Viloyat hokimligi axborot xizmati tashabbusi bilan tashkil etilgan navbatdagi press-tur 2023-2024 yillarda viloyatimizda kuz-qish mavsumini betalofat o‘tkazish yuzasidan olib borilayotgan ishlar ko‘lamiga qaratildi.Viloyatimizda faoliyat yuritayotgan OAV xodimlari dastlab viloyat qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasida ish olib borayotgan respublika ishchi guruhi hamda viloyat bosh shtabi faoliyati bilan tanishishdan boshlandi.
Kuz-qish mavsumida aholi turar joylari, ijtimoiy obyektlardagi isitish tizimlarining barqaror ishlashini ta’minlash, ushbu obyektlarga issiqlik energiyasini uzluksiz yetkazib berish hamda energiya resurslaridan oqilona va samarali foydalanish, shuningdek, sohaga xususiy investitsiyalarni keng jalb qilishni davrning o‘zi taqozo etmoqda. Shu maqsadda joriy yilning 10 aprelida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ijtimoiy soha obyektlarining isitish tizimlarini davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari 2023-2026 yillarda respublika hududlarida faoliyat yuritadigan davlat ijtimoiy soha obyektlarini ko‘mir yoqilg‘isiga o‘tkazish orqali kuz-qish mavsumida issiqlik energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash, qozonxonalarni modernizatsiya qilish hamda muassasalarning issiqlik tizimini ta’mirlash va belgilangan me’yorlarda ishlashini ta’minlashni davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy sektor ishtirokida bosqichma-bosqich joriy etish choralari ko‘riladigan bo‘ldi.
Ijtimoiy soha obyektlarining isitish tizimlarini davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilish va boshqarish tizimini joriy etish maqsadida “yo‘l xaritasi”, respublika ishchi guruhi tarkibi tasdiqlandi. Ishchi guruhning asosiy vazifalari obyektlarning isitish uchun talab etiladigan ko‘mir va boshqa yoqilg‘i mahsulotlari bilan ta’minlashga ko‘maklashish, har chorakda bajarilgan ishlarning natijadorligini o‘rganish va monitoring qilib borish, muammolarni aniqlash va bartaraf etishdan iborat.
—Kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish maqsadida joriy yilning 19 sentyabridan viloyat shtabi tuzilib, 27 oktyabrdan esa respublika ishchi guruhi viloyatimizda o‘rganishlar olib bormoqda,—deydi viloyat shtabining mas’ul xodimi Sirojiddin Berdiqulov. —Respublika ishchi guruhi tomonidan viloyatimizdagi 3600 ta obyekt o‘rganilib, fuqarolarning 2700 dan ortiq murojaatlari ijobiy hal etildi.
2023-2024 yillar kuz-qish mavsumida Jizzax shahri va tumanlar hududlaridagi 11 ta qozonxonalar faoliyat qo‘rsatmoqda. Shundan 37 ta qozonlar va 20,1 km. issiqlik tarmoqlari mavjud. Joriy yilgi kuz-qish mavsumida qozonxonalar tabiiy gaz va ko‘mir yoqilg‘isiga moslashtirilgan.
Press-tur ishtirokchilari Jizzax shahrining Zargarlik, Ittifoq mahallasidagi yangi barpo etilgan qozonxonalar, shuningdek, Jizzax davlat pedagogika universiteti qozonxonalaridagi ish jarayonlari bilan tanishdilar.
—Viloyatimizdagi 37 ta qozonxonalar orqali 17 ta ijtimoiy soha obyektlari, 106 ta ko‘p qavatli uylardagi 4452 ta xonadonda istiqomat qiluvchi 15582 nafar iste’molchilar markazlashgan issiqlik energiyasi bilan ta’minlangan, — deydi bizga hamrohlik qilgan viloyat “Issiqlik manbai” DUK rahbari Zohid Rahmonberdiyev. — Davlat dasturiga kiritilgan 2 ta yangi tejamkor qozonxonalarning qurilishi va ta’mirlanishiga respublika budjetidan 39,4 mlrd. so‘m mablag‘ sarflandi.Ushbu qozonxonalar 4 ta ijtimoiy soha obyekti, ittifoq Zargarlik mahallasidagi iste’molchilarga xizmat ko‘rsatadi. Turkiyaning “MIT” firmasi texnologiyasi asosida ishlaydigan yangi, zamonaviy qozonxonaning afzalligi bu tizimda 40 foiz tabiiy gaz tejalishiga erishiladi.
Viloyatimiz bo‘yicha 327 ta ijtimoiy soha obyektlari ko‘mir yoqilg‘isiga moslashtirilib, davlat-sheriklik to‘g‘risidagi bitimni imzolash rejasiga kiritildi. Xususan, 191 ta umumta’lim maktabi, 70 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti, 45 ta sog‘liqni saqlash hamda 21 ta madaniyat, musiqa va sport muassasalari shular jumlasidan. Press-tur ishtirokchilari Jizzax “Ko‘mir ta’minot” viloyat filiali omborxonasidagi zaxiralar, shuningdek, Sharof Rashidov tumanidagi 20-umumta’lim maktabi, 25-son maktabgacha ta’lim tashkilotidagi ko‘mir yoqilg‘isiga moslashtirilgan qozonxonalarni isitish tizimi holati bilan ham tanishdilar.
Zoir TURSUNQULOV.
(“Jizzax haqiqati”)
Botir QUDRATOV olgan surat.