So‘nggi vaqtlarda sayyohlikda kasb egalarini tayyorlashda innovatsion metodlarni ilgari surish davr talabi bo‘lib kelmoqda. Sohadagi eng muammoli metodik tamoyillardan biri ham shudir.
Turizm mutaxassislarini tayyorlashda dars jarayonidagi texnik imkoniyatlarning yetishmasligi, o‘quv amaliyot bazalaridagi kamchiliklar nazariyani amaliyot bilan bog‘lashda turli muammolarni keltirib chiqarmoqda. Natijada o‘quvchilar nazariy bilimlar bilan cheklanib qolishayapti. Dars jarayonidagi eng katta muammolardan biri multimediya ishlanmalarining yetishmasligi yoki umuman yo‘qligidadir. Buning natijasida o‘quvchi auditoriyada bajariladigan innovatsion reallikni his qila olmayapti.
O‘quvchi chizmalar tayyorlaydi, yo‘nalish xaritalarini chizadi, lekin uni qayerga qo‘llashda oqsaydi. Innovatsiya muhitining auditoriyada yaratilmaganligi o‘quvchini qiynaydi. Shu tariqa ko‘pgina loyihalar qog‘ozlarda qolib ketadi. Xo‘sh, o‘quvchi nimani istaydi? 1,5-2 yil davomida u ish jarayoniga yetib borguncha professionallikni his qilishni, ishlab keta olarmikanman degan xayollardan qutilishni, o‘ziga bo‘lgan ishonch kuchli bo‘lishini xohlaydi. Ushbu jihatlarni professional ta’lim maskanlari mufassal o‘z bo‘ynilariga olishlari zarur bo‘lib hisoblanadi.
O‘quvchilar olgan bilimlarini onlayn tizimda qo‘llay olishlari kerak. Buning uchun geolokatsiya tizimlari bilan ishlay olish, joylashtirish maskanlari, hududlarni tahlil qila olish o‘ta muhim. Mazkur maskanlarining joylashuv nuqtalarini to‘g‘ri qo‘ya olish so‘nggi vaqtlarda ko‘p duch kelayotgan masalalardan biridir.
Hududiy tahlilni o‘quvchi tafakkuran amalga oshiradi. Buni bajarishda o‘quvchilarimiz eng ko‘p oqsayotganini balki innovatsiyadagi kamchiliklardan qidirishimiz mumkin bo‘lar. Buning asosiy sababini amaliy ko‘nikmalarning yetishmasligi va ko‘chma darslarning faol tarzda amalga oshirilmasligi bilan bog‘lash mumkin.
Professional ta’lim tizimidagi oxirgi o‘zgarishlar xususan, o‘quv dasturlarida amaliy mashg‘ulotlar bilan bir qatorda, o‘quv amaliyotlari soatlarining miqdori ko‘payishi o‘quvchilarning ko‘proq mustaqil ishlashiga zamin yaratmoqda. Buning uchun turistik maskanlar bilan uzviy bog‘liqlikda ishlash talab etilib, sayyohlik korxonalari ham bu borada tashabbus ko‘rsatishlari kerak.
Turizm sohasida muammolarni bartaraf etish uchun turizm klasterini ishlab chiqish, yangi turistik marshrutlar ustida ishlash, malakali kadrlarni tayyorlash, ularni mehnat bozoriga olib chiqish, sohaga investorlarni jalb etish, ta’lim muassasasini ishlab chiqarishga bog‘lash, homiylarni turizm sektoriga jalb etish, professional ta’lim maskanlarida ilmiy sohani rivojlantirish va ilmiy turizm bazasini shakllantirish hamda soha xodimlarini vatanparvarlik ruhida tarbiyalab, jamiyat saboqlarini berish kabi omillarga e’tibor qaratishimiz talab etiladi.
Xayrulla JONZOQOV,
Zomin turizm va servis kolleji kafedra mudiri.