O‘YINDAN O‘T CHIQMASIN!

Yurtdoshlarimiz Yangi yil bayramini ko‘tarinki kayfiyatda nishonlashga chog‘lanmoqdalar. Ammo, shu kunlarda yon-atrofimizda pirotexnika vositalarining ovozi ko‘payib qolgani dilni xira qilayapti. Ushbu vositalar bolalarning sog‘lig‘iga ziyon yetkazib, hatto hayotiga xavf solayotgani ko‘pchilikni tashvishlantirmoqda. Jizzax viloyati ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan pirotexnika vositalari bilan bog‘liq qonunbuzarliklarga chek qo‘yilmoqda. Shu haqda viloyat IIB Axborot xizmati bosh prodyuseri Baxtiyor TOG‘AYEV muxbirimizga quyidagilarni gapirib berdi:

— O‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida Jizzax shahrining Do‘stlik mahallasida istiqomat qiluvchi fuqaro R.L.ning 4 ming 200 dona pirotexnika vositasini saqlayotgani aniqlandi va ushbu holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirildi.
Xuddi shunday, Sharof Rashidov tumanidagi Nurafshon mahallasida yashovchi maktab o‘quvchisi S.T. 104 dona pirotexnikani saqlayotgani ma’lum bo‘ldi. Bundan tashqari, Toqchilik mahallasida yashovchi yana bir voyaga yetmagan o‘quvchidan ham 6 ming dona pirotexnika vositalari hujjatlashtirib olindi. Sharilloq mahallasida istiqomat qiluvchi, 1990 yilda tug‘ilgan fuqaro A.Sh. G‘allaorol tumani Mirzabuloq mahallasi hududida 14 dona pirotexnika vositasini sotayotganda, ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan ushlandi. Shuningdek, Moltob qishlog‘ida yashovchi 2006 yilda tug‘ilgan o‘quvchining yonidan ham 165 dona kuchli ovoz chiqaruvchi pirotexnika vositasi topilgan.

Do‘stlik tumanida o‘tkazilgan tadbirda 8-sinf o‘quvchisi O.T. ham yonida 55 dona pirotexnika vositasini saqlayotgani aniqlandi.
Ichki ishlar organlari xodimlari Zarbdor tumanidagi Oqbuloq mahallasida yashovchi, 2008 yilda tug‘ilgan 9-sinf o‘quvchisi N.B.ning 60 dona pirotexnika vositasilarini cho‘ntagida olib yurganini aniqlashdi va tegishli hujjatlar rasimiylashtirildi. Uning mahalladoshi bo‘lgan 8-sinf o‘quvchisi ham 600 dona, Zomin tumanining Mirishkor mahallasida istiqomat qiluvchi yana bir 9-sinf o‘quvchisi ham 220 dona pirotexnikani saqlayotgani ma’lum bo‘ldi. Ushbu holatlar yuzasidan hozirda tergovga qadar tekshiruvlar olib borilmoqda.

 

V.G‘AYBULLAYEV

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan