O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 4 apreldagi “Avtomobil yo‘llarida inson xavfsizligini ishonchli ta’minlash va o‘lim holatlarini keskin kamaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qaroriga muvofiq barcha viloyatlar singari Jizzax viloyati IIB jamoat xavfsizligi xizmati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi huzurida ham maxsus ekspluatatsiya-montaj bo‘linmasi qayta tashkil etilib, ushbu bo‘linmaning moddiy-texnik bazasi yanada mustahkamlandi. Bugungi kunda ushbu bo‘linma tomonidan amalga oshirilayotgan ijobiy ishlar ko‘zga yaqqol tashlanmoqda.
Endilikda ushbu bo‘linma alohida zamonaviy ma’muriy binoga ega bo‘lishi bilan birga 5 milliard 985 million so‘mlik zamonaviy maxsus texnikalar bilan ta’minlandi. Ushbu maxsus ekspluatatsiya-montaj bo‘linmasi Jizzax shahri va barcha tuman markazlariga hamda 111 ta svetofor bilan tartibga solingan obyektlarga xizmat ko‘rsatadi.
Ushbu bo‘linma qayta tashkil etilgandan buyon shu kunga qadar viloyat miqyosida 35 ta svetofor obyektlari qurilib foydalanishga topshirilgan bo‘lsa, 7 ta svetofor obyektlarida qayta rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi. Shu bilan birga viloyatimiz hududidagi avtomobil yo‘llariga 800 dan ziyod yangi yo‘l belgilari o‘rnatilib, 700 dan ziyod yaroqsiz holga kelib qolgan eski turdagi yo‘l belgilari yuqori intensivli nur qaytaruvchi zamonaviy yo‘l belgilariga almashtirildi.
Joriy yilning shu kuniga qadar viloyatimizning shahar va tumanlari hududidagi avtomobil yo‘llariga 40 ming kvadrat metr yotiq yo‘l chiziqlari chizilgan, 160 dan ortiq piyodalar o‘tish joylarining yotiq yo‘l chiziqlari yangilandi.
Albatta ushbu maxsus ekspluatatsiya-montaj bo‘linmasi tomonidan harakat xavfsizligini to‘g‘ri tashkil etish maqsadida amalga oshirilayotgan ijobiy ishlar kelgusida sodir etilishi mumkin bo‘lgan yo‘l-transport hodisalarining oldini olishga xizmat qiladi.
Erkin OCHILOV,
viloyat IIB JXX
YHXB katta inspektori, mayor.