Laylo Ilhomova yurtimizdagi ko‘plab ayollarning ro‘zg‘or tebratishiga, ularning jamiyatda o‘z o‘rnini topa olishlariga ko‘maklashayotgan kam sonli kuyunchak ayollardan biri. U olis hududlarda uyda o‘tirgan ishsiz ayollarga hunar o‘rgatib, shu orqali ularning mablag‘ topishlari, ro‘zg‘orini tiklab olishlariga yordam berish maqsadida kasanachilik ishlarini tashkil etib kelayotir.
Laylo 1990 yilda Forish tumanidagi Oybek mahallasida hunarmandlar oilasida tug‘ildi. Insonning qo‘li gul ekani, o‘z halol mehnati bilan el orasida hurmat qozonish, oilada ro‘zg‘orni eplab ketish mumkinligini o‘z ko‘zi bilan ko‘rib ulg‘aydi. Otasi Ilhom aka uy jihozlari ustasi, onasi Ziraxol opachevar edi. Qiz beshinchi farzand bo‘lib, ularning yetovida hunarga mehr qo‘yib katta bo‘ldi. Bugun O‘zbekiston mahallasiga kelin bo‘lib tushgan, turmush o‘rtog‘i A’zamjon bilan ikki nafar farzandni tarbiyalab kelmoqda. Sakkiz yildan buyon tadbirkorlik bilan shug‘ullanib keladi. U viloyat “Hunarmand” uyushmasining a’zosi bo‘lib, hozirda o‘z faoliyatini yanada takomillashtirib, milliy hunarmandchilikning 8 xil — tikuvchilik, to‘quvchilik, zardo‘zlik, zargarlik, kashtachilik, sun’iy gullar va suvenirlar yasash yo‘nalishlarida faoliyat ko‘rsatadi.
—“Hunarmand” uyushmasiga a’zo bo‘lganimdan buyon ko‘plab xalqaro, respublika va viloyat ko‘rgazmalarida ishtirok etib kelayapman, — deydi Laylo Ilhomova. — 2019-2023 yillarda Qo‘qon shahrida o‘tkazilgan 1- va 2- Hunarmandchilik festivallarida ishtirok etdim. 2023 yil Marg‘ilon shahrida o‘tkazilgan Atlas, 2022 yilda “Toshkent suvenirlari” festivallarida qatnashdim. Bu tadbirlar menda katta taassurot qoldirish bilan birga, tajriba va bilimimni yanada oshirdi. Turli hamkasblarimning ijodi bilan yaqindan tanishdim, ulardan yangi bilim hamda ko‘nikmalar egalladim.
Yosh hunarmand shu vaqtga qadar respublika, viloyat miqyosidagi ko‘plab tadbirlarda ishtirok etib kelmoqda. “Tashabbus” ko‘rik-tanlovining 2018, 2019, 2021-yillardagi tuman g‘olibi, viloyatda tashkil etilgan tanlovda “Eng namunali tadbirkor ayol” nomzodligiga loyiq deb topilgan. “Ishbilarmon ayol” tanlovining 2018, 2019, 2020, 2021, 2022, 2023-yillardagi tuman g‘olibi, viloyat bosqichida nufuzli 2-o‘rin sohibi bo‘lgan. U o‘z hunari bilan milliylik va zamonaviylikni uyg‘unlashtirgan holda namunalar yaratib, ko‘pchilikning e’tiboriga sazovor bo‘ldi. Joriy yilda “Ishbilarmon ayol” ko‘rik-tanlovining hududiy va respublika bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Laylo 2017 yildan boshlab o‘zi tug‘ilib o‘sgan Oybek mahallasidan hunar o‘rganish talabida bo‘lgan xotin-qizlar uchun hunar maktabi tashkil etib, bir yilda 200 dan ortiq shogirdlar chiqardi. U imkoniyati cheklangan, nogironligi bor xotin-qizlarga ham uylariga borib bo‘lsada, saboq berib keladi. Uning shogirdlaridan biri 2022 yilda “Besh tashabbus” ko‘rik-tanlovida tumanda birinchilikni, viloyatda uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Yana ikki nafari “Kamalak yulduzlari” ko‘rik-tanlovida 1-o‘rinni egalladi. Shogirdlaridan 10 dan ziyod ayollar bugungi kunda o‘z tadbirkorlik faoliyatini tashkil etgan, Laylo ish yuritishlarida ularga ko‘maklashib keladi. Yosh tadbirkor mahallasida istiqomat qiluvchi 15 nafar ayollarni tikuvchilik orqali ish bilan band qildi.
—Keyingi yillarda tadbirkorlarga qaratilayotgan e’tibor, imkoniyatlar cheksiz, —deydi Laylo Ilhomova. —Bundan foydalanmaslikning iloji yo‘q. Ayniqsa, yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar va imtiyozlar odamni yanada ishlashga, harakat qilishga undaydi. Bugungi kunda yoshlar o‘rtasida milliy hunarmandchilikka, kasanachilikka mehr qo‘yganlari talaygina. Ularga erinmasdan, ko‘ksidan itarmay kasb o‘rgatib kelmoqdamiz. Inson o‘z peshona terisi bilan topganida baraka bor, halollik bor. Uyda ishsiz o‘tirgan ayollar ham ro‘zg‘orining kam-ko‘sti uchun pul topsam, shu kamchiliklarni yopsam, deb orzu qiladi. Ularning ko‘pchiligi uchun mos hunar — bu tikuvchilik, milliy hunarmandchiligimiz bilan shug‘ullanishdir. Bu ham jozibali, ham quvonchli, siz yaratgan liboslar, zargarlik buyumlari, gilamlar milliyligimizni targ‘ib etishga, ham daromad topish, ham ro‘zg‘orni eplashga ko‘maklashadi. Shunday tinch va farovon elda yashashning o‘zi baxt, halol mehnatingizning rohatini ko‘rib yashash esa ikki karra baxtdir. Kelajak uchun rejalarim ulkan, tumandagi opa- singillarimizga hunar o‘rgatish orqali ularni ish bilan band qilish maqsadida yanada ko‘proq ishlashga, yangi g‘oyalar topishga bel bog‘laganmiz. Ana shu orzularimizning ro‘yobi uchun tinim bilmay harakatdamiz.
Xolnisa RAHMONQULOVA.
(“Jizzax haqiqati”)