“MЕN 4-RAQAMDAMAN, MЕNGA OVOZ BЕRING”

So‘nggi vaqtlarda plastik kartalardan pul yechib olish bilan bog‘liq jinoyatlar ko‘payib borayaptiki, bu aholida kiberfiribgarlik, uning turlaridan boxabarlikni zudlik bilan oshirish zarurligini ko‘rsatadi. Ushbu maqolada  foydalanuvchilar uchun internetdagi firibgarlik turlari va ularning oldini olish usullari haqida eslatmalarni to‘pladik.

Firibgarlar nayrangiga laqqa tushmaslik uchun ularning ta’sir qilish vositalari yoki usullarini tezda tushunib olish kerak. Firibgarlik sxemalari ro‘yxati doimiy ravishda yangilanib,  kengayib boradi. Ammo eng asosiy usullar ko‘p yillardan beri mavjud.

Fishing. Firibgarlikning bir turi bo‘lib, maqsadi foydalanuvchining maxfiy ma’lumotlari – login va parollarga kirishdir. «Fishing» so‘zi inglizchada «baliq ovlash» ma’nosini bildiradi. U asosan ijtimoiy muhandislik orqali maxfiy ma’lumotni “ovlashni” anglatadi.

Ko‘pincha kiberjinoyatchilar taniqli brendlar nomidan ommaviy elektron pochta xabarlarini, turli xizmatlar ichidagi shaxsiy xabarlarni, masalan, banklar nomidan yoki ijtimoiy tarmoqlar orqali yuborish orqali qimmatli ma’lumotlar olishning oddiy, ammo samarali usullaridan foydalanishadi. Fishing saytlari faqat saytning nomidan farq qiladi, firibgarlar ko‘pincha saytning asl nomiga iloji boricha o‘xshash nomlar tanlashadi. Firibgarlarning vazifasi “qurbon”larini shoshilinch ravishda noto‘g‘ri qarorlar qabul qilishiga ishonch hosil qilib, uni muvozanatdan chiqarish hisoblanadi. Masalan, firibgarlar tomonidan  foydalanuvchiga agar u shoshilinch ravishda falon tugmani bosmasa, uning akkaunti bloklanishi mumkinligi kabi shoshilinch va jiddiy sabablar ko‘rsatiladi.

Odatda firibgarlar elektron pochta xabarlarini o‘lja sifatida ishlatishadi. Bildirishnomalar odatda «rasmiy» ko‘rinishda bo‘lib,   foydalanuvchi ularni jiddiy qabul qiladi. Bunday xatlardan so‘ng turli bahonalar bilan ko‘rsatilgan saytga kiriladi. So‘ng avtorizatsiya uchun foydalanuvchi nomi va parol kiritishingiz so‘raladi. Shaxsiy ma’lumotlar soxta saytga kiritilishi bilan firibgarlar qimmatli ma’lumotlaringizga  darhol ega bo‘lishadi.

Fishing usullari hozirda smartfonlar orqali tobora ommalashib bormoqda. Biron-bir moliyaviy muammoni hal qilish uchun bir kishi shoshilinch ravishda sizning raqamingizga  qayta qo‘ng‘iroq qilishni so‘rab, murojaat qilishi va sizga SMS-xabarni qabul qilish va undagi kodni xech kimga aytmasligingiz, faqat mutaxassis bilan ishlash kerakligini aytib qolishi mumkin. Diqqat, sizga fishing hujum boshlandi!

Tajribali fishing psixologi kerakli ma’lumotlarni, masalan, kredit kartaning pin-kodi va uning raqamini chiqarib olishi mumkin. Afsuski, har kuni yuzlab insonlar fishing o‘ljasiga aylanishmoqda. Kiberjinoyatchilar ko‘pincha maxfiy ma’lumotlarni siz tashrif buyurgan internet saytlari yoki ijtimoiy tarmoqlar orqali olishadi. Hozirda ijtimoiy tarmoqlarda fishing samaradorligi taxminan 70% ni tashkil qilmoqda ekan!

Masalan, soxta havola  go‘yoki onlayn-do‘kon bo‘lgan veb-saytga olib kelishi mumkin. Bu yerda siz “AKSIYA”, “KATTA ChЕGIRMALI” mahsulotni sotib olish umidida shaxsiy kredit kartangiz ma’lumotlarini osongina firibgarlar qo‘liga tutqazib qo‘yishingiz mumkin. U butunlay boshqacha ko‘rinishga ega bo‘lishi ham mumkin, ammo maqsad doim bir xil – maxfiy ma’lumotlarni olish.

Virusli dasturlar. Kompyuter foydalanuvchilariga virus degan tushuncha juda yaxshi tanish. Virus – dasturchi tomonidan tuzilgan, kompyuterning tekis ishlashiga halaqit beradigan, oqibatda kompyuterning yoqilishini ham taqiqlab qo‘yadigan dastur. U asosan internet tarmog‘i orqali foydalanuvchi kompyuteriga tushadi. Viruslar kompyuterlarda o‘zini “turlicha tutadi”. Ba’zilari kompyuteringizni keraksiz fayllar bilan to‘ldirsa, yana ba’zilari operativ xotiraning ko‘p qismini ishlatib, kompyuterni qotirib qo‘yadi. Yana bir qismi esa kerakli fayllar yoki tizim fayllarini o‘chirib zarar yetkazadi. Quyida viruslarning turlari haqida ma’lumot beramiz. 

Troyanlar (Trojan Horses) –Hozirda “Troya oti” iborasi “xosiyatsiz sovg‘a” degan ma’noni bildiradi. Troyanlar virusi odatda internet orqali tarqaladi. U kompyuteringizga o‘rnashib olib, dastlab foydali programma sifatida tanishtiriladi. Lekin ularning asl vazifasi foydalanuvchiga noma’lumligicha qoladi. Yashirin ravishda ular o‘z yaratuvchisi (cracker – yovuz haker) tomonidan belgilangan harakatlarni amalga oshiradi.

Chuvalchang viruslar (Worms) – Chuvalchang viruslar o‘z nomiga mos ravishda o‘z-o‘zidan juda tez ko‘payadigan viruslardir. Odatda bu viruslar internet yo‘li – intranet tarmoqlari orasida tarqaladi. Tarqalish usuli sifatida elektron xatlar yoki boshqa tez tarqaluvchi mexanizmlardan foydalanadi. Ular chindan ham kompyuteringizdagi ma’lumotlar va kompyuter xavfsizligiga katta ziyon yetkazadi.

Rootkit viruslari (Rootkit viruses) – Rootkit’lar viruslar orasida eng xavfli va yashirinishga ustaligi bilan alohida ajralib turadi. Rootkit’lar kompyuterning yovuz hakerlar tomonidan qo‘lga olinishi uchun foydalaniladi. Ba’zi rootkit’larni antivirus programmalari ham aniqlay olmaydi, chunki ular o‘zlarini operativ tizim fayllari sifatida ko‘rsatishadi. Rootkit’lar  odatda troyanlar tomonidan kompyuteringizga o‘rnatiladi.

O‘zgaruvchan viruslar (Polymorphic viruses) – Bu viruslar nafaqat o‘z-o‘zidan ko‘payadi, balki ko‘paygan paytda kodini ham o‘zgartirib turadi. O‘zgaruvchan viruslarni aniqlash ham ba’zi antiviruslar uchun qiyin kechishi mumkin.

Vaqt bombasi viruslari (Time or Logic Bombs) – Bu viruslar muayyan sana yoxud payt kelganida va foydalanuvchi tomonidan muayyan harakat amalga oshirilganida ishga tushadigan viruslardir. Misol uchun, Hazil-mutoyiba  kunida (1 aprel) yoki Yangi yilda kompyuteringizdagi ma’lumotlarni o‘chirib tashlab, sizga “sovg‘a” taqdim etishi mumkin.

Virusli dasturlarning maqsadlari juda ko‘p, ammo eng dolzarblari –  ma’lumotlarni o‘g‘irlash; foydalanuvchini kuzatish (ma’lumot to‘plash) va kriptovalyutalarni qazib olish uchun hisoblash quvvatidan foydalanishdir.  

Ijtimoiy muhandislik – bu tajovuzkorning texnik vositalardan foydalanmasdan kerakli ma’lumotlarni olish yoki inson harakatlarini nazorat qilish usuli. U odamlarga ta’sir qilishda ishontirish, ishonchga kirish va ayyorlik kabi psixologik usullardan keng foydalanadi. Ijtimoiy muhandislikdan foydalangan firibgarlik operatsiyalari turli xil bo‘ladi. Shuning uchun ijtimoiy muhandislik nima ekanligini va u qanday ishlashini tushunish muhim. Asosiy mexanizmini anqlashni o‘rganib, siz o‘zingizni va yaqinlaringizni firibgarlardan himoya qilishingiz mumkin.

Ijtimoiy muhandislikning asosiy usullari qanday?

Yuqorida fishing haqida so‘z yuritdik. Bunda jinoyatchi maxfiy ma’lumotlarni tortib olish uchun jabrlanuvchining ishonchini qozonishga urinadi. Shuningdek, ma’lumotlarni olish uchun shoshilinchlik hissi yaratiladi yoki qo‘rqitish taktikalaridan foydalaniladi. Fishing hujumida siz ishonchliday ko‘rinadigan manbadan ma’lumotlaringiz so‘ralgan elektron pochta yoki xabar olasiz.

Vishing va smishing – bu mobil qurilmalar orqali amalga oshiriladigan ijtimoiy muhandislik usullaridir. Fishing soxta telefon qo‘ng‘iroqlari orqali amalga oshiriladi, smishing esa zararli havolalar yoki ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan SMS xabarlardan foydalanadi.

Pretekstingda  firibgar biror bahona yordamida jabrlanuvchining e’tiborini jalb qilib, ma’lumotni oshkor qilishga majbur qiladi. Misol uchun, zararsizdek ko‘rinadigan onlayn so‘rov paytida sizdan bank hisobingiz ma’lumotlari so‘ralishi mumkin.

 Sniffing ko‘pincha xavsizlik u qadar yaxshi ta’minlanmagan kirish nuqtalari bo‘lgan jamoat joylarida kuzatiladi. Bunday ulanish bilan firibgarlar sizning qurilmangizdan kiruvchi va chiquvchi barcha trafikni hisoblashi qiyin bo‘lmaydi. Parollar, xabarlar, fayllar — bularning barchasi osongina olinadi va keyin xudbin maqsadlarda ishlatiladi.

Yuqorida sanab o‘tilgan kiberjinoyatlarning eng mashhur turlarini tasniflashga asoslanib, qarshi choralarni aniqlash unchalik qiyin emas. Buning uchun quyidagi ehtiyot choralarini ko‘rish talab etiladi: 

  • Noma’lum manzillardan elektron pochtangizga, SMS orqali yoki ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlardan shaxsiy xabarlarda kelgan havolalarni bosmang.
  • Ishonchli saytlardan faqat litsenziyalangan dasturiy ta’minotni yuklab oling. “Qaroqchi” dastur, garchi u ancha arzon bo‘lsa-da, ba’zi hollarda bunday tejash bir nechta yo‘qotishlarga olib kelishi mumkin.
  • Siz tashrif buyurgan saytlarning manzilini tekshiring. Agar siz yana saytga kirsangiz va sizdan yana tizimga kirishni so‘rashayotganini aniqlasangiz (avtomatik to‘ldirish uchun ma’lumot bermasdan), unda siz soxta saytga duch kelganingiz ehtimoli katta.
  • Sizga hayratlanarli yangiliklarni aytib beradigan va darhol o‘z yordamini taklif qiladigan odamlar bilan suhbat qurmang. Avvalo rasmiy manbalarni tekshirishingiz yoki qo‘llab-quvvatlash agentlariga o‘zingiz murojaat qilishingiz kerak.
  • Parollarni muntazam ravishda o‘zgartiring. Hatto eng xavfsiz tashkilot ham ma’lumotlaringiz xavfsizligiga 100% kafolat bera olmaydi. Parolingizni yiliga kamida bir marta yangilashni qoidaga aylantiring.
  • Parol menejerlaridan foydalaning. Foydalanuvchilar ko‘pincha barcha xizmatlari va veb-saytlari uchun bir xil paroldan foydalanishni afzal ko‘rishadi. Bunday holda, firibgar sizga katta minnatdorchilik bildiradi. Tanlash orqali aniqlab bo‘lmaydigan murakkab parollarni o‘ylab toping yoki yarating va ularni maxsus boshqaruv dasturlarida saqlang.
  • Antivirus dasturidan foydalaning. Ushbu dastur kiberxavfsizlik asoslarini bilmaydigan va shubhali manbalardan fayllarni doimiy ravishda yuklab oladigan tajribasiz foydalanuvchilar uchun ko‘proq mos keladi. Esda tutingki, avval virus paydo bo‘ladi, keyin laboratoriyadagi ishlab chiquvchilar u bilan qanday kurashishni o‘rganadilar, shuning uchun hech qanday antivirus to‘liq xavfsizlikni kafolatlay olmaydi.
    Umumiy tarmoqlar bilan ishlashda VPNdan foydalaning. Nafaqat VPN, balki uning trafikni shifrlash xususiyati ham muhim, bu sizning qurilmangizni sniffing uchun yetib bo‘lmaydigan maqsadga aylantiradi.

Ushbu qoidalarga rioya qilish unchalik qiyin emas. Aksincha, bu har bir internet foydalanuvchida bo‘lishi kerak bo‘lgan odatdir. Kiberjinoyatchilar bilan kurashishning eng yaxshi usuli bu juda ehtiyot bo‘lish va qurilmangiz xavfsizligini muntazam ravishda oshirib borishdir. Ushbu qoidalarga rioya qilish shaxsiy ma’lumotlarni o‘g‘irlash yoki zararli dasturlarning qurilmalarga tushish ehtimolini sezilarli darajada kamaytiradi.

 

Sanjar NORBЕKOV.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan