XALQ DARDI BILAN YASHAYLIK MUDOM

Viloyat hokimining O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Jizzax viloyatidagi Xalq qabulxonasi bilan hamkorlikda o‘tkazgan galdagi sayyor qabuli Zomin tumanining Dashtobod shahridagi Beruniy mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘lib o‘tdi.
Ommaviy qabulda sektor rahbarlari, hokim o‘rinbosarlari, korxona va tashkilotlar rahbarlari, mahallalar raislari, hokim yordamchilari ishtirok etdi.

Viloyat hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Ergash Saliyev qabulda so‘zga chiqib, tumanda joriy yilda 6 ta davlat dasturi doirasida amalga oshirilgan ishlar ko‘lamiga alohida to‘xtalib o‘tdi. Hududda 2023 yilning shu davriga qadar 196,5 mlrd. so‘mlik bunyodkorlik ishlari amalga oshirilib, 90 ta inshoot foydalanishga topshirildi.

Jumladan, Baxt, Bunyodkor, Obihayot, Paxtakor hamda Nihol mahallalari aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida tarmoq tortilib, quduq va suv inshootlari qurildi. Chorvador va Mustaqillik mahallalariga jami 9,5 km. elektr tarmoqlari, Gulshan, O‘zbekiston mahallalariga tabiiy gaz tarmog‘i tortildi. Mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida Shirin, Beshkubi, Gulshan, Nurlikent, G‘allakor va Navoiy mahallalari uchun yangi xizmat binolari qurildi. “Ochiq budjet” loyihasiga ko‘ra 20 kilometr, “Mening yo‘lim” loyihasi doirasida Uvol va Turkman qishloqlarining ichki xo‘jalik yo‘llariga asfalt yotqizildi.

Ommaviy qabulda viloyat hokimi hamda har bir guruhdagi mas’ul rahbarlar tomonidan fuqarolardan tushgan murojaatlar atroflicha o‘rganildi. Aksariyat aholi murojaatlari ijtimoiy masalalar tibbiyot, dori-darmon, uy-joy ta’miri va moddiy masalalar yuzasidan tushdi.

Sayyor qabulda 78 nafar fuqaroning murojaati tinglandi. 23 nafar fuqaroning masalasi joyida hal etildi.

— Imtiyozli kredit olish uchun murojaat etdim, —deydi “Nurafshon” MFYda istiqomat qiluvchi Abduhalil Berdimurodov. —To‘g‘risi, unchalik ishonmay, tavakkal qilib keluvdim. Shu yerning o‘zida masalam ijobiy hal etilganidan mamnunman.
Ommaviy qabulda 10 nafar xotin-qizga tikuv mashinasi, 13 nafar fuqaroga imtiyozli kredit olish uchun sertifikatlar topshirildi.
Muddat talab etadigan murojaatlarni belgilangan tartibda o‘rganish bo‘yicha viloyat rahbari mutasaddilarga vazifa va topshiriqlar yukladi.

Z.ZOIROV.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan