OIVNING DAVOSI BOR…MI?

Darhaqiqat, kasallikni erta aniqlash – uni samarali davolashning garovidir. Bu jumla ayniqsa OIV infeksiyasi uchun o‘ta dolzarb hisoblanadi. Sababi hali bu dardni to‘liq davolashning iloji yo‘q va zamonaviy tashxislash yordamida bu dardning kechishini nazorat qilish, davo choralarini belgilash hamda bemorning to‘laqonli hayot kechirishiga ko‘maklashish mumkin. Zamonaviy tashxis qo‘yish usullari ham kasallikni yuqtirib olgandan keyin kamida ikki haftadan keyingina aniqlash imkoniyatiga ega va OIV infeksiyasiga erta tashxis qo‘yish juda muhim hisoblanadi.

Achinarlisi shuki, ko‘pchilik odamlarning fikricha OIV infeksiyasiga chalingan odamda kasallik alomatlari ular o‘ylaganchalik tezlik bilan va o‘ta suronli boshlanmaydi, aksincha uzoq muddat hattoki o‘n yilgacha yashirin tarzda kechib, keyinchalik alomatlar ko‘rinishi mumkin. Bunday holatda OIV infeksiyasini yuqtirib olgan kishi ham atrofdagilar ham bu holat haqida bilmasdan yuraveradilar. OIV infeksiyasi organizmning immun sistemasini zararlab, OITS bosqichiga o‘tgandan keyin unga qarshi kurashish ancha mushkul bo‘ladi.

Barchamiz shuni aniq bilib olishimiz kerakki, OIV infeksiyasiga chalingan kishilar va OIV uchrash xavfi yuqori bo‘lgan guruhga taaluqli kishilar, besoqolbozlar, yengil tabiatli kishilar, narkotik moddalarni iste’mol qiluvchi shaxslar ham jamiyatda, oramizda xuddi oddiy kishilardek o‘qib, ishlab yuribdilar. Ular ham jamoat tadbirlarida qatnashib, ko‘pchilik qatori ijtimoiy va tibbiy xizmatlardan foydalanadilar. Afsuski hech birimiz OIVni yuqtirib olish xavfidan kafolatlanmaganmiz. Hissiyotlarga berilib begona shaxslar bilan himoyalanmasdan yaqinlik qilish, to‘liq sterilizatsiya qilinmagan asbob-uskunalar yordamida badanga turli xil tasvirlar tushirish (tatuirovka) va shu kabi holatlarda ushbu dardni yuqtirib olish mumkin. Hayotda xato qilmaydigan kishilar deyarli bo‘lmaydi, qilingan xatolarni ortga qaytarib ham bo‘lmaydi, faqatgina qilingan xatolarning oqibatlarini kamaytirish uchun to‘g‘ri yo‘lni tanlash kerak xolos. Buning uchun kasallikni erta aniqlash maqsadida OITSga qarshi kurashish markazlariga murojaat qilish kifoya.

OIV infeksiyasiga chalingan kishilarda kuzatilishi mumkin bo‘lgan ilk alomatlari bo‘yin, chov va qo‘ltiq osti limfa tugunlarining kattalashuvi, uzoq muddatli sababsiz isitma, bosh va mushaklarda og‘riq, og‘iz bo‘shlig‘ining zamburug‘li kasalliklari, tungi terlash, bo‘g‘imlarda og‘riq, davolash samarasiz bo‘lgan uzoq muddatli ich ketishi, sababsiz ozib ketish, badanga turli xil toshmalarning toshishi bilan belgilanadi. Hozirgi kunda tashxis qo‘yishning turli xil zamonaviy usullari mavjud. OIVga tashxis qo‘yishning ikki darajali usullari bor, biri to‘g‘ridan-to‘g‘ri qondagi OIV virusini va uning miqdorini aniqlash bo‘lsa, ikkinchisi qondagi organizmda OIV virusiga qarshi paydo bo‘lgan antitanachalarni aniqlovchi usullar. Bular IFA (immunoferment analiz), IB (immuno bloting), Ekspress-test IXA (immunoxromatografiya), PZR (polimeraza zanjirli reaksiya) usullari. Bu usullarning sezgirligi va spetsifikligi juda yuqori. Ekspress-testning bir qancha afzalliklari mavjud bo‘lib, tahlil uchun kam vaqt sarflanishi, olib yurish osonligi, tahlil uchun maxsus asbob uskuna yoki maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan mutaxassis bo‘lishi shart emasligi, tahlil uchun ko‘p miqdorda qon yoki qon zardobi kerak emasligi, hatto so‘lak yoki og‘iz bo‘shlig‘i transsudati orqali tekshirish mumkinligi, narxlari nisbatan arzonligi va testlarni topishda qiyinchiliklar yo‘qligidir.

Mamlakatimiz aholisining sog‘lig‘ini mustahkamlash, kasalliklarga erta tashxis qo‘yish va davolash samaradorligini oshirish maqsadida qator tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan Jizzax viloyati aholisi orasida kasallikni erta aniqlash maqsadida viloyat OITSga qarshi kurashish markazi xodimlari reja asosida har yili tashkilotlari va mahallalarda OIV infeksiyasi, virusli gepatit V, S infeksiyalariga tezkor tekshirishlarni amalga oshirmoqda. Kasallikni erta aniqlash uning salbiy oqibatlarining kamayishiga, asoratlar bermasligiga, davolashda yuqori samaradorlikka erishishga va bemorlarning to‘laqonli hayot kechirishga sabab bo‘luvchi omil hisoblanadi. Sog‘lig‘ingizga e’tiborsiz bo‘lmang, kasalliklarga o‘z vaqtida qarshi kurashing.

Oxmurod XUDOYNAZAROV,
viloyat OITSga qarshi kurashish markazi shifokori.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan