O‘ZBOSHIMCHALIK TASHVISH KЕLTIRMASIN DЕSANGIZ…

Ma’lumki, qonunchilikda belgilangan tartibda qurilish maqsadlari uchun ajratilmagan yer uchastkalarida, shuningdek, imorat qurish uchun zarur ruxsatnoma olmasdan yoki arxitektura va qurilish normalari hamda qoidalarini jiddiy buzgan holda qurilgan uy-joy, boshqa bino, inshoot yoki o‘zga ko‘chmas mulk o‘zboshimchalik bilan qurilgan imorat hisoblanadi.

O‘zboshimchalik bilan imorat qurish natijasida huquqlari buzilgan shaxsning yoki tegishli davlat organining da’vosi bilan bunday imorat sudning qaroriga binoan imoratni qurgan shaxs tomonidan yoki uning hisobidan buzib tashlanishi lozim.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 21-fevraldagi “Yer uchastkalaridan foydalanishda davlat nazorati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 138-sonli Qaroriga asosan yer uchastkalaridan oqilona va maqsadli foydalanilishini ta’minlash, yerlarni muhofaza qilishning aniq chora-tadbirlari belgilandi.

Shu o‘rindap ta’kidlab o‘tish kerakki, Kadastr agentligi Jizzax viloyati boshqarmasi hamda tuman (shahar) bo‘limi inspektorlari tomonidan muntazam ravishda yer nazorati tadbirlari o‘tkazilib kelinmoqda. Taassufki, bebaho hisoblangan yerni talon-taroj qilish, o‘zboshimchalik bilan egallash kabi holatlar o‘tkazilayotgan tadbirlar davomida uchrab turibdi.

Inspektorlarimiz tomonidan yer nazorati tizimida, joriy yil 1 fevral holatiga olib borilgan tadbirlar natijasida yuridik va jismoniy shaxslarning 191 ta holatda 182,9 gektar yer maydonni o‘zboshimchalik bilan egallab olinganligi aniqlandi. 26 ta holatda 173,2 gektar yer qishloq xo‘jaligi toifasiga, 115 ta holatda 4,1 gektari aholi punkti, 14 ta holatda 0,5 gektari sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa maqsadlarga mo‘ljallangan yerlar bo‘lsa, 4 ta holatda 2,5 gektari o‘rmon fondi, 10 ta holatda 1,9 gektari suv fondi, 22 ta holatda 0,7 gektari zaxira yerlar hisobiga to‘g‘ri keladi.

Yuqoridagi holatlarni bartaraf qilish bo‘yicha huquqbuzarlarning barchasiga ogohlantirish xatlari berilgan.

Bir so‘z bilan aytganda, bundan keyin ham yerga oid qonun hujjatlari ijrosi yuzasidan Yer va kadastr nazoratchilari tomonidan yer qonunbuzilish holatlari va ularni bartaraf etish borasidagi ishlar samarali amalga oshirilaveradi.

 

Nodir SIDIKOV,

Kadastr agentligi

Jizzax viloyati boshqarmasi boshlig‘i

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan