Bugungi kunda qarzdor bo‘lgan fuqarolar mol-mulklarini iloji boricha yashirishga urinayaptilar. Ammo ushbu mol-mulklarga qidiruv e’lon qilinib, topilishi haqida o‘ylamayaptilar.
Majburiy ijro byurosi Jizzax viloyati boshqarmasi hududiy bo‘limlar tomonidan o‘tgan 2023 yil davomida sud va boshqa organlar ijro hujjatlariga asosan qarzdorliklarni to‘lamasdan, qarzdorlik qaratilgan yoki garov mulklarini yashirgan shaxslarning 35 milliard 362 million so‘mlik 385 ta mol-mulklariga, jumladan avtotransport vositalariga qidiruv e’lon qilingan.
Mazkur qidiruvdagi mol-mulk va avtotransport vositalaridan 266 tasi Byuroning Jizzax viloyati boshqarmasi qidiruv shu’basi xodimlari hamda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbirlar davomida topilgan. Ushbu mulklar jarima maydonchalariga qo‘yilgan hamda mavjud qarzdorliklari qoplanmagan mulklar elektron onlayn auksion savdolarida sotilib, tushgan pullardan qarzdorliklar qoplangan.
Jumladan, yaqinda Byuroning G‘allaorol tuman bo‘limi tomonidan fuqaro G.Ya. sud hujjatlari bo‘yicha «Qishloq qurilish bank» foydasiga 390 million so‘m kredit qarzi, 16 million so‘m davlat bojini to‘lashdan bo‘yin tovlab, o‘ziga tegishli bo‘lgan «LADA XRAY» avtomashinasini xatlashdan yashirganligi sababli qidiruv e’lon qilingandi. Qidiruv shubasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida avtotransport Sharof Rashidov tumanidan topilib, jarima maydonchasiga joylashtirildi.
Ruslan YAXSHIBOYEV,
Majburiy ijro byurosi Jizzax viloyati boshqarmasining
Qidiruv shu’basi katta inspektori.