Globallashuv davrda mafkuralar kurashining avj olgani, unda insonning ongi va qalbi mo‘ljalga aylangani hech kimga sir emas. Bunday vaziyatda ma’naviyat va ma’rifat institutlari tomonidan targ‘ibot ishlarining ta’sirchanligini oshirish muhim ahamiyatga ega. Ma’naviyat va ma’rifat so‘zlarining birgalikda aytilishi insoniylik fazilatlari ilm bilan uyg‘unlikda ekanligini ifolaydi. Mazkur mavzuning targ‘iboti — ma’lum bir hudud xalqlariga yoki guruhda jamlangan odamlar ongiga ma’naviy tushuncha va tamoyillarni singdirishga qaratilgan tizimli, maqsadli jarayondir. Shuningdek, kishilarni turli tajovuzlardan ogohlikka chaqirish, mavjud tahdidlarning mohiyati to‘g‘risidagi tushunchalarini shakllantirish, ularni yuksak ma’naviy g‘oyalar yo‘lida birlashtirishga qaratilgan nazariy, amaliy harakatlardir.
“Targ‘ibot” atamasining o‘zagini “rag‘bat” so‘zi tashkil etadi. “Tashviqot” tushunchasining o‘zagi esa “shavq” so‘zidan olingan bo‘lib, u kishida biror narsaga shavq, ishonch tuyg‘ularini uyg‘otishga yo‘naltirilgan. Demak, targ‘ibot-tashviqotdan ko‘zlangan maqsad — aholining biron-bir yo‘nalishga qaratilgan qiziqishini, ishonchni oshirishga va ularni rag‘batlantirishga, shaxsiy rivojlanishiga undashdir. Ma’ruza o‘qish, nazariy bilim berish yoki qaysidir rasmiy hujjatlarni joriy qilgan bilan kuchli targ‘ibotsiz jamiyatda o‘tkir tafakkur, xolis yondashuvlarni shakllantirib bo‘lmaydi.
Tarixga nazar solganimizda ma’rifatparvar, taraqqiyparvar, yangilikni joriy etishga intiluvchilarni qamrab olgan jadidlarning dastlabki harakatlari XIX asrning saksoninchi yillarida boshlanganligini bilamiz. Bu hodisalarga Qrimda Ismoilbek Gaspirskiy asoschi hisoblansa, O‘rta Osiyoda dastlab Mahmudxo‘ja Behbudiy yetakchilik qilganligini ko‘p o‘qiganmiz. Ular Turkistonni o‘rta asrlarga xos qoloqlik va diniy xurofotdan ozod etish, shariatni isloh qilish, xalqqa ma’rifat tarqatish g‘oyalarini ilgari surib, quyidagi vazifalarni belgilashgan:
- Yangi usuldagi maktablar ochish.
- Qobiliyatli yoshlarni chet elda o‘qitib, bilim-tajribalarini oshirish va ularni o‘z jamiyatimizga xizmat qildirish.
Ma’rifiy jamiyatlar faoliyatini qonuniylashtirish, madaniy taraqqiyotni rivojlantirish maqsadida teatr truppalarini ochish va ulardan targ‘ibot vositasi sifatida foydalanish. - Gazeta va jurnallar chop etish orqali aholining xabardorlik va ilm darajasini oshirish.
- Buxoro, Xivada konstitutsiyaviy monarxiya hamda Parlament tuzish, keyinchalik demokratik respublika tuzish uchun uning asoslarini yaratish.
O‘sha davrda yangi maktablar ochishga, g‘arbona kiyinishga mahalliy mullalar mutlaqo qarshi chiqishgan. Bunday holatda mafkuraga qarshi mafkura, asoslar va faktlar bilan qurollanish eng zarur chora. Jadidlar ham yangilikka qarshi bo‘lgan mullalar va ularning tarafdorlariga aynan ular ro‘kach qilgan dinimizdan asos olganlar. Ularga qarshi payg‘ambarimizning ilmni Chinga borib bo‘lsa ham o‘rganing, degan hadis-shariflaridan foydalanishgan.
Targ‘ibotning ikki an’anaviy yo‘li mavjud. Birinchisi – insoniy fazilatlarni ulug‘lash, shu sohada yutuqqa erishganlarni ibrat qilib ko‘rsatish. Ikkinchisi, illatlarni qoralash, ulardan xalos bo‘lishga chaqirish, bu boradagi halokatli natijalarni misol qilish.
Umuman olganda, ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibotni amalga oshirishda quyidagi vositalardan foydalaniladi:
- Mavjud ta’lim tizimi. Chunki bu tizim orqali qamrovni keng olish imkoniyati mavjud. Ta’lim usullari ham targ‘ibotga xizmat qildiriladi.
- Ommaviy axborot vositalari. Ma’lumki, XX-asrning ikkinchi yarmidan boshlab axborot jamiyatni mafkura bilan qurollantirishda, dunyoqarashni shakllantirishda, tasavvur va bilimlarni to‘ldirishda yetakchi unsurga aylandi. Bugunga kelib axborot almashinuvi va tarqatilishi shu qadar tezlikka egaki, go‘yo ular ongning bo‘sh joyini birinchi bo‘lib egallashga musobaqalashayotgandek.
- Badiiy adabiyot va san’at. Inson tuyg‘ulariga ta’sir ko‘rsatish orqali targ‘ibotni amalga oshirish. Adabiy asar, filmlar, qo‘shiqlar, ijtimoiy roliklarga singdirilgan g‘oya, harakatlar, kiyinish uslublarida ham aks etish orqali muxlis, tomoshabin yoki o‘quvchini ortidan yetaklash qudratiga ega. Shu o‘rinda Cho‘lponning adabiyot haqida aytgan fikrlarini eslab o‘tish joyizdir. “Hech to‘xtamasdan harakat qilub turg‘on vujudimizga, tanimizga suv-havo ne qadar zarur bo‘lsa, maishat (turmush) yo‘lida har xil qora kirlar ila kirlangan ruhimiz uchun ham shul qadar adabiyot kerakdir. Adabiyoti o‘lmag‘on (bo‘lmagan) va adabiyotining taraqqiysiga chalishmagan va adiblar yetishdirmag‘on millat oxiri bir kun hissiyotdan, o‘ydan, fikrdan mahrum qolub, sekin-sekin inqiroz bo‘lur”.
Shahlo AHROROVA,
falsafa fanlari doktori (PhD),
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat
markazi qoshidagi Ijtimoiy-ma’naviy
tadqiqotlar instituti katta ilmiy xodimi.