MAVSUMIY ALLЕRGIYA undan qanday qutilish mumkin?

Ba’zi insonlar bahorda hamma narsa gullashi va ifor taratishini mutlaqo yoqtirmaydi. Afsuski, bularning barchasi allergiya tufayli. Biroq o‘zingizni qiynash shart emas, balki muammodan xalos bo‘lishga harakat qilish lozim. Kundalik turmushimizda turli kimyoviy vositalarning ko‘p qo‘llanilishi, noto‘g‘ri ovqatlanish, ekologiyaning buzilishi, shuningdek, elektronika mahsulotlaridan muntazam foydalanishimiz allergiyaga sabab bo‘lmoqda. Masalan, uning turlari ko‘p: nafas yo‘llari, teri, oziq-ovqat, dori va hasharot allergiyasi…

Ularning ichida mavsumiy allergiya ham borki, u tibbiyot tilida «pollinoz», deb ataladi. O‘simliklar changi sabab bo‘luvchi bu kasallikka chalinish asosan mart, aprel oylaridan boshlanib, boshoqli, sho‘ra va shuvoq gullash davri – kech kuzgacha davom etadi. Ayniqsa, mevali daraxtlar gullaganda kuchayadi. Agar vaqtida e’tibor qilinmasa, mana shu pollinoz ham keyinchalik surunkali astma kasalligiga olib keladi. Pollinoz kasalligi o‘simlik guli changi bilan bog‘liq xastalik bo‘lgani uchun u asosan allergik rinit (burun bitishi, oqishi, qichishishi, aksirish), allerik konyuktivit (ko‘z yoshlanishi, qichishishi, qum kirib qolgandek hissiyot bo‘lishi kabilar) yoki bo‘lmasa allergik rinokonyuktivit (ham burunda, ham ko‘zda yuqoridagi belgilar birgalikda kelishi) ko‘rinishida kechadi. Shifokorlar uning belgilarini kamaytirish uchun ayni bahor mavsumida bemor o‘zini changdan himoya qilishini, burun bo‘shlig‘ini tuzli suv bilan chayib turishini, parhez qilishi va turli zararli odatlar – ichish, chekishdan voz kechishni tavsiya qilishadi. Shuningdek, bemor mavsum paytida bir muddat iloji boricha tog‘ va tog‘oldi hududda istiqomat qilishi ham ta’kidlanadi, chunki tog‘da o‘simlik va gullar nisbatan kechroq gullaydi.

Yurtimizda aynan chang allergiyasiga chalinish juda ko‘p. Ko‘z doktorlariga mart oyidan boshlab, iyunga qadar ko‘plab bemorlar murojaat qiladi. Ular ko‘zim qichishyapti, yoshlanyapti, yorug‘ga chiqsam, ko‘zim qamashib ketyapti, degan shikoyatlar bilan keladi. Bu ko‘z allergiyasining belgilari hisoblanadi. Maxsus mik¬roskop orqali tekshirilganda organizmda allergiya belgilari mavjudligi aniqlanadi. Buni bemorlarning o‘zi ham bilsa, mutaxassisga oson bo‘ladi. Bunaqa holatlarni allergolog va oftalmolog birga davolaydi. Chunki allergiyaning belgilari ko‘pincha ko‘zga bersa, bemorning boshqa a’zolariga ham aks ta’sirini berish ehtimoli ko‘p.

Changlar ko‘zga ko‘rinmas bo‘ladi. U ko‘zning shilliq qavatiga yopishgandan so‘ng organizm reaksiya berishni boshlaydi. Yoshligida kim ko‘proq notoza joylarda daraxtlarning oldida yurgan bo‘lsa, ularda allergiya bo‘lish faktori ko‘proq kuzatilishi mumkin. Burun bitadi, oqadi, qichishadi va tinimsiz aksiradi. Ko‘z qichiydi, yoshlanadi, yorug‘ga chiqib bo‘lmaydi, qum kirgandek bo‘lib turaveradi.

Kasallik avj olishini kutib turmasdan uning oldini olish zarur. Hozirgi kunda buning iloji bor. Buning uchun profilaktik davo va vaksina qo‘llanilib, davolash ishlari allergolog nazoratida olib boriladi. O‘z vaqtida shifokorga murojaat qilinsa bu kasallikdan butunlay xalos bo‘lish mumkin.

Shoxsanam RAXMONOVA,
Shirin ISHANQULOVA,
Abu Ali ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumining o‘qituvchilari

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan