Joriy yilning 8-noyabr kuni Jizzax garnizoni ma’naviyat va ma’rifat markazida O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i to‘g‘risidagi Qonun qabul qilinganligining 32 yilligi hamda farzandlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ular o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish maqsadida tadbir uyushtirildi.
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi tashabbusi bilan Jizzax garnizonidagi harbiy qismlar, Milliy gvardiya hamkorligida o‘tkazilgan “Uch avlod uchrashuvi”da O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi raisi, Jizzax garnizoni vakillari, sportchilar, Mudofaa ishlari huzuridagi chaqiriluvchilarni harbiy texnik mutaxassisliklari bo‘yicha tayyorlash markazi kursantlari, IIV Jizzax akademik litseyi o‘quvchilari hamda hozirda keksalik gashtini surayotgan faxriylar, harbiy xizmatchilar va yoshlar ishtirok etishdi.
Bunday tadbirlarni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad, yoshlar bilan xalq va armiya yakdilligini yanada mustahkamlashdan iboratdir. Uchrashuv qizg‘in savol-javoblarga boy tarzda o‘tkazilib, unda faol ishtirok etganlarga tashkilotchilarning esdalik sovg‘alari topshirildi. Tadbir davomida Jizzax garnizoni harbiy orkestr yakkaxonlarining ona Vatanni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlari ishtirokchilarga o‘zgacha zavq bag‘ishladi. Tadbirda 400 nafar yoshlar va harbiy xizmatchilar qatnashdi.
Xolnisa RAHMONQULOVA