BUGUNNING YOSHLARI JUR’ATLI

Sardorbek Egamnazarov 1991 yilda tug‘ilgan, Yangiobod tumanidagi Yangiobod shahar fuqarolar yig‘inida istiqomat qiladi. Davlatimiz rahbarining 2021 yil 21 apreldagi “Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari faoliyatini tashkil etish hamda yoshlarning tadbirkorlikka oid tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori qabul qilingach, uning va ukasi Nurbekning hayotiga ham islohotlar epkini kirib keldi.

Yurtimizda, qolaversa, vohamizda ham mazkur qaror asosida yoshlarning tadbirkorlikka oid tashabbuslari, loyihalari va amaliy tadqiqotlari natijalarini ro‘yobga chiqarilishiga ko‘maklashish, yosh tadbirkorlik subyektlarining sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalaridagi loyihalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarga alohida e’tibor qaratildi. 2021 yilning dekabr oyida Sardorbek Qishloq qurilish bankining tuman filialidan 55 ming AQSH dollari miqdorida imtiyozli kredit olib, “Imronbek tekstil” korxonasiga asos soldi. Albatta, bu oson bo‘lmadi, kredit olish uchun bir yil yugurdi, xorij texnikasini keltirish, tadbirkorlikni boshlab olishda anchagina ter to‘kdi. U otasi G‘ofurnazar aka bilan maslahatlashib, har ishning oxiriga yetishga muvaffaq bo‘ldi.
Otasi G‘ofurnazar Raimnazarov 1964 yil noyabrda tug‘ilgan, ma’lumoti oliy, Toshkent davlat iqtisodiyot institutini bitirgan. Uch nafar farzandi bor, ikki o‘g‘il bir qiz. Turmush o‘rtog‘i o‘qituvchi bo‘lib ishlagan, hozirda o‘zi bilan korxona ishlariga yordamlashadi. G‘ofurnazar aka ko‘plab davlat tashkilotlarida faoliyat yuritdi, fermerlik bilan shug‘ullandi. Ayni paytda o‘g‘illari tashkil etgan to‘qimachilik korxonasida ish boshqaruvchi bo‘lib ishlaydi.
—O‘g‘illarim faxrim, — deydi u. —Bugungi yoshlarimiz anchayin jur’atli. Sardorbek shu soha bo‘yicha Toshkent shahrida tahsil oldi, u yerda Germaniya, Turkiyadan kelgan mutaxassislardan ta’lim oldi. So‘ng malakasini oshirish maqsadida Jizzax viloyatidagi “Odina tekstil” korxonasida ish o‘rgandi. Texnikalarimiz chetdan keltirilgan, lekin bu dastgohlarimiz bilan ishlaydigan alohida mutaxassis jalb qilmaymiz. O‘g‘illarimning o‘zlari bu yetxnikalar tilini yaxshi tushunadi, o‘zlari boshqaradi. Mabodo, buzilgudek bo‘lsa chetdan, Xitoydan mutaxassislarni keltirib ta’mirlashga hojat yo‘q. Korxonamizda erkaklar va ayollar uchun turk texnologiyalari asosida jemperlar ishlab chiqariladi. Olgan kreditimizning 100 foizini Xitoyga chiqarib, texnik bazamizni u yerdan import qildik. To‘rtta kompyuterlashtirilgan dizayn va to‘qish, bitta ip yigiruv dastgohi keltirdik, 10 ta tikuv mashinalari va texnikalarni o‘z mablag‘imiz hisobidan keltirdik. Turkiyadan ikkita to‘qish dastgohi keltirdik.
—Hozirda 10 ta ish o‘rni yaratganmiz, — deydi yosh tadbirkor Sardorbek Egamnazarov. — Xodimlarimiz asosan kam ta’minlangan oilalardagi xotin-qizlar, yoshlardan iborat. Mahsulotlarimizning iplari Turkiyadan keltiriladi. Hozircha mablag‘imiz yo‘qligi bois, xom ashyoni qarzga olib kelayapmiz. Hamma mablag‘imizni asbob-uskunaga tikkanmiz, qolaversa, qurilish va obodonlashtirish ishlariga sarflayapmiz. Korxonada har kuni 100 dona mahsulot ishlab chiqariladi. Bu mahsulotlar ichki bozorlarimizda xaridorgir bo‘lib, xaridorlarimizning o‘zlari bizga buyurtma berishadi, shu asosda ularga turli mahsulotlarni tayyorlab beramiz. Dastgohlarimizning hammasi kompyuterlashtirilgan, buyurtma berilgan mahsulotlarning chizmalari ularda tayyorlanadi. Kelgusida kompyuter dizayni bilan shug‘ullanuvchi dastgohimizdan yana 4 ta keltirib, jami sonini 8 taga yetkazmoqchimiz. Ana shunda ishlab chiqarayotgan mahsulotlarimizning shakli, turlari va qiyofasi yanada oshadi, ko‘rkamlashadi. Ayni paytda Toshkent shahridan 7 mingta buyurtma olganmiz, hozirda shu bilan mashg‘ulmiz.
—Bu to‘qimachilik sexida ishlayotganimga bir yildan oshdi, —deydi tikuvchi O‘g‘iloy Xolboyeva. —Ishim o‘zimga juda yoqadi, xalqimiz uchun jemper, tunikalar ishlab chiqaramiz. Ish jarayonida tikish-bichishning o‘zimiz bilmagan ko‘p jihatlarini o‘rgandik. Bir necha xil tikuv mashinalarida tikishni o‘rgandim. Mahsulotning yoqa, yenglarini o‘rnatishni bilmasdim, endilikda yaxshi o‘rganib oldim. Xodimlarimiz bilan ahil-inoqmiz. Bizni ish bilan ta’minlab, ro‘zg‘orimiz uchun daromad topishimizga sababchi bo‘layotgan hukumatimizga, qolaversa, korxonamiz rahbarlariga katta rahmat. Bundan shu yerda ishlayotgan hamma xotin-qizlar xursandmiz. Ishlarimiz yaxshi borayapti, bugunga kelib fabrikamizda sharoitlarimizni yanada yaxshilash ishlari ketayapti.
—Ish boshlamoqchi bo‘lganimizda bir muddat joy topolmay qiynalganmiz, — deydi G‘ofurnazar aka. — Bu bino ishlamayotgan, vayrona holatda edi, bu yerga kirmasdan oldin o‘zimiz ta’mirladik. Hozirda shu binoni xarid qilayapmiz. Ko‘rib turganingizdek, ofisimiz yo‘q, ofis qurayapmiz, issiqlik ta’minotini o‘tkazayapmiz, xodimlarimiz uchun kiyinish xonasi, oshxona qurish ishlari borayapti. Kelgusida yangi dastgohlar xarid qilib, yangi tikuv mahsulotlari turini ko‘paytirish hamda yangi ish o‘rinlarini yaratish, ishsiz hamshaharlarimizni ish bilan ta’minlash niyatimiz bor. Boshlanishiga yana 10 ta ish o‘rni yaratishni maqsad qilganmiz.
G‘ofurnazar aka kelgusida o‘g‘illari bilan ishlab chiqarish hajmini, mahsulotlar turlarini ko‘paytirish, rang-barang mahsulotlar tayyorlab, elimizga tortiq qilish ustida tinmay mehnat qilayotir. Yurtimizda yosh tadbirkorlarga berilayotgan imkoniyatlar tufayli farzandlarining hayotda o‘z o‘rnini, o‘z kasbini topganligidan minnatdor. Aslida hayot quvonchi ham farzandlar kamoli, ularning yuksalayotganini ko‘rishda emasmi?..

Xolnisa RAHMONQULOVA.
(“Jizzax haqiqati”)

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan