Yangi yil bayrami yaqinlashgani sayin pirotexnika vositalarining quloqni qomatga keltiruvchi ovozi tez-tez eshitila boshlaydi. Aslida pirotexnika vositalari inson salomatligiga jiddiy xavf soladi. Xususan, tananing yuz, ko‘z, qo‘l sohalarida og‘ir chuqur kuyish jarohatlarining yuzaga kelishi, ko‘zlarning shikastlanishi natijasida ko‘rish faoliyatining qisman yoki butunlay buzilishiga olib keladi.
Asoratlar kishilarning ruhiy holatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shuning uchun ham Jizzax viloyati ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan mutasaddi davlat organlari va jamoatchilik faollari bilan hamkorlikda pirotexnika vositalari bilan bog‘liq qonunbuzarliklarning oldini olish va unga chek qo‘yishga qaratilgan kompleks tezkor-profilaktik tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Chunonchi, joriy yilning o‘tgan davrida jami 126 marotaba maqsadli reydlar va tezkor-qidiruv tadbirlari olib borilib, pirotexnika mahsulotlarining noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq 33 ta holatlar aniqlandi. Huquqbuzarlardan esa jami 15 million 172 ming so‘mlik 32 ming 621 dona mahsulotlar olib qo‘yilgan.
Hurmatli hamyurtlar! Siz ham farzandingiz yoki biror yaqiningizga zarar yetkazishni istamasangiz pirotexnika voistalaridan foydalanmang! Jondan aziz deb bilgan bolajoningizga salomatlikka zarar yetkazuvchi bu kabi vositalarni sovg‘a qilmang! Bu bilan Siz avvalo o‘zingiz, qolaversa, qo‘ni-qo‘shnilar, mahalla va yurt tinchligini asragan bo‘lasiz.
Unutmang, O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga asosan pirotexnika vositalarining noqonuniy muomalasi ma’muriy va jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Jizzax viloyati IIB
axborot xizmati.