “СHIKKO” nomli oilaviy nodavlat ta’lim tashkiloti faoliyatini boshladi. Ma’rufjon Rashidov boshchiligidagi quruvchilar tomonidan qisqa muddatda qurib, foydalanishga topshirilgan yangi ta’lim dargohida kichkintoylar uchun barcha sharoitlar muhayyo qilingan.

Yangi oilaviy ta’lim tashkilotining ochilish marosimida so‘zga chiqqan Jizzax shahar hokimining o‘rinbosari Suyun Silliyev, Jizzax shahar maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi metodisti Dildora To‘ychiyeva, mehnat faxriysi Hikmatilla Norqulov hamda ota-onalardan Baxti Rasulovalar mamlakatimizda ta’lim sohasidagi islohotlarning tub mohiyati, jumladan, yosh avlod tarbiyasiga qaratilinayotgan e’tibor va g‘amho‘rliklar haqida gapirdilar.

Ramziy alvon tasma qirqilib, mehmonlar yangi ta’lim muassasasida tarbiyalanuvchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdilar. Kichkintoylar ijrosidagi quvnoq she’r va raqslar tadbirga shukuhlik kiritdi.

Zoir TURSUNQULOV

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan