Har yili eski yilni kuzatib, Yangi yilni kutib olayotganda yuragimizda qandaydir tuyg‘ular junbushga keladi. Albatta, hayotning o‘tib borayotgani xomush hislarni uyg‘otadi. Lekin kirib kelgan yangi yilda kimdir to‘y qilishni, yana birov hovlisidan yangi imorat qurishni niyat qilib qo‘ygan bo‘ladi. O‘sha yoqimli tashvishlar yaqinlashayotganidan xursand bo‘ladi.

Beixtiyor Mustaqillikka erishgan o‘tgan asrning 90-yillari ko‘z oldimizdan o‘tadi. Go‘yo endi hamma narsa butunlay o‘zgarib ketadiganday yoshlar juda xursand bo‘lgandi. Ko‘pchilik hatto turli klublar tashkil etib, mustaqil davlat qanday bo‘lishi kerakligi haqida bahslar tashkil etgandi.

Dinga yo‘l ochib berildi. Odamlar gurra-gurra masjidlarga qatnay boshlagandi. Kimlardir Islom dinining mazmuni, mohiyatidan bexabar odamlarni yig‘ib targ‘ibot-tashviqot yuritardi. Hokimiyatlarning bunday “mayda” ishlar bilan shug‘ullanishga vaqti yo‘q edi. Ularning yagona tashvishi odamlarga non topib berish bo‘lib qolgan edi.

Haqiqatan ham ittifoqning porokanda bo‘lishi tufayli barcha xo‘jalik aloqalari uzilgan, mamlakatda ocharchilik bo‘lishi ehtimoli mavjud edi. O‘zbekiston azaldan paxta yetishtiradigan hudud bo‘lganligi uchun g‘alla faqat chorva mollariga ozuqabop ekin sifatida ekilardi. Yetishtirilgan g‘allani ham ayrim ko‘zi och odamlar ahvoli biznikidan ham abgor bo‘lgan qo‘shni respublikalarga yashirincha chiqarib sotib kelardi.

Esimizda, oiladagi har bir kishi uchun bir oyga 3 kg.dan un sotilishi yo‘lga qo‘yildi. Bir kunga 100 gr.dan to‘g‘ri kelardi. Bir necha yil shunday vaziyatda yashadik. Odamlar o‘sha paytlarda ham hokimiyatlarga arz bilan kelishardi. Ular bugungiday chiroq o‘chayapti, gaz bosimi past, yo‘limiz yomon deyishmasdi. Bizga un bering, o‘n nafar farzandim non so‘rayapti, deyishardi. Bugun bu gaplar hozirgi yoshlar uchun yolg‘onday tuyulishi mumkin, ammo bu haqiqat, tarixni o‘zgartirish, yolg‘on gaplarni aytish, yozish gumrohlikdir!

Viloyat hokimi o‘zgaribdi, degan gapni eshitgan odamlar ichida qo‘l siltab qo‘yganlar ham bo‘ldi. “Qozonda bori cho‘michga chiqadi. Hokim o‘zgargani bilan un omborda bo‘lmagandan keyin, osmondan tushmaydi-ku!”. Ko‘cha-ko‘yda viloyatda bo‘layotgan o‘zgarishlar haqidagi muhokamalarda shunday gaplar aytilardi. Ammo viloyatning yangi rahbari oradan o‘n kun o‘tib, barcha fuqarolar yig‘inlari raislarini viloyat hokimligiga taklif qildi. Raislar Shavkat Mirziyoyevni shu yerda ko‘rdi. U har bir rais bilan so‘zlashib, qancha aholisi borligini so‘rab-surishtirdi, ijtimoiy vaziyatni o‘rgandi.

Shu kunning o‘zida barcha fuqarolar yig‘inlarining raislariga aholi uchun un, o‘simlik yog‘i, shakar berildi. Berilganda ham ikki hissadan berildi. Raislarga sakkiz nafardan oshiq farzandi bor oilalarga bir qopdan un berishni hokimning shaxsan o‘zi tayinladi.

O‘sha kungi xalq quvonchini tasvirlash qiyin. “Bu ne’matlar qayoqdan keldi?” deb hech kim so‘ramadi. Doim xalqidan yashirinib yurgan mahalla raislari yorug‘ yuz bilan odamlarga baraka ulashdi. Un, moy va shakar olganlar esa tezroq yetib olish uchun uyiga shoshilishardi.

Bir ayolning mahalla raisidan:

— Bu un, moy va shakarni qayerdan olib keldingiz? –deb so‘ragani hamon yodimizda.

— Viloyat hokimi berdi!

— Hokim dunyo turgancha tursin, martabasi bundan ham ulug‘ bo‘lsin! –deya qo‘lini fotihaga ochib duo qildi ayol.

O‘sha kuni ming-minglab odamlar Shavakat Mirziyoyevni duo qilgan edi.

Har qanday tog‘ning yuksakligi, mahobati uzoqroqdan yaxshi ko‘rinadi. Mustaqillikni qo‘lga kiritganimizdan buyon qanchalar qiyinchiliklarni ko‘rgan bo‘lsak ham yillar o‘tgan sari uning qadr-qimmati, mohiyatini teran anglab borayapmiz.

“O‘zing mening ulug‘lardan ulug‘imsan, Vatanim!” deganda shoir haq so‘zni aytgan — odam farzandi uchun Vatan bamisoli onaday, bamisoli otaday, bu yorug‘ olamda u bitta, yagona. Vatan borki, biz bormiz. Ona bor mehrini farzandiga bag‘ishlaganday, ruhimiz, qalbimiz, butun borlig‘imizni unga baxshida etamiz. Uning bag‘rida kulgan bahor – bizning bahorimiz, Vatan erishgan zafar – bizning ko‘chamizdagi bayramlarning ramzidir. Uning olamda qozongan obro‘-e’tibori, mavqedan har birimizning chehramizda nur, ko‘zimiz chaqnoq. U bor ekan, boshimiz tog‘larday sarbaland, qaddimiz qoyalarday tik. Ona-O‘zbekistonimiz biz uchun shunday tengsiz, yagona, e’zozli ma’vo, tanho qadriyat. Vatanga sadoqat, ona-yurtga muhabbat hissi kishi qalbidagi eng bebaho tuyg‘udir. Shoirlar ona-Vatanga sadoqat mavzusini otashin misralarda madh etsa, iste’dodli hofizlar buni dilbar navo, soxir ovoz bilan olamga tarannum etadi.

Vatan! Bu muqaddas so‘z zamirida qanchalik ilohiy kuch-qudrat, ma’no, beqiyos da’vat mujassam ekanligini hech kim, hech qachon to‘la ifoda etolmasa kerak. Biz kindik qonimiz to‘kilgan Vatan, ona tuproq bilan faxrlanamiz, e’zozlaymiz. Uning nomini eshitgan zahoti qalbimiz to‘lqinlanadi, bir olam g‘ururga to‘ladi.  Dunyoda o‘zbekistonlikman degan har bir insonning asl vatani shu aziz tuproqdir. Bu muqaddas zaminda ulug‘ bobokalonlarimiz hoki yotibdi. Qalblarda «Vatanni sevmoqlik — iymondandir» degan hikmat muhrlanib qolgan. Uning muqaddasligi ana shu holda namoyon bo‘ladi. Inson uchun yurak nechog‘li zarur va aziz bo‘lsa, vatan undan-da zarur va azizroqdir. Binobarin, ozod va obod vatanda pok odamlar yashashi kishilik jamiyatining azaliy orzusi, aql va idrokning, qalbning eng totli, mo‘jizaviy tantanasidir. Yurtboshimiz bizdan ana shu yo‘ldan yurishimizni, sobit va qat’iy qadam tashlashimiz lozimligini ta’kidlaydi. Bu yo‘l baxtli istiqbol, komil insonlar qo‘nim topadigan, hech kimdan kam qilmaydigan, vatanimiz mazmunini yuksaltiradigan fikratdir. Mamlakatimiz Konstitutsiyasida O‘zbekiston fuqarolari o‘zlarining nasl-nasabi, irqi, millati va boshqa holatlaridan qat’iy nazar teng huquqga egadirlar deb yozib qo‘yilgan. Azizlar, ozod va obod O‘zbekistonni sevmaslik, sog‘inmaslik, qadrlamaslik, unga mehr qo‘ymaslik, u bilan faxrlanmaslik, zarur bo‘lsa, uning sha’nini himoya qilmaslik mumkin emas. Vatan hamisha bizga kuch va harorat bag‘ishlab turadi. O‘zbekiston zamini, ona tuprog‘imiz har birimiz uchun aziz va muqaddas!

Mustaqillik hayotimizga ko‘plab yangiliklar olib kelmoqda. G‘olibona bosib o‘tilgan 32 yillik yo‘lga nazar solsak, bu o‘zgarishlar yaqqol ko‘zga tashlanadi.  Milliy istiqlol sharofati tufayli o‘zligini tanib, qadr-qimmatini topib, qad rostlayotgan, o‘ziga xos taraqqiyot va yuksalish yo‘llarini belgilab, istiqbolning ko‘z ilg‘amas yorqin ufqlari sari muzaffar odimlar tashlab borayotgan O‘zbekistonimizning jahon uzra e’zozu e’tibor, shonu shuhratga sazovor bo‘lib, teran, baquvvat ildizlari asrlar qa’riga borib tutashuvchi asl milliy qadriyatlarimiz, sharqona urf-odatlarimiz, ajoyib-g‘aroyib an’analarimiz, go‘zal udumlarimiz, dinu iymonimiz, e’tiqodu e’timodimiz, qayta tiklanganligi, hayotda o‘z o‘rnini topayotganligi hamda xalqimizning bebaho ma’naviy mulkiga aylanib borayotganligining yaqqol isbotidir.

Mana 32 yildirki, ona yurtimiz bag‘rida mazmuni va ko‘lami asrlarga qiyos qilgulik ulug‘vor, hayratomuz o‘zgarishlar, salmoqli ijtimoiy siljishlar yuz bermoqda, xalqimizning turmush tarzi, ma’naviy qiyofasi boyib, sifat jihatidan o‘zgarib, kamalak ranglaridek yangi jilolar kashf etib bormoqda. Bu esa, shubhasiz, baxtiyor zamondoshlarimizning olg‘a tomon harakatlarida, intilishlarida, ularning yuksak ezgu maqsadlar sari xayrli izlanishlarida o‘z ijobiy samarasini namoyon etmoqda. Milliy istiqlol bamisoli sehrli mo‘jiza yanglig‘ berkilib qolgan buloqlar ko‘zini ochib, ming-minglab tashna insonlarga obi hayot ato etganidek, yurtimiz odamlarining ham yuzlariga quvonch va ziyo bag‘ishlab, ularning ijtimoiy hayotning barcha jabhalarida javlon urishlari, o‘z iste’dodu iqtidorlarini, qobiliyatlarini to‘la-to‘kis namoyon etishlari uchun keng ufqlar ochib berdi.

Ayniqsa, mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichini boshlab bergan “O‘zbekiston -2030” strategiyasining maqsadi olib borilayotgan islohotlar samaradorligini tubdan oshirish, davlat va jamiyatning har tomonlama va jadal rivojlanishini ta’minlash uchun shart-sharoitlar yaratish, mamlakatni modernizatsiyalash va hayotimizning barcha sohalarini erkinlashtirishdan iboratdir. Mazkur hujjatning e’lon qilinganiga ko‘p vaqt bo‘lmadi, ammo dastlabki oylardan o‘z samarasini yaqqol namoyon etdi.

Keyingi yetti yilda butun mamlakatimizda ijtimoiy, iqtisodiy, ma’naviy hayotimiz tubdan o‘zgarib ketdi. Inson qadri, omili oliy qadriyatga aylandi.  Davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirishga yo‘naltirilgan demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va mamlakatni modernizatsiya qilishda parlamentning hamda siyosiy partiyalarning rolini yanada kuchaytirish, davlat boshqaruvi tizimini isloh qilish, davlat xizmatining tashkiliy-huquqiy asoslarini rivojlantirish kun tartibiga qo‘yildi. “Elektron hukumat” tizimini takomillashtirish, davlat xizmatlari sifati va samarasini oshirish, jamoatchilik nazorati mexanizmlarini hayotga tatbiq etish, fuqarolik jamiyati institutlari hamda ommaviy axborot vositalari rolini kuchaytirish, qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilishga yo‘naltirilgan sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha ulkan islohotlar amalga oshirildi. Iqtisodiyotni yanada rivojlantirish va liberallashtirishga yo‘naltirilgan makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash va yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini saqlab qolish, milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish, qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish va jadal rivojlantirish, iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish bo‘yicha institutsional va tarkibiy islohotlar uzviy davom etmoqda.

Olamshumul o‘zgarishlar natijasida viloyatimiz iqtisodiyoti ham yildan yilga rivojlanib bormoqda. Buni 2023 yilda qo‘lga kiritilgan yutuqlar ham ko‘rsatib turibdi.

Joriy yil yanvar-dekabr oylarida Yalpi hududiy mahsulot ishlab chiqarish hajmi 33,1 trln.so‘m bo‘lib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 104,5 fizga o‘sishga erishildi. Bunda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 21,4 trln.so‘mga yetdi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 24,8 trln.so‘mni tashkil etdi. Xizmatlar ko‘rsatishning rivojlanishi ko‘rsatkichi 9,6 trln.so‘mga yetdi. Qurilish pudrat ishlari hajmi 3,8 trln.so‘mni tashkil etdi. Viloyat iqtisodiyotida bunday yuksalish hali kuzatilmagan edi.

 Aholi bandligini ta’minlash maqsadida barcha sohalarda yuzlab loyihalar amalga oshirildi. Viloyat bo‘yicha 2023 yilda hokim yordamchilari ko‘magi bilan 157 095 nafar aholi bandligi ta’minlandi. Shundan, 62 815 nafar kishi yakka tarbida faoliyat ko‘rsatib, o‘zini-o‘zi band qildi. 88 368 nafari doimiy va mavsumiy ishlarga joylashtirildi, 5 912 nafar aholi haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etildi, 2 438 nafar yurtdoshlarimiz usta-shogird an’anasiga asosan hunarmandchilik bilan shug‘ullanmoqda. 3760 nafar fuqarolar yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tdi. 7389 nafar (“Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” ro‘yxatida turgan) aholining yer maydoni ajratish orqali bandligi ta’minlandi.

Bugungi kunga qadar 9022 nafar yurtdoshlarimiz kasb-hunarga o‘qitildi.

Hokim yordamchilari tomonidan “Onlayn mahalla” platformasi shakllantirilgan bo‘lib, unga jami qiymati 386,7 mlrd.so‘mlik, shundan 239,9 mlrd.so‘m o‘z mablag‘i va 146,8 mlrd.so‘m bank krediti mablag‘lari hisobiga 6 260 nafar yangi ish o‘rinlari yaratilishi belgilangan 1 706 ta loyihalar joylashtirilgan bo‘lib, amalda 1 185 ta loyihada 222,8 mlrd.so‘m mablag‘ o‘zlashtiridi, 4462 nafar ishsiz fuqarolar bandligi ta’minlandi.

Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ishsiz 2650 nafar aholiga 11,6 mlrd.so‘m mablag‘lar hisobidan subsidiya asosida asbob-uskunalari yetkazib berildi.

Mamlakatimizda fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash, Xalq qabulxonalar faoliyati yo‘lga qo‘yilishi bilan shahar va qishloqlardagi muammolar yaqqol ko‘rinib qoldi. Odamlar g‘alla, paxta yetishtirishi, qazilma boyliklarni qayta ishlashi ham mumkin. Lekin xalqqa qanday yashash, mehnat qilish sharoitlari yaratib berilayapti? Mahallalarning ahvoli qanday, ko‘chalar, tunlari ularning yoritilishi qanday? Yoshlar haqida ko‘p gapiriladi ularga nima qilib berilayapti? Prezidentimiz ilk bor saylanganida ana shu masalalarni ko‘tarib chiqdi.

Xalqimiz qandaydir mavhum kelajakda emas, bugun yaxshi yashashi kerak degan g‘oya barcha strategiya va dasturlarga asos bo‘ldi. Davlatimiz rahbari va hukumati qabul qilgan qaror va farmoyishlarga asosan 2023 yilda 1644 km. avtomobil va ichki yo‘llar ta’mirlandi. 1036 km. ichimlik suvi tortildi, 145 ta suv inshootlari barpo etildi. Natijada 385813 nafar yurtdoshlarimizning ichimlik suvga bo‘lgan talabi ta’minoti yaxshilandi. 381,4 km. elektr tarmoqlari yangidan tortildi, 101 dona transformatorlar o‘rnatildi va 25620 ta aholi xonadonlarining elektr ta’minoti yaxshilandi. 57 km. gaz tarmoqlari tortilishi natijasida 69149 ta aholi xonadonlariga tabiiy gaz yetkazib berish yaxshilandi.

Viloyatimizdagi ezgu ishlarning hammasini hikoya qilish uchun bitta kitob sahifalari ham yetmaydi. Eng muhimi odamlar o‘z ko‘chasi, mahallasi, farzandi o‘qiyotgan maktab, mahalladoshlari yurgan ko‘cha va yo‘laklar, kam ta’minlangan qo‘shnisining ahvoliga kuyinishga o‘rgandi. Befarqlik, loqaydlik, xo‘jasizlik barham topdi. Mahallaning yoshu-qarisi “Tashabbusli budjet”da ishtirok etib, mahallasidagi yo‘l va yo‘laklar qurilishi, maktab va bog‘cha ta’miri, gaz, elektr, suv tarmoqlari o‘tkazilishi uchun ovoz berishmoqda.

Qachonki xalq uyg‘oq bo‘lsa taraqqiyot bo‘ladi, hayot farovon, turmush go‘zal bo‘lib boraveradi. Kirib kelgan 2024 yilni mudroqlikdan qutilib, uyg‘oq kutib olganimiz muborak bo‘lsin.

Asad MUSTAFOYEV

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan