“Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish borasida tumanimizda qator bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi.
Jumladan, “Obod xonadon”, “Obod ko‘cha”, “Obod mahalla” mezonlari doirasida dastlabki bosqichda tanlangan respublikadagi 14 ta mahallalar ichida “Yangibog‘” mahalla fuqarolar yig‘ini obodonlashtirilib, bunda fuqarolar daxldorligi yaqqol ko‘zga tashlandi.
Mazkur tadbirda tuman hokimligi, sektor rahbarlari, korxona va tashkilotlar, nuroniy otaxon va onaxonlar, mahalla fuqarolar yig‘ini faollari faol ishtirok etishdi. Mahalla fuqarolar yig‘inida dastur doirasida amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilinib, foydalanishga topshirildi.
Ushbu xayrli ishlarning davomi sifatida tumandagi “Mo‘g‘ol” qishloq fuqarolar yig‘ini ham dasturga kiritildi. Dastur doirasida “Yangibog‘” va “Mo‘g‘ol” fuqarolar yig‘inlaridagi 2035 ta xonadondan 1625 tasi ta’mirlandi. 5,9 km. yo‘llarga asfalt qoplamasi yotqizilib, 47,2 km. ichki xo‘jalik yo‘llari ta’mirlandi. 2,5 km piyodalar yo‘lakchasi barpo etildi. 4 km. irrigatsiya tarmoqlari tortildi. Mahallani yanada ko‘kalamzorlashtirish maqsadida katta maydonga daraxt va gullar ekildi. Mahallada elektr ta’minotini yaxshilash hamda tungi yoritish ishlarini amalga oshirish maqsadida 4 ta yangi transformator o‘rnatilib, 12 tasi ta’mirlandi. 131 ta tungi yoritish ustuni, 276 ta elektr tayanch ustunlari o‘rnatilib, 25 km. yangi elektr tarmoqlari tortildi. 17 km. mavjud elektr tarmoqlari ta’mirlandi. Aholining toza ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida 16 km. yangi ichimlik suvi tarmog‘i tortildi, 6 dona suv inshooti ta’mirlandi. Aholi 311 ta suyultirilgan gaz baloni bilan ta’minlandi.
Shuningdek, Yangibog‘ va Mo‘g‘ol mahallalaridagi 37,45-sonli maktab, 8-maktabgacha ta’lim tashkiloti ta’mirlanib, o‘quvchilarning sifatli ta’lim-tarbiya olishi uchun zaruriy shart-sharoitlar yaratildi. Har ikkala mahalla q fuqarolar yig‘inidagi oilaviy shifokorlik punktlarida ta’mirlash ishlari olib borildi.
Dastur doirasida olib borilayotgan ishlardan ruhlangan tashabbuskor tadbirkorlar tomonidan mahallada savdo majmuasi, sartaroshxona, etikdo‘zlik, tikuvchilik sexi hamda avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish ustaxonasi qurilib, foydalanishga topshirildi.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, tumanimizda amalga oshirilayotgan obodlik avvalo, xalqimiz ruhiyatini ko‘tarishga, xalq roziligi yo‘lida xizmat qilayotganligi bilan ahamiyatlidir.
Furqat MUXTOROV,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Baxmal tumanidagi Xalq qabulxonasi mudiri.