Mushtarak tariximizning yorqin sahifalarini tashkil etadigan ma’rifatparvar ajdodlarimizning ibratli faoliyatini, ularning o‘z qimmati va ahamiyatini hamon yo‘qotmasdan kelayotgan boy merosini hamkor davlatlar hamda xalqaro tashkilotlar vakillari, taniqli xorijiy olimlar bilan birgalikda teran tadqiq va targ‘ib etish bizning ustuvor vazifamizdir.
Shavkat Mirziyoyev
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Taraqqiyparvar ajdodlarimizning ilg‘or g‘oya va qarashlarini tadqiq etish va tizimlashtirish, Turkiston jadidlarining milliy davlatchilik rivojidagi o‘rni va ta’sirini o‘rganish, XX asrning birinchi choragida ular tomonidan barpo etilgan davlat tuzilmalarining qonunchilik bazasini tahlil qilish, dunyoviy, huquqiy va demokratik jamiyat qurishga qaratilgan faoliyatiga tarixiy baho berish, Yangi O‘zbekiston va Uchinchi Renessansni bunyod etishda ushbu merosning mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilishi bilan bog‘liq masalalar alohida ahamiyatga ega.
Biz mazkur maqolamizda sobiq Sovet hukumatining mamlakatimizda olib borgan qatag‘onlik siyosatining ba’zi jihatlariga to‘xtalib o‘tamiz.
O‘tgan XX asrning 30-yillarida sobiq Sho‘rolar hukumatida e’lon qilingan bir kancha maqola va kitoblarda birinchi galda O‘zbekistondagi ziyolilar, ya’ni jadidlar qoralanar, keyingi harakatlar Abdulla Qodiriy nomiga bog‘lanardi. J.Sharifiy, Olim Sharafiddinov maqolalarida jadidlar “aksilinqilobchi”, “Sovetlarga qarshi”, “Reaksion kuchlarni birlashtirgan”, “bosmachilarga rahnamolik qilgan” degan uydirmalar to‘qib chiqarildi. Bunday fikrni birinchi bo‘lib, Sotti Husayn bayon qilib shunday degan edi: “jadidlar oktyabrdan keyin o‘zlarining sobiq inqilobiy fikrlarini burib proletariatga qarshi aksilinqilobiy adabiy kuch bilan chiqdilar”.
Jadidlar eski diniy maktablarga dunyoviy fanlar kiritish va o‘qitish metodikasini o‘zgartirish yo‘li bilan ularni isloh qildilar. Sovet hukumati ushbu islohotlarni yuzaki rasmiy islohot deb, uning mafkurachilarini dunyoviy fanlarni dinga bo‘ysundirishda aybladilar. Shuningdek, yangi usul jadid maktablari ham burjua millatchiligi ruhi bilan sug‘orilgan deb topildi.
Zero, jadid ziyolilarining mafkurasida Turkistonni o‘rta asrlarga xos qoloqlik va diniy xurofotdan ozod etish, shariatni isloh qilish, xalqqa ma’rifat tarqatish, milliy muxtoriyat hukumatini barpo etish uchun kurash, Buxoro va Xivada konstitutsion monarxiya va parlament, keyinchalik demokratik respublika tuzumini o‘rnatish orqali ozod va farovon jamiyat qurish, barqaror milliy valyutani joriy qilish hamda milliy qo‘shin tuzish bo‘lgan. Ularning Turkiston mustaqilligi uchun kurashida asosan quyidagi yo‘nalishlar ustuvor bo‘lgan: yangi usul maktablari tarmog‘ini kengaytirish, qobiliyatli yoshlarni chet elga o‘qishga yuborish; turli ma’rifiy jamiyatlar va teatr truppalari tuzish; gazeta va jurnallar chop qilish, xalqning ijtimoiy-siyosiy ongini yuksaltirish bilan Turkistonda milliy demokratik davlat qurish. Jadid ziyolilarining kuchli partiyasi tashkil qilingan taqdirdagina bu ishlarni amalga oshirish mumkin edi. Jadidlar siyosiy ishlar–haq-huquq, milliy davlat, hokimiyat masalalari bilan muntazam shug‘ullandilar. Ayni paytda, maktab-maorif isloh qilina boshlandi. Milliy matbuot yo‘lga qo‘yildi. Teatr paydo bo‘ldi. Yangi adabiyot shakllandi, bir so‘z bilan aytganda, yangi tafakkur maydonga keldi. Bu – millatning o‘zligini anglash va mustaqillik mafkurasi edi.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, bolsheviklar mafkurasiga qarshi kurash nafaqat O‘zbekiston va boshqa sovet respublikalarida, shuningdek, inqilob markazi hisoblangan Rossiyaning o‘zida ham mavjud edi. Ayniqsa, muxolif marralar bolshevizm mafkurasining iqtisodiy tomonlariga keskin qarshi edilar. Fuqarolar qo‘lidagi mol-mulk, yer va boyliklar zo‘ravonlik bilan, yanada aniqroq aytganda proletariatcha hujum natijasida tortib olingan edi. 1925 yil partiya Markaziy qo‘mitasi o‘sha vaqtda Buxarin maydonga aytgan va “Komsomolskaya Pravda” yoqlab chiqqan “boy bo‘lingiz” shiorini Stalin tashabbusi bilan qoralagan edi. Stalin aytishicha, bu narsa “aslida kapitalizmni tiklashga chaqirish” edi.
Sovet hukumati o‘zlarining kommunistik mafkuralarini matbuot orqali singdirishga katta e’tibor karatishgan. Ular milliy ziyolilarni kundalik gazeta, jurnal hatto chiqarilgan kitoblarini tanqid qilganlar va har xil usul vositalar bilan kuchli bosim o‘tkazganlar. Kommunistik partiyaning yig‘ilishlarida mafkura masalasida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar bir necha bor muhokama qilingan. Ushbu muhokamalarda ziyolilarga qarshi qanday usul va vositalar bilan g‘oyaviy kurash olib borish lozimligini qayd etganlar. Shu o‘rinda mafkura masalasida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar bir yoqlama tahlil qilib borilgan.
Bolsheviklar tomonidan sovet mafkurasiga xizmat qilishni istamagan milliy ziyolilar faoliyati doimo nazorat qilingan. Milliy ziyolilardan Munavvar Qorining faoliyati bir necha marotaba muhokama qilinib, shunday keltirilgan: “Keyingi vaqtlarda Munavvar Qorining ikkinchi bosqich maktablari uchun yozilgan kitobining ikkinchi bo‘limida partiyamizning hozirgi siyosatiga to‘g‘ri kelmaydigan narsalar va mayda bolalarning miyasini zaharlaydigan jumlalar yozilgan edi. Bundan bizning xabarimiz bo‘lmagan. Chunki bu ish hukumatimizning boshqa ishlar bilan ovora bo‘lib bularning shu harakatlariga yaxshi ahamiyat bermaganligidan bo‘lsa, ikkinchidan ko‘proq o‘zimizning maorif xodimlari davlat nashriyotida o‘tirgan kishilarning rahbarlari bu ishga ahamiyat bermaganligi, kitobning rasmiy tomonini ko‘rib chiqib, mafkuraviy jihatiga ahamiyat bermaganligi bo‘lib chiqadi. Ular o‘zlarining buzuq mafkuralari bilan bolalarni tarbiyalamoqdalar. Hozirda ham bunday ishlarni to‘xtatganlari yo‘q”.
Ziyolilarning partiya oldidagi xizmatlari unumli bo‘lishi mamlakatda hokimlik qiluvchi ishchilar sinfi mafkurasiga qanchalik yaqin turishiga bog‘liq ekanligi ko‘rsatib o‘tilgan. Bolsheviklar sovet ziyolisini mafkura maydonida yo‘l qo‘yayotgan kamchiliklarini quyidagi 3 asosiy xususiyatini keltiradilar:
“Birinchi – sho‘ro ziyolilarining marksizm bilan yaxshi tanish bo‘lmaganliklari;
ikkinchi – ular safida millatchilik ruhi borligi;
uchinchi – ziyolilarimiz ichida siyosatdan chetda turishning mahkam ildiz otganligi”.
Sovet davlati milliy masalaga proletarcha ruhda yondashib, jamiyatni ezuvchi va eziluvchiga, boylar va kambag‘allarga ajratdi, milliy manfaatlarning va milliy munosabatlarning murakkab va xilma-xil ekanligini unitib, uning muttasil rivojlanib hamda chuqurlashib borishini e’tiborga olmadi. Natijada tor milliy manfaatlar atrofida o‘ralashib qolish holatlari yuzaga keldi. Sovet davlatining “sotsializm qurishning sharti” bo‘lgan milliy avtonomlashtirish siyosatiga qarshi chiqqanlar “xalq dushmanlari” deb ataldi. Shu tariqa “proletar internatsionalizmi” g‘oyasi yuzaga keldi. Sovet davlatining nazariy asoslari qurilayotgan vaqtda proletariat diktaturaning asoschisi V.Lenin chizib bergan yo‘ldan borildi. V.Lenin millatga tegishli har qanday jiddiy masalani milliylik jihatdan emas, balki sinfiylik jihatdan hal qilish kerakligini uqtirib, sotsialistik tuzumga xos bo‘lgan yakka partiyaning milliy imtiyozlarga qarshi siyosatini yoqlab chiqqan edi. Ushbu g‘oyalar majmuida qurilajak “sog‘lom kommunistik jamiyat” kishilari nafaqat o‘z fikri, tuyg‘usi bilan balki kiyinish madaniyati bilan ham ajralib turishi lozim edi.
Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash lozimki, milliy ziyolilar g‘oyasiga qarshi Sovet hukumati mafkuraviy tahdidlarni kuchaytiradilar. Milliy ziyolilarining o‘lkani boshqarishga qaratilgan islohotchilik qarashlari bolsheviklar zo‘ravonlik siyosatining qurboniga aylandi. Jadid ziyolilari burjuaziyaning vakili bo‘lganlikda, ularning asarlari inqilobdan ilgari yozilganligi, unda burjuaziyaning ideallashtirilganligi hamda millatchilik ko‘rinishlari tasvirlanganligi ta’kidlandi. Aksariyat milliy kadrlar va ziyolilar ochiqdan-ochiq aksilinqilobchilar tomoniga o‘tganligi, sovetlarga qarshi kurashib, “bosmachilikni” tashkil etishda va har qanday bo‘lsada ishchi-dehqon hukumatini yiqitish fikrida bo‘lganligi bilan bolsheviklarga katta mafkuraviy xavf solganligi keltiriladi. Jadidchilik go‘yoki “omma ongini millatchilik g‘oyalari bilan zaharlash va uni inqilobiy kurashdan chetga toritish” maqsadida tashkil etilgan reaksion burjua-millatchilik yo‘nalishi deb qaraldi.
Axmedov Jalol Tursunmuratovich
Jizzax politexnika instituti o‘qituvchisi