“Jizzax haqiqati”ning 16 dekabrda chop etilgan 101-sonidagi “Oldimizdan oqqan suvning qadriga yetaylik” sarlavhali maqolani qiziqish bilan o‘qib chiqdim. Maqolada haqiqatan ham juda dolzarb muammo ko‘tarilgan. Chunki, viloyatimiz dorivor o‘simliklarga boy hudud hisoblanadi.
Masalan ko‘pchilik tapinambur o‘simligini hovliga ekiladigan oddiy gul sifatida biladi, biroq uning ozuqaviy, kosmetologik va davolovchi xususiyatlari borligidan hamma ham xabardor emas. Tapinambur ko‘p yillik o‘simlik bo‘lib, kungaboqarlar oilasiga mansub.
Topinambur turli xil ob havo sharoitida o‘sib rivojlanishga moslashgan. Baquvvat ildizlari tufayli quruq iqlim sharoitiga ham qishning sovug‘iga ham yaxshi bardosh beradi. Uning ildizmevalari dastlabki to‘rt yilda yaxshi hosil beradi, o‘simlik 30 yilgacha yashashi mumkin. Topinambur ildizmevalarida vitaminlar, minerallar, oqsillar, temir moddasi, kletchatka, almashtirib bo‘lmaydigan aminokislotalar, organik moddalar, pektin kabi foydali va dorivor moddalar mavjud.
Topinambur qandli diabetga chalingan insonlar uchun juda foydali. Uning tarkibida inulin va insulinning tabiiy analoglari mavjud, shuning uchun ildiz mevalarini xomligicha yoki qovurilgan holda muntazam iste’mol qilish qondagi qand miqdorini tushiradi. Undan tashqari podagra, siydik tosh kasalligi, kamqonlik, osteoxondroz va semirishdan aziyat chekayotgan bemorlarga juda foydali.
Topinambur ildizmevasidan tayyorlangan qaynatma va qiyom (sirop)ning shifobaxsh xususiyatlari juda ko‘p bo‘lib, uni ichak mikroflorasini tiklash, modda almashinuvini yaxshilash, qon bosimini normallashtirish, gemoglobin miqdorini oshirish, qondagi qand miqdorini me’yorlashtirish, yurak qon tomir sistemasi faoliyatini, me’da osti bezi ishini yaxshilash, jig‘ildon qaynashini yo‘q qilishda yordam beradi. O‘zida insulin va kletchatkani ko‘p saqlagani sababli yaxshigina antitoksik xossaga ega. Shuning uchun organizmni og‘ir metall tuzlari, radionuklidlar, toksinlar va xolesterindan samarali tozalaydi. Undan tashkari ajinlarni yo‘qotish uchun kosmetologiyada keng foydalaniladi.
Oxmurod XUDOYNAZAROV,
viloyat OITSga qarshi kurashish
markazining vrachi.