18 noyabr – ya’ni bugun har bir yurtdoshimiz qalbida urib turgan yurak yana bir bor hapriqadigan, quvonadigan kun. Xalqimiz uchun katta bayram! O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilinganiga bu yil 32 yil to‘ldi.
Muayyan bir davlatning milliy suverenitetini ifodalaydigan, tarixan tarkib topgan alohida, eng muhim belgilari ‒ davlat ramzlari hisoblanadi. Gerb, bayroq va madhiya nafaqat davlat ramzi, balki o‘zida davlatning va unda istiqomat qiluvchi xalqlarning tarixiy, harbiy, madaniy an’analarini, boshqa davlatlar bilan aloqalarini, an’ana va madaniyatlarning xalqaro almashinuvini aks ettiruvchi o‘ziga xos tarixiy manba sifatida ham qimmatlidir. Qadimda qo‘llanilgan tug‘lar keyinchalik davlat bayroqlariga, tamg‘alar davlat gerblariga asos bo‘lgan. Ba’zan ularning uyg‘unlashgan holda birgalikda qo‘llanilganligini ko‘rish mumkin. Jumladan, sohibqiron bobomiz Amir Temur shonli yurishlari oldidan lashkarlarini jangga hozirlar ekan, bayroqdorlariga alohida e’tibor qaratib, uni har qanday sharoitda ham tik tutishni uqtirgan. Bosqinchilarga qarshi kurashga otlangan askarlarning jangovar holatiga bayroqning mag‘rur hilpirashi juda katta ruhiy kuch va madad bergan. Shuning uchun ham bayroqdorlar hatto jarohatlanganida ham uni qo‘lidan qo‘ymay, mahkam tutgan holda jon berishgan.
Vatan bayrog‘i –orimiz, g‘ururimiz! Zaminimizda ellar va elatlar ko‘p. Ammo har kim ham muqaddas ona tuprog‘ida ardoqda yashash, o‘z Vatani bilan faxrlanish, g‘ururlanish baxtiga ega emas. Ayniqsa, o‘zgalardan panoh istab, yot o‘lkalar ostonasiga bosh urib turgan usti yupun, och-nahor odamlarni ko‘rib, vujudingni titroq tutib, qalbingda og‘riq turadi… Shukrki, bizning o‘z tilimiz, bayrog‘imiz, gerb va madhiyasiga ega mustaqil Vatanimiz, Yangilanayotgan O‘zbekistondek hur diyorimiz bor. Vatan bizning baxtimiz, uning timsollari g‘ururimizdir. Xususan, O‘zbekiston xalqining dunyoda borligi, o‘ziga o‘zi bekligi, jahon aro o‘rniga egaligini yaqqol ko‘rsatib turadigan bayrog‘imizning Vatan peshtoqida, dunyodagi eng nufuzli anjumanlarda hilpirab turishi naqadar faxrli! To‘g‘ri, boshqa mamlakatlarning ham o‘z bayrog‘i bor. Lekin bizniki o‘zgacha tuyuladi: uning har bir rangi, chizig‘i, hoshiyasida olam-olam ma’no bor.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining huquqiy asosi O‘zbekiston Respublikasining “Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi qonundir. Davlat bayrog‘i–mamlakat davlat suverenitetining ramzi hisoblanib, o‘zida tarixiy, milliy-madaniy an’analarimiz, ma’naviyatimizni mujassamlashtirgan. Bayrog‘imiz davlat idora va muassasalari, o‘quv yurtlari, xalqaro tashkilotlar, elchixona va doimiy vakolatxonalarimiz peshtoqida hamisha hilpirab turishi bizga g‘urur bag‘ishlaydi. Xalqaro anjumanlarda, sport musobaqalarida, jahon arenalarida baland ko‘tarilganda entikmagan yurak bormi? Bunday olijanob tuyg‘u, menimcha, har qanday yuksak ma’naviyat, madaniyatli insonga xos fazilatdir! Ayniqsa, g‘oliblarimiz sharafiga yangragan bosh qo‘shig‘imiz–O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi jarangidan qaddingizu-qadringiz osmon qadar yuksalmaydimi?! Ana sizga davlatimiz ramzlarining muqaddasligi! Yanada muhimi, Davlat bayrog‘ini asrab-avaylash, Vatanni sevish, jonajon xalqimiz uchun jonni fido qilishga tayyor bo‘lish – har birimizning eng oliy burchimizdir.
Oykaram BOYMIRZAYEVA,
JDPU o‘qituvchisi.