Vohamizda turizmning jadal rivojlanishi nafaqat mehmonxona va turbazalar sonini oshirmoqda, balki kasb-hunar ta’limi tizimida ham yangi talablarni keltirib chiqarmoqda. Zomin milliy bog‘i atrofida sayyohlar oqimi ortgani sari, ularga munosib xizmat ko‘rsata oladigan malakali oshpazlarga bo‘lgan ehtiyoj kundan-kunga sezilarli tus olyapti.
Bundan bir necha yil avval Zomin tumanida xorijlik mehmonni ko‘rish odamlarda hayrat uyg‘otgan bo‘lsa, bugungi kunda bu — odatiy holga aylandi. Milliy bog‘imiz tomon yo‘l olgan sayyohlar oqimi yildan-yilga ortib borayotir. Bu esa tabiiy ravishda, mintaqamizdagi xizmat ko‘rsatish sohasiga xususan, ovqatlantirish tizimiga yangicha talablar qo‘ymoqda.
Zomin turizm va madaniy meros texnikumida ana shu talabga javoban oshpazlik yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash ishi izchil olib borilayapti. Texnikumda bu kasbni egallash istagida bo‘lgan yoshlar uchun ikki xil imkoniyat — kunduzgi va dual ta’lim shakli yo‘lga qo‘yilgan.
Kunduzgi ta’limda talaba texnikum auditoriyalarida nazariy bilimni chuqur o‘rganib, har bir darsdan so‘ng amaliy mashg‘ulotlarda mahoratini sinab ko‘radi. Dual ta’lim esa boshqacharoq va samarali yo‘ldir. Bu erda yoshlar bevosita Zomin atrofidagi mehmonxona va turbazalarda, real mehmonlar bilan ishlab, kasb sirlarini amaliyotda o‘rganishadi.
Dasturning yana bir muhim jihati mintaqaning o‘ziga xosligini hisobga olishidir. Talabalar nafaqat umumiy oshpazlik texnologiyasini, balki Zomin va Jizzax vohasiga xos milliy taomlarni ham zamonaviy taqdimotda tayyorlashni o‘rganishmoqda. Bu esa xorijiy va mahalliy sayyohlarga mintaqa madaniyatini eng mazali tarzda tanishtirish imkonini beradi.
Dual ta’lim orqali talabalar diplom olishdan oldinoq real ish tajribasiga ega bo‘lishmoqda. Bu o‘z navbatida, yosh mutaxassislarning aynan shu mintaqada ishga joylashish imkoniyatini oshirib, tuman turizm salohiyatining yanada boyishiga xizmat qilmoqda.
Kelajakda ushbu yo‘nalishni yanada rivojlantirish, xalqaro tajribalarni o‘rganish va mahalliy sharoitga moslashtirish orqali Zomin turizm va madaniy meros texnikumi bitiruvchilarini nafaqat mintaqa, balki respublika miqyosida ham raqobatbardosh mutaxassislarga aylantirish mumkin.
To‘lqin NOSIROV,
Zomin turizm va madaniy meros
texnikumi maxsus fan o‘qituvchisi.