Men bahorni ko‘rmadim…

Ijod ahli asli o‘zi shunday. Ular oddiy insonlar ilg‘ay olmaydigan olamda yashaydi. Shunga bo‘lsa kerak, yozuvchining ruhiyati o‘zgalar uchun ochilmagan eshik kabi ko‘rinaveradi. Buyuk ijodkorlarning qismati ham buyuk va mash’um bo‘lib qoladi.

1821 yil 11 noyabr. Moskva. Barglar xazonga aylanib, yerni qirov qoplagan oqshom yetti farzandning ikkinchisi bo‘lib baxtsizgina bolakay dunyoga keldi. Uning otasi Mixail badfe’l, zolim inson edi. U Moskva kasalxonasida kambag‘allar shifokori bo‘lgan. Onasi Mariya rus savdogarlari oilasidan bo‘lib, madaniyatli va bilimli ayol edi.

Bolakay 12 yoshigacha maktabga bormay, dastlabki ta’limni ota-onasidan oladi. 1934 yilda ukasi bilan maktab internatiga borishni boshlaydi. Oila dinga kuchli amal qilar, har tongni cherkovda ibodat qilish bilan boshlanar edi. Otasi unga kasalxonasidagi bemorlar bilan muloqot qilishni taqiqlagan, ammo u muttasil kasallarni kuzatar, kambag‘al bemorlarning azob-uqubatlarini ko‘rishdan qochmasdi. Uning uchun bu azoblar dunyosi edi.

Oradan bir yil o‘tib onasi sil kasalidan vafot etdi. 18 yoshida otasini yaramas fe’li uchun xizmatkorlar o‘ldirishdi. Ketma-ket sodir bo‘lgan baxtsizliklar uning vujudida tobora kurtak ochib borar va yaratilajak asarlarida bu fojialar ruhiyati o‘z aksini topgan edi. Maktabni bitirib muhandislik yo‘nalishida o‘qishga kirdi.

O‘qishni bitirib bu sohada deyarli ishlamadi. Chamasi 21 yoshidan boshlab asarlar yozdi. U 1847 yilda rus inqilobchisi M.V.Petrashevskiy guruhiga qo‘shilib qolib, tuzumga qarshi chiqqanlikda ayblandi va o‘lim jazosiga mahkum qilindi. Nufuzli davlat arboblarining aralashuvi sabab o‘lim jazosi qamoq va surgunlik bilan almashadi.

4 yillik qamoq va Sibirga surgunlikdan so‘ng u yana ijodga qaytdi. Endi uning asarlarida zulmat, tushkunlik kayfiyati ustunlik qildi. Qahramonlar doim kambag‘al bechoralardan yaraldi. Yozgan romanlarida boshdan kechirgan jamiki ko‘rguliklarni aks ettiradigan, qadrdon chehralarni gavdalantiradigan bo‘ldi. U ba’zi asarlarni favqulodda moliyaviy qiyinchilik vajidan ham yozar edi. Chunki uning qo‘lida pul turmas, qimordan orttirgan qarzlari doim qiynab kelardi.

Uning shaxsiy hayot borasida ham omadi kelgan, deb aytish mushkul. U uch marta uylandi. 41 yoshdan oshganda 18 yoshli qizga oshiq bo‘ldi. Navqiron go‘zal qiz ham yozgan asarlaridan bo‘lak hech vahosi yo‘q, juldur kiyimli, badqovoq, kasalmand yozuvchiga ipsiz bog‘lanib qoldi va umrining so‘ngiga qadar u bilan birga bo‘ldi.

1881 yilning 9 fevralida Sankt- Peterburgda o‘pka kasalidan vafot etdi. Undan takrorlanmas ruhga ega, inson qalb torlarini titratib yuborguvchi asarlar meros qoldi.

«Xo‘rlanganlar va haqoratlanganlar», «Jinoyat va jazo», «Oq tunlar», «O‘lik uydan maktublar», «Qimorboz», «Telba», «Jinlar», «O‘smir» kabi qator dunyoga mashhur asarlar muallifi bo‘lgan bu yozuvchi

Dostoyevskiy edi. Fyodor Dostoyevskiy edi…

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan