XOTIN-QIZLAR TASHABBUSLARI RAG’BATLANTIRILADI

O‘zbekiston Respublikasida xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning iqtisodiy faolligini oshirish, tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, kasb-hunarga o‘qitish va bandligini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilanib, bu borada keng ko‘lamli huquqiy va tashkiliy mexanizmlar joriy etilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 7 martdagi “Xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori xotin-qizlarni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish va ularning loyihalarini moliyalashtirishni kengaytirishga qaratilgan. Ushbu qaror doirasida xotin-qizlarning loyihalarini moliyalashtirish uchun qo‘shimcha moliyaviy resurslar yo‘naltirilishi, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish va tadbirkor ayollar loyihalarini kreditlash mexanizmlari belgilangan.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 14 martdagi “Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan xotin-qizlar bandligini ta’minlash, ularni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish bo‘yicha aniq maqsadli ko‘rsatkichlar belgilangan. Mazkur qarorda xotin-qizlarni tadbirkorlikka jalb qilish, ularga ko‘maklashish hamda “ustoz” tadbirkorlar orqali yangi tadbirkorlik loyihalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilgan. Yuqoridagi vazifalarning mantiqiy davomi sifatida Zominda tuman oila va xotin-qizlar bo‘limi tashabbusi bilan “Eng yaxshi ijtimoiy loyihalar” respublika ko‘rik-tanlovining tuman bosqichi tashkil etildi.

Amaldagi tartibga ko‘ra, “Eng yaxshi ijtimoiy loyihalar” tanlovida g‘olib deb topilgan loyihalarni moliyalashtirish uchun ijtimoiy yordam ajratilishi mumkin. Tanlovni tashkil etish va g‘olib loyihalarni aniqlashda ularning, avvalo, ijtimoiy reestrga kiritilgan oilalardagi xotin-qizlarning bandligini ta’minlash va ijtimoiy faolligini oshirishga qaratilganligi muhim mezonlardan biri hisoblanadi. SHu asosda Zomin tumanidagi mahallalardan 121 nafar tadbirkor mazkur tanlovda faol ishtirok etdi. Tanlov yakunlariga ko‘ra, 39 nafar tadbirkor g‘olib deb topilib, ularga Oila va xotin-qizlar vazirligining tegishli vaucherlari topshirildi.

Ushbu natija tumanda xotin-qizlarning tadbirkorlik tashabbuslari kengayib borayotganini, mahallalarda ijtimoiy loyihalarni amalga oshirishga bo‘lgan qiziqish yuqoriligini hamda xotin-qizlarning iqtisodiy faolligini oshirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar o‘z samarasini berayotganini ko‘rsatadi.      

Tanlovda g‘olib bo‘lgan tadbirkorlarni keyingi bosqichda qo‘llab-quvvatlash maqsadida amaliy choralar ko‘rilib, bugungi kunga qadar 26 nafar tadbirkorga 24 million so‘mdan subsidiya ajratildi. Natijada tadbirkor ayollarning mavjud faoliyatini kengaytirish, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish imkoniyatlarini oshirish, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish hamda yangi xotin-qizlarni mehnat faoliyatiga jalb qilish uchun zarur shart-sharoitlar yaratildi. Bu kabi amaliy yordamlar davlat tomonidan xotin-qizlarning iqtisodiy mustaqilligini oshirish va tadbirkorlik tashabbuslarini rag‘batlantirishga qaratilgan siyosatning joylardagi amaliy ifodasidir.

Shundan kelib chiqib, tuman oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘ining amaliy ko‘magi bilan tadbirkor ayollarga 75 nafardan ortiq ijtimoiy reestrga kiritilgan, ishlash istagidagi xotin-qizlar shogird sifatida biriktirildi. Mazkur amaliyot orqali xotin-qizlarga nafaqat ish bilan ta’minlanish, balki muayyan kasb yoki hunarni bevosita tajribali tadbirkorlardan o‘rganish imkoniyati yaratildi. Bu esa kelgusida ularning mustaqil mehnat faoliyatini yo‘lga qo‘yishi yoki tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi uchun zarur ko‘nikmalarni shakllantirishga xizmat qiladi.  

Zoir ERGASHEV.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *