Tahririyatga Sharof Rashidov tumani Toqchilik mahallasida yashovchi O‘rozgul Muratova murojaat qilib, 3-sektor rahbari, viloyat IIB boshlig‘i, general G‘.Qodirovga minnatdorlik xatni chop etishimizni so‘radi.
“Turmush o‘rtog‘im 48 yoshida vafot etgan. O‘g‘lim o‘shanda 3 yosh edi. Bir o‘g‘il va qizni boqib, katta qilish o‘z zimmamda qoldi. O‘qituvchilik kasbim ortidan ularni tarbiyalab voyaga yetkazdim. Ammo uy-joyni ta’mirlash, poydevor tashlangan imoratni ko‘tarishga mablag‘ orttira olmaganmiz.
O‘g‘lim Elyor Muratov “Yoshlar daftari”ga ro‘yxatga olingach, o‘zini o‘zi band qilishi uchun ko‘mak so‘rab turli tashkilotlarga murojaat qildim. Motokultivator so‘rab qilgan murojaatim bir yarim yilda ham yechim topmadi. Oxiri viloyat IIBga borib, shu bo‘yicha murojaat qilganimda, uch kun ichida ijobiy yechim topildi.
General G‘ayrat Qodirov IIB xodimlari bilan uyimizga kelib, motokultivatorni topshirish barobarida uy-joylarni ham ko‘zdan kechirdi. Ikki xonali uyni tez kunda qurib bitkazishga yordam qildi. O‘g‘limning “Yoshlar daftari”dan chiqib, o‘z daromad manbaiga ega bo‘lishida, shuningdek, podpolkovnik Qilichbek Shavaliyev, xodimlar Sardor Tojiyev, Sindor Karimov, Avaz Mamarasulovlarning ham xizmatlari katta bo‘ldi. Zimmasiga yuklatilgan vazifa naqadar zalvorli bo‘lmasin, uni vijdonan bajarib, xalqning koriga yarayotgan, davlat rahbarining ishonchini oqlayotgan bunday xodimlarga ming rahmat! Elni e’zozlaganni el e’zozlaydi. Men ularga chin qalbimdan minnatdorlik bildirgan holda sog‘lik-salomatlik, mashaqqatli kasbida zafarlar, oilalariga osudalik, yurtimizga tinchlik-osoyishtalik tilayman.
O‘rozgul MUROTOVA