1995 yil 16 noyabrda Parijda YUNЕSKO Bosh konferensiyasining 28-sessiyasida e’lon qilingan “Bag‘rikenglik tamoyillari deklaratsiyasi”dan so‘ng ushbu sana butun dunyoda “Xalqaro bag‘rikenglik kuni” sifatida keng nishonlanadi. Shu nuqtai nazardan yurtimizning barcha hududlarida “Bag‘rikenglik haftaligi” o‘tkazilmoqda.

Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasidagi “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” Davlat dasturining 74-maqsadi “Jamiyatda millatlararo totuvlik va dinlararo bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash” yo‘nalishi bo‘yicha viloyat hokimligining chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra aholi orasida insonparvarlik, oliyjanoblik, do‘stlik tuyg‘ularini targ‘ib etish, yoshlarni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash maqsadida shahar va tumanlarda noyabr oyi boshidan ma’naviy-madaniy tadbirlar amalga oshirilmoqda. Kutubxonalar, maktabgacha va maktab ta’limi, oliy ta’lim muassasalarida, sanat va madaniyat markazlarida “O‘zbekiston bag‘rikeng diyor” shiori ostida turli millatlarning kuy-qo‘shiqlari, raqs va she’rlari baralla aytilayotgani barchaga ma’lum. Shuningdek, haftalik davomida “Bag‘rikenglik mening nazdimda”, “Kitobxonlik bizni birlashtiradi”, “Do‘stlik jamiyatlari kecha va bugun”, “Bir zaminda yashovchi yagona xalqmiz” kabi mavzularda eng yaxshi insholar, maqolalar, rassomchilik tanlovlari, nazm va nasr badiiy kechalari, fotoko‘rgazmalar tashkil etilmoqda.
— “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida O‘rda ekologik bog‘iga “Do‘stlik bog‘i” uchun mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi — dedi qozoq milliy madaniy markazi rahbari Utep Seidamanov. — Ta’kidlash joizki viloyatimizda qozoq, qirg‘iz, tojik, rus, tatar va koreys kabi 6 ta milliy madaniy markazlar shahrimizdagi “Do‘stlik uyi”da faoliyat yuritishmoqda. Jizzax shunday go‘zal va oqibatli zaminki, unda 30 dan ortiq millat va elatlar qo‘ni-qo‘shni, qonu-qarindosh bo‘lib istiqomat qilishadi. Jumladan, Mirzacho‘l tumanida koreys, qozoqlar, Zomin, Baxmal, Arnasoy, Do‘stlikda qirg‘izlar, Forish, Paxtakor, Yangiobod manzillarida tojiklar, G‘allaorol, Sharof Rashidov tumanlari va Jizzax shahrida turk, rus va tatar kabi millat vakillarini ko‘proq uchratish mumkin.
— Har bir xalqning o‘z tarixi, e’tiqodi, asrlar davomida sayqallanib, avaylanib kelingan qadriyatlari, urf-odatlari mavjud, — dedi viloyat bosh imom-xatibi Mehmonxon Jabborov. — Har qanday sharoitda insonning azizligini saqlash, hurmatga munosib ko‘rish tamoyili asosida hozirda vohamizda 8 ta noislomiy diniy tashkilot hamda 171 ta islomiy masjidlar faoliyat yuritmoqda. Qolaversa, e’tiqod erkinligi, fuqarolarning tengligi Konstitutsiyamizning bir nechta moddalarida mustahkamlab qo‘yilgan. Ming yillar mobaynida Markaziy Osiyo g‘oyat xilma-xil dinlar, madaniyatlar va turmush tarzlari tutashgan odamlar o‘zaro tinch-totuv yashagan hudud bo‘lib kelgan. Etnik sabr-toqat, bag‘rikenglik hayot bo‘ronlaridan omon qolish hamda rivojlanish uchun zarur tabiiy

me’yorlarga aylandi. Muqaddas kitobimiz Qur’oni Karimning 50 dan ortiq surasidagi yuzlab oyatlarida musulmonlar mo‘min-qobillik, tinchlikparvarlik va boshqa e’tiqod vakillariga nisbatan bag‘rikenglikka da’vat etilgan.
Darhaqiqat, bugungi kunda jahonning turli nuqtalaridagi ba’zi mamlakatlarda diniy, milliy va boshqa ijtimoiy-siysiy omillar negizida qurolli to‘qnashuvlar yuzaga kelganligi hech kimga sir emas. Oqibatda minglab odamlarning qurbon bo‘layotgani, og‘ir jarohatlar olayotgani, boshpana va vatanlarini tashlab ketayotganligi kabi ayanchli holatlardan xabardor bo‘lyapmiz. Osoyishta diyorimizda orzu-maqsadlariga erishib, baxtli yashayotgan qardosh yurtdoshlarimizning hamdo‘stlik munosabatlari tinchligimizni yanada boqiylashtirguvchi ne’matdir.
— Millatim koreys va O‘zbekistonning eng baxtli ayoliman, — dedi ustoz Pak Larina Mixaylovna. — Yoshim yetmishdan oshgan. Bundan 32 yil muqaddam mening tug‘ilgan kunim sanasi — 1-sentyabrda O‘zbekiston Respublikasining mustaqilligi e’lon qilingan edi. Shu-shu oilamizda bu kun ham ijtimoiy-siyosiy bayram, ham tug‘ilgan kun sifatida tantanali nishonlanib kelmoqda. 52 yildan buyon Zomin tumanidagi 60-umumta’lim maktabida o‘quvchilarga ingliz tilidan dars beraman .Mehnatlarim e’tirof etilib, O‘zbekisto
nda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi faxriy unvoni, “Mehnat faxriysi” 1-darajali ko‘krak nishoni, “Yosh avlodni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi faol ishtiroki uchun” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanganman. Jurnalist bilan suhbatdan foydalanib, “Jizzax haqiqati” gazetasi orqali kelib chiqishi, tili va dinidan qat’iy nazar bir osmon ostida mushtarak maqsadlar sari yo‘ldosh bo‘lib yashayotgan zamondoshlarni Halqaro bag‘rikenglik kuni bilan chin qalbimdan qutlayman.
Yuksaknazar insondek umr kechirish, malohatli so‘zlar ayta olish va ezgu amallarga qodirlik fazilatlari uyg‘unlashgan Vatanni munosib muhabbat, otashin yurak bilan birgalikda asrab-avaylaylik.
Gulchehra XIDIROVA