BЕMORDAN XABAR OLISH ODOBI

Mehr-oqibatli xalqimizning yaxshi odatlaridan biri betob yaqinlaridan xabar olishdir. Qarindosh, qo‘shni yoki biror qadrdonimizning og‘rib qolganini eshitsak, darhol yoniga oshiqamiz. Ko‘rishib, totli taomlar ulashishni, shirin so‘zlar aytishni, qo‘limizdan kelgancha yordam berishni istaymiz. Niyatimiz yaxshilik qilish bo‘ladi-yu, ammo ba’zida ozgina e’tiborsizlik tufayli toliqqan ko‘ngilni yana bezovtalab qo‘yamiz. Shunday ekan, bemordan xabar olish odobiga rioya etib, o‘zimiz va yaqinlarimizni noqulay holatlarga solishlikdan asramog‘imiz zarur.

Bemor uy sharoitida davolanayotganda, uni ko‘rgani borganlar mehmondorchilikka kelgandek, uzoq o‘tirib qolishi ma’iul emas. Xonadon egalarini urintirmaslik, ko‘p gapirmaslik, ayniqsa, turli kasalliklar va ahvoli og‘ir yotgan tanishlar haqida so‘zlamaslik joiz. Shifoxonda davolanayotgan yaqiningizdan ahvol so‘ramoqchi bo‘lganda ham vaqt madaniyatiga amal qiling. Bunda xamshiralarni ishidan chalg‘itmaslikka, davolanuvchining o‘z vaqtida dam olishiga hamda muolajalariga halal qilmaslikka e’tiborli bo‘ling. Aynan shuning uchun ham salomatlik markazlarida qabul soatlari belgilangan. Shunga qaramay, ko‘pchilik tartibga rioya etmaydi. Falonchi kasalxonaga tushib qolibdi, deya faqat o‘zlariga mos-ma’qul vaqtda, hatto tun mahal bo‘lsa ham, bezovta qilishga botinaveradi.

Bu borada yuqumli kasalliklar shifoxonasiga alohida to‘xtalish o‘rinli. Bunday joyda havo tomchi yo‘li orqali yuqadigan kasalliklarga chalinganlar davolanishi bois nihoyatda ehtiyot bo‘lish shartligi hammaga ma’lum. Lekin bilib turib ham amal qilinmasligining guvohi bo‘lamiz. Ba’zan yosh bolasini yetaklagan yoki homilador ayollar bemordan xabar olgani kelishadi. Nohotki andishasini o‘zi va tug‘ilajak farzandining salomatligidan ustun qo‘yadi?

Tug‘ruqxonalarda tartib birmuncha kuchaytirilgani bois ona va bolani ko‘rgani kelganlarni ichkariga kiritish mumkin emas. Biroq “men bolaning otasiman!” yoki “nabiramni ko‘rmay ketamanmi?”, deb xarxasha qiladiganlar bor. Axir, go‘dak terisi yupqa va juda nozik bo‘ladi. Tashqaridan tushgan infeksiya bola salomatligiga darrov ta’sir qiladi. Shu boisdan ona va bolani qat’iy gigiyena talablariga mos ravishda parvarish qilish lozim.

Bemor uchun olib kelinadigan taomlar-chi!? Somsa, kaboblar, sok va shirinliklar… Ayrim kishilar kasalxona ovqatini yoqtirmasligini ochiq aytishadi. Biroq har qanday bemorga parhez taom foydalidir. Shifoxona oshxonasida tibbiy va tabiiy mezonlar hisobga olinib taom tayyorlanadi. Zero, to‘g‘ri ovqatlanish salomatlikni tiklashda muhim ahamiyatga ega.

Azizlar, dard chekmagan tana bo‘lmaganidek, har birimiz yuqoridagi tartibsizlikka yo‘l qo‘ygan, qachonlardir bundan aziyat ham chekkan bo‘lishimiz mumkin. Bunday madaniyatsizlikdan voz kechish esa o‘z qo‘limizda. Shunday ekan, yaxshilik ilinish uchun qilayotgan harakatlarimizni qalbimizdagi asl niyatimizga monand, odobu-ibrati bilan amalga oshiraylik.

Xolida ABDURAUPOVA,
RSHTYOIM Jizzax filiali ginekologiya
bo‘limining oliy toifali hamshirasi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan