Har bir shifokorning ishiga eng yaxshi bahoni bemorlarning o‘zlari beradi qo‘yadi. Shu bois bemorlar palatasi eshigini taqillatdik.
—Assalomu alaykum, dardingizga shifo bersin, hammalaring oilalaringizni bag‘riga tuzalib boringlar, — dedik ularga shifo istab.
—Vaalaykum assalom, keling bolam, Allohga shukur, tuzalib qoldik, baxtimizga shu do‘xtirlar bor ekan, dardimizga malham bo‘lishayapti.
—Bemorning dardiga darmon bo‘layotgan shifokorlar haqida ikki og‘iz fikr bildirsangiz, degandik…
—Reanimatsiyada yotib chiqqan Ortig‘oy opa gapirsin, — dedi ayollardan biri.
Sharof Rashidov tumanidagi Xavastlik mahallasida yashovchi, 77 yoshli Ortig‘oy Oripova shunday dedi:
— Har bir bemorning ko‘nglini ko‘tarish, hayotga muhabbatini va oshirishning ham mashaqqati bor ekan, bolam. Yainda yiqilib reanimatsiya bo‘limiga tushib qoldim. Uch-to‘rt kunda o‘zimga keldim. Vrachlar, hamshiralar yaxshi qarashdi. Mana, bir haftadirki, nevrologiya bo‘limida davolanayapman. Bo‘lim boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Ra’no Yo‘ldosheva, vrachlar Botir Xasanov, Nigora Xodjayeva, Vohid Komilov, Bahora Toirova, Javlon Sobirovlardan benihoya minnatdorman. Ayniqsa, meni davolovchi vrachim Botirjon alohida e’tibor bilan, sabot va matonat bilan dardimga davo izlayapti. “Siz hali bu kasallikni ko‘rmagandek bo‘lib ketasiz” deb menga dalda bo‘ldi, meni hayotga qaytardi. Kechalari uxlamay holimdan xabar olib turdi, baraka topgur! Shunday fidoiy farzandni tarbiyalagan ota-onasiga, ustozlariga, qolaversa, uning rahbarlariga katta rahmat, dunyo turguncha tursin!
Ko‘plab bemorlar Botirjon Xasanov haqida iliq fikrlar bildirishdi. El olqishiga sazovor bo‘layotgan shifokor faoliyati bilan yaqinroq tanishishga harakat qildik.
Botir Xasanov 2011-2013 yillarda respublika neyroxirurgiya ilmiy markazida neyroxirurgiya mutaxassisligi bo‘yicha klinik ordinaturani tamomlagan malakali mutaxassis. 2014 yilda respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Jizzax filiali neyroxirurgiya bo‘limi navbatchi vrachi vazifasida to‘rt yil faoliyat ko‘rsatdi. 2018 yildan buyon nevrologiya bo‘limida vrachlik qilmoqda. Ota-onasi Ergash Xasanov bilan Zamira Saidova unda vrachlik kasbiga havas uyg‘otishgan. Ergash aka uzoq yillar viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida bo‘lim boshlig‘i vazifasida ishlagan. Zamira opa esa bolalar pediatri sifatida faoliyat ko‘rsatgan. Ular Botirjonda shifokorlikka layoqat borligini o‘z vaqtida payqab, uni shu sohaga yo‘naltirishgan.
—Botirjonni yosh bo‘lishiga qaramay nevrologiya sohasining yetuk mutaxassisi, deyish mumkin, —deydi respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Jizzax filiali direktori Farhod Norqo‘ziyev. — Doim o‘z ustida ishlaydi, izlanadi. Shifoxonamizda “Ustoz-shogird” an’anasi yo‘lga qo‘yilgan. Tajribali vrachlarimiz yoshlarga ustoz sifatida biriktirilgan. Botirjonning ustozi nevrologiya bo‘limi boshlig‘i, “Salomatlik” ordeni sohibi Zamira Xolmurodova. Ustoz va shogird baqamti mehnat qilib, bemorlarni davolashda qo‘llashga harakat qilishmoqda. Eng muhimi, ularning mehnatidan bemorlar minnatdor. Shifokorning mehnati ana shu mezon bilan o‘lchanadi. Bemor shifo topsa, ana shu bizning katta yutug‘imiz. Botirjon filial kasaba uyushmasi raisi sifatida ham ko‘plab xayrli ishlarga bosh-qosh bo‘lmoqda. Ichki turizmni rivojlantirishga ham hissa qo‘shmoqda. Xodimlarimizni Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlariga sayohatini uyushtirdi. Uni tibbiyot xodimlarining jonkuyari desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Shu yilning 9 oyi davomida nevrologiya bo‘limida mingdan ziyod odamlar davolanib chiqdi. Bunda albatta Botirjonning ham hissasi bor. Bo‘lim boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Ra’no Yo‘ldoshevaning ta’kidlashicha, iqtidorli vrach sanitar aviatsiya shaklida ko‘rsatiladigan shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish ishlarida ham faol ekan. Yosh shifokor viloyatimizning eng olis hududlariga ham borib, bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatib keladi.
—Mamlakatimizda tibbiyot sohasiga e’tibor kuchaymoqda, — deydi B.Xasanov. — Muhtaram Prezidentimiz rahnamoligida keng ko‘lamli islohotlar o‘z samarasini bermoqda. Sohamizda har kuni bir yangilik hayotga tatbiq etilayotgani buning yorqin misolidir. Shifokor doim izlanishda bo‘lishi shart. Bugungi kunda yangi texnologiyalar, davolashning yangi-yangi usullari ko‘paymoqda. Bularni hayotimizga joriy qilishimiz shart. Ilgari bemorlar o‘n kunda davolanib chiqqan bo‘lsa, hozir besh kunda shifo topayapti. Gap vaqtda emas, zamonaviy texnologiyalar asosida kasalni o‘z vaqtida davolanishi natijasi deb tushunish kerak buni. Men olti oy Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida ham o‘qib, ham ishlab keldim. Butun jahon tibbiyotida qo‘llanilayotgan davolash usullarini o‘zimizda ham qo‘llasak bo‘ladi. Dunyodagi yetakchi klinikalar tajribasini o‘rganishni yo‘lga qo‘ysak, tibbiyotimiz yanada rivojlanadi, deb o‘ylayman.
Shifokorning birinchi malhami – shirin so‘zi, insoniy mehri, degan gap bejiz aytilmagan. Ozroq mehr bersangiz, ko‘ngli yorishadi. Kasalning ko‘ngliga yo‘l topish davolash uchun tashlangan ilk qadamdir.
Men uchun bemorlar darddan forig‘ bo‘lib, minnatdorchilik bildirsa, shuning o‘zi katta baxt. Shunday kezlarda sharafli va mashaqqatli kasb egasi ekanligimdan qalbim quvonchga to‘ladi.
Qani endi hamma shifokorlar ham Botirjondek mehribon, g‘amxo‘r bo‘lsa… El-yurt salomatligini asrash yo‘lida bor bilim va tajribasi, iste’dod va mahoratini safarbar etib kelayotgan aziz shifokorlar el olqishin olavering.
Vasil ILYOSOV.