Prezidentimizning “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmoni hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini 2023 yilda o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qaroriga ko‘ra mamlakatimizda aholi va yoshlarning sport bilan shug‘ullanishlarini samarali yo‘lga qo‘yish bo‘yicha zaruriy topshiriqlar belgilab berilgan.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida 2030 yilgacha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ko‘rsatkichlar belgilanib, unda Yoshlarga oid davlat siyosati va sport yo‘nalishlari borasida qilinadigan ishlar ko‘rsatib berildi. Strategiyaga ko‘ra, respublikada sport bilan professional va doimiy shug‘ullanuvchi yoshlar ulushini oshirish bo‘yicha sport-ta’lim muassasalarida muntazam shug‘ullanuvchi o‘g‘il-qizlar sonini 1 million nafarga yetkazish, 130 ming nafarga yaqin yoshlarni sport bilan muntazam shug‘ullanishiga imkoniyat yaratish ko‘zda tutilgan.
Bu borada viloyatimizda ham qator amaliy ishlar bajarilmoqda. Hozirgi kunda Jizzax viloyatida 20 ming nafarga yaqin yoshlar sport bilan muntazam ravishda shug‘ullanmoqda.
—Viloyatimizda joriy yilning 9 oyi mobaynida aholining 28,6 foiz qismi jismoniy tarbiya va ommaviy sportga jalb qilindi, — deydi Jizzax viloyati Yoshlar siyosati va sport boshqarmasining axborot xizmati mutaxassisi Mansurbek Haydarov. —Shundan 11,6 foizini xotin-qizlar tashkil etadi. Yil yakuniga qadar aholining 30 foizdan ortiq qismini qamrab olish rejalashtirilgan. Aholining sportga bo‘lgan qiziqishini oshirish maqsadida o‘tkaziladigan sport musobaqalarining ahamiyati yildan yilga oshib borayapti. Shu o‘rinda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan joriy qilingan “Besh tashabbus” ommaviy sport musobaqalarining umumta’lim, mahalla va oliy ta’lim tizimida ham tatbiq etilishi ana shu maqsadga xizmat qilmoqda.
Tadbirkorlar tomonidan aholi salomatligini mustahkamlash, qolaversa, sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq qilish maqsad qilinib, bunga Jizzax shahridagi mahallalarda ham katta e’tibor qaratilmoqda. Bugungi kunda Navro‘z mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘sh turgan joylardan unumli foydalanilayotir. Bu yerda aholi va sportchilar uchun keng ko‘lamli sport obyekti qurilishi boshlangan. Ushbu obyektda qiymati 8 mlrd. so‘m miqdordagi ikkita 25 ga 11 metrli basseyn loyihasi, qiymati 1,5 mlrd. so‘mlik veloyo‘laklar, 1,5 km.lik piyodalar yo‘lagi qurilishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, fitnes zali uchun 3,5 mlrd. so‘m ajratilgan, jami bo‘lib 13 mlrd. so‘mlik smeta xarajatlari ko‘zda tutilgan.
Xolnisa RAHMONQULOVA.