O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi hamda viloyat hokimligining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar kotibiyati hamkorligida Jizzax davlat pedagogika universitetida “Ilm inson imroni” mavzusida targ‘ibot tadbiri tashkil etildi. Unda professor o‘qituvchilar va 300 nafardan oshiq talaba-yoshlar ishirok etishdi.
Dastlab, O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi bo‘lim boshlig‘i Sohibxon Zokirov ma’ruza qilib, tahlikali axborotlar keng va tez tarqalayotgan bugungi davrda ehtiyotkorlik muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi. Hayotda qaysi sohani tanlash, qanday maqsadlarni ko‘zlashdan qat’iy nazar el orasida hurmat, e’tibor qozongan ustozlarning maslahati, mulohazalari bilan ish yuritish lozimligini aytdi. Shuningdek, nufuzli mamlakatlarning taraqqiyot tarixi o‘rganilganda, deyarli yuz ellik yil muqaddam Yevropa xalqi Abu Ali ibn Sino, Abdurahmon Jomiy, Mirzo Ulug‘bek kabi ko‘plab ajdodlarimizning ilmiy-ma’naviy asarlaridan dars olganliklarini bildirdi.
Shundan so‘ng viloyat hokimligi kotibiyati mudiri Nurali Raimov yoshlarni hushyorlikka chaqirib, internetdan foydalanganda rasmiy va norasmiy manbalarni farqlash haqida tushuncha berdi. Yurtimizning tinchligi, kelajak avlod vakillari uchun yaratilayotgan imkoniyatlarga javoban, ilmda ilg‘or, vatanparvar, xalqparvar, barkamol inson bo‘lishga intilish asosiy vazifa bo‘lib qolishligi haqida so‘zladi.
Tadbir so‘nggida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.
Gulchehra XIDIROVA.
(“Jizzax haqiqati”)