Ma’lumki, Xalqaro bag‘rikenglik kuni munosabati bilan viloyatimizning barcha hududlarida “Bag‘rikenglik haftaligi” o‘tkazilmoqda. Jumladan, Mirzacho‘l tumanida “O‘zbekiston bag‘rikeng diyor” mavzusida o‘zbek, rus, qozoq, tojik va qirg‘iz tillaridagi “Jahon adabiyoti durdonalari kutubxonasi” turkumidan o‘rin olgan eng sara asarlar ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Tuman Axborot-kutubxona markazi xodimlari tomonidan ko‘rilgan katta tayyorgarlik aholi va yoshlarda boy ma’naviy taassurot qoldirdi. O‘z ona tillaridagi sara asarlardan bahramand bo‘lish ishtiyoqi oshgan kutobxonlar guruhlarga bo‘linib, ijodiy bellashuvlar uyushtirishdi.
— Maktabimizda tahsil oladigan 1 260 nafar o‘quvchi 10 dan ortiq millat vakillaridir, — deydi 1-umumta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi Pak Igor. — Men ham koreys millatiga mansubman. Ikki yildan buyon rus tili bo‘yicha fan olimpiadasida ishtirok etib, tuman va viloyat bosqichlarida 1-o‘ringa munosib ko‘rildim. Yana bir iste’dodli, tojik do‘stimiz Umid Kunato. 2022-yilida u opera yo‘nalishida “Yoshlar ovozi” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi g‘olibi bo‘lgan. Joriy yilda Qo‘qondagi Respublika bosqichida 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Aytmoqchimanki, barcha urzu-istaklarimizga erishish uchun birdek haq-huquqqa, teng imkoniyatlarga ega bag‘rikeng yurt farzandlarimiz. Do‘st, og‘a-ini bo‘lib porloq kelajak, ezgu maqsadlar uchun birgalikda harakat qilmoqlikdan baxtiyormiz.
Haftalik doirasida tashkil etilgan adabiy-ma’rifiy ko‘rgazmada faollik ko‘rsatgan ishtirokchilar munosib rag‘batlantirildi.
Gulchehra XIDIROVA.