Davlatimiz rahbari 2023 yilning sentabr oyida mahallalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha respublika, viloyat va tuman (shahar) kengashlari tashkil etilishini e’lon qilar ekan, «Mahallalar — davlatimizning eng katta zamini. Mahallani joylarda muammolarni chinakam hal qiladigan institutga aylantirishimiz zarur», degandi
Prezidentimizning 2023 yil 21 dekabrdagi “Mahalla institutining jamiyatdagi rolini tubdan oshirish va uning aholi muammolarini hal etishda birinchi bo‘g‘in sifatida ishlashini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-204 Farmonida mamlakatimizda mahallalar uyushmasini tashkil etilishi belgilab berildi. O‘zbekiston mahallalari uyushmasi tashkil etilib, 17 yanvarda uning rahbarlar tarki tasdiqlandi. Endilikda uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari hamda tuman (shahar) bo‘limlarini tashkil etish ishlari amalga oshirilmoqda.
Viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Abduvali Mustanov boshqarib borgan yig‘ilishda Mahallalar uyushmasining raisi Qahramon Quronboyev so‘zga chiqib, uyushma oldiga qo‘yilgan vazifalarga alohida to‘xtaldi:
— Mahallalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi tizim birinchi galda mahallaning xalq bilan davlat o‘rtasidagi «ko‘prik» vazifasini amalga oshiruvchi mustaqil va xalqchil tuzilmaga aylanishiga ko‘maklashadi. Mahallani jamoatchilik boshqaruvi va nazoratining tayanch bo‘g‘iniga aylantirish, uning jamiyatdagi o‘rni va rolini kuchaytirish, mahalla boshqaruvida aholining faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha tadbirlarni amalga oshiradi. Har bir fuqaro o‘zi va oilasining kelajagi, moliyaviy ahvoli va farovonligini ta’minlashda mas’uliyatni sezishi, boqimandalikka o‘rganmaslik hissini yanada kuchaytirish bo‘yicha targ‘ibot va tashviqot ishlarini amalga oshiradi. Fuqarolarni o‘z uyi va ko‘chasini ozoda saqlashga, milliy qadriyat va urf-odatlarni hurmat qilishga chaqirish, ma’naviy va ma’rifiy ishlarda mahallaning o‘rnini kuchaytirish, aholi o‘rtasida o‘zaro hurmat va hamjihatlik muhitini mustahkamlash choralarini ko‘radi. «Mahalla yettiligi» tomonidan mahallaning ichki resurslarini aniqlash hamda ularni ijtimoiy xizmatlar va yordam ko‘rsatish uchun safarbar etishda ko‘maklashadi.
Shuningdek, mahallalardagi muammolarning o‘z vaqtida va samarali yechilishida davlat organlari va tashkilotlarining mahallalardagi vakillarining sa’y-harakatlarini birlashtirish, muvofiqlashtirish va yo‘naltiradi. Mahallaning moliyaviy imkoniyatlarini oshirish, kambag‘al oilalarga ajratilayotgan budjet mablag‘lari va boshqa mablag‘larning maqsadli va manzilli yo‘naltirilishini ta’minlash, mahallalarning moddiy-texnika ta’minotini yaxshilash, ularga ajratiladigan mablag‘larni markazlashgan tarzda taqsimlash, sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, mahalla mas’ullarining malakasini oshirish, ularda zamonaviy boshqaruv ko‘nikmalari shakllanishiga ko‘maklashish kabi dolzarb ishlar uyushmaning birinchi galdagi vazifasi hisoblanadi, -dedi Q. Quronboyev.
Yig‘ilishda Baxtiyor Soatov viloyat Mahallalari uyushmasi boshqarmasining rahbari etib tayinlangani e’lon qilindi. Davlatimiz rahbarining 204-sonli farmoniga ko‘ra boshqarma boshlig‘i lavozimi viloyat hokimining o‘rinbosari maqomiga tenglashtiriladi.
Yig‘ilishda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Jizzax viloyatidagi Xalq qabulxonasi mudiri Bayrambek Uzoqov rahbar ham, ishchi ham, nuroniy ham mahallada yashashini, shuning uchun Prezidentimiz uyushma oldiga qo‘ygan vazifalarni bajarishga barcha hissa qo‘shishi lozimligini ta’kidladi.
Asad MUSTAFOYEV.