HAMMA YO‘LLAR MAHALLADA TUTASHADI

Mahalla raisi xonasida o‘tiraverib zerikdi. Birorta mahalladoshi eshigini ochib hech bo‘lmaganda salom-alik qilib ketganida ham mayli edi. Ishga kelganiga ikki soat bo‘ldi, ammo xonasiga hech kim kirmadi. U o‘rnidan turib, tashqariga chiqdi. Mahallaga kelganlar hokim yordamchisini, ayollar xotin-qizlar faolini, yigit-qizlar yoshlar yetakchisini so‘rab, ishlarini bitirib ketishmoqda. Rais o‘zini mahallada keraksiz odamday his etdi.

Mahallalarni qo‘llab-quvvatlashni yanada takomillashtirish, mahallabay ishlashga mas’ul bo‘lgan shaxslar faoliyatini samarali tashkil etish va ularning hamkorligini ta’minlash hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini yurgazish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, ularga qonunda belgilangan vakolatlarini amalga oshirishda ko‘maklashish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2023 yilning 21 dekabrida «Mahalla institutining jamiyatdagi rolini tubdan oshirish va uning aholi muammolarini hal etishda birinchi bo‘g‘in sifatida ishlashini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmonga imzo chekdi.

Albatta farmon bilan ko‘pchilik tanishib, uning mohiyati va maqsadlarini anglab olishga ulgurdi. Shu maqsadda mazkur me’yoriy hujjatni sharhlab o‘tirmay, u tufayli mahallalarda qanday o‘zgarishlar bo‘lishi haqida fikr yuritganimiz ma’qul. Shuning uchun bevosita xalq bilan davlat o‘rtasidagi odamlar bilan uchrashib, ularning mulohazalarini bilish, mahallada qanday o‘zgarishlar bo‘layotganini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rish uchun Sharof Rashidov tumanidagi Qang‘li mahallasiga yo‘l oldik.

Mahalla ahli 1916 yildagi Jizzax qo‘zg‘olonida uy-joyi vayronaga aylangach, shu yerga ko‘chib kelib o‘rnashgan ekan. Keksalarning aytishicha, bu yerdan katta Abdullaxon arig‘i oqib o‘tgan va bog‘dorchilik, dehqonchilik qilish uchun qulay joy bo‘lganligi tufayli ham odamlar shu yerni makon qilishgan ekan. Davrlar o‘tib, kichkina qishloq 8000dan oshiq aholisi, 1227 ta xonadoni bor mahallaga aylandi.

Qang‘li mahallasi raisi Asad Toshmurodov qayergadir shoshib turgan ekan.

— Tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bilan hamkorlikda seminar tashkil etganmiz, tomorqalardan samarali foydalanish masalasi qiziqtirsa, balki sizlar ham birga borarsizlar, -deya taklif qildi u.

Seminar bevosita tomorqasidan daromad topayotgan oilalar xonadonlarida tashkil etilibdi. Jabborovlar oilasi ko‘p yillardan buyon tijorat bilan shug‘ullanadi. Topayotgani ro‘zg‘or tebratishga yetadi.

— O‘tgan yili turmush o‘rtog‘im bilan sayohatga Turkiyaga bordik. Anqara bozorini aylanib yurib, mevalar sotilayotgan rastalar yoniga borganimda go‘yo yoz fasliga tushib qolganday bo‘ldim. Turfa mevalar hidi orasida qulupnayning bo‘yi o‘zgacha edi, -deya hikoya qildi xonadon sohibasi Yulduz Jabborova. — Rastalarda qulupnaylar olmosday tovlanib turardi. Biz yarim kiloni olib, chekkaroqdagi qahvaxonaga kirib yeb oldik. O‘shanda hovlimizda issiqxona qurib, farzandlarimiz uchun qulupnay yetishtirishni ko‘nglimga tugib qo‘ygandim.

Har bir mevali o‘simlikni yetishtirish, undan mo‘l hosil olishning o‘ziga yarasha sir-sinoati bor. Yulduz ishdan kelganidan keyin Internetga kirib, qulupnayni ochiq dalada, issiqxonada yetishtirish usullarini o‘qib o‘rgana boshladi. Koreya respublikasi, Yaponiya kabi davlatlarda aholi hatto ko‘p qavatli uylarning tomlarida ham ko‘katlar, rezavor mevalar yetishtirar ekan. Ularning suratlarini ko‘rib, Yulduz hayratga tushdi.

— Yulduz Jabborova kelib, hovlisidan issiqxona qurmoqchi ekanligini aytganida xursand bo‘ldim. Chunki ularning oilasida hamma o‘zini o‘zi band qilgan, tijorat ishlari bilan mashg‘ul edi, -deydi mahallaning hokim yordamchisi Umid Yunusov. — “Kichikroq qilib quraman, yetishtirilgan hosil oilamizga yetib tursa bo‘ldi” degandi u.
Hokim yordamchisi bir vaqtlar bankda ishlagan, mijozlar bilan muomila qilishni yaxshi biladi. U Yulduz Jabborovani mahallada issiqxona qurib, ikki yildan buyon qulupnay yetishtirayotgan Lapas Hasanov xonadoniga olib bordi. Lapas akaning farzandlari usta, issiqxonani o‘zlari qurishgan. Faqat isitish tarmog‘ini vodiydan olib kelishgan. Issiqxona tomchilatib sug‘orishga moslashtirilgan ekan.

Bu oilaning bir sotix issiqxonadan olayotgan daromadi haqida eshitib, tijoratchi emasmi, Yulduz qiziqib qoldi.

— Hovlimizda biz ham shunday issiqxona quramiz, faqat 2,5 sotix bo‘ladi. Undan tashqari qulupnay yetishtirishning gidroponika usuli bor ekan, biz shu usulda ish olib boramiz, -dedi Yulduz Jabborova. — Faqat bankdan kredit olishga yordam qilib yuborasiz-da.

Hokim yordamchisi bu oilaga bankdan 66 mln. so‘m imtiyozli kredit olishga ko‘maklashdi. Yetmaganiga oila jamg‘armasidagi pullar ishlatildi.

Jabborovlar oilasi tomorqasida issiqxona qurildi, qurilganida ham xorijdagi issiqxonalardan farqi yo‘q edi. Qurilishni o‘z ishining haqiqiy ustalari amalga oshirdi. Isitish tarmoqlari ko‘mirga moslashtirildi. 8 kg. ko‘mir bir kecha-kunduz davomida issiqxonaga kerakli haroratni beradi.

— Tumanimizdagi tomorqa egalarini seminarimizga taklif etdik. Yerning har qarichidan unumli foydalanish hisobiga oilaga qo‘shimcha daromad qilish imkoniyatlari mavjudligini ularning o‘zlari ko‘rib, xulosa chiqarishlarini istaymiz, -deydi Sharof Rashidov tumani fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa egalari kengashining raisi Abdunabi Abduraximov.

Bir vaqtlar Qang‘li mahallasining aholisi asosan chorva bilan shug‘ullanardi. Mahalla hududi kengaydi, o‘rtasidan Jizzax MIZ hududiga yo‘l o‘tdi. Bir so‘z bilan aytganda mahallaga kelib-ketuvchilar ham ko‘paydi. Shuning uchun xizmat ko‘rsatish shoxobchalari soni ham ortib bordi. Yangi choyxona va qahvaxonalar tashkil bo‘ldi. Poyafzal ta’mirlash, sartaroshxona, kompyuter xizmati, avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatuvchi ustaxonalar paydo bo‘ldi.

— Mahallada dastlab ish boshlagan kunlarda men drayver soha sifatida chorvachilikni tanlagan edim. Bo‘rdoqichilikni rivojlantirish uchun ko‘plab fuqarolarga molxona qurish, mol sotib olish uchun kreditlar olishga ko‘maklashdim. Lekin ochig‘ini aytganda bu ishlardan negadir ko‘nglim to‘lmasdi. Mahallada ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun nimadir qilish kerak, qandaydir yangi sohaga qo‘l urish lozim deb o‘ylardim. Xatlov davrida barcha mahalladoshlarning hovlisiga kirib ko‘rganman, ayrimlarining tomorqasi 0,10 gektar chiqadi. Shunda tomorqalarda issiqxonalar qurish kerak degan g‘oya paydo bo‘ldi, -deya izoh berdi hokim yordamchisi Umid Yunusov.
Darhaqiqat, har qanday ish boshlab olguncha ko‘zga qiyin ko‘rinadi, daromad olib boshlagandan keyin qiyinchiliklar ham yoddan chiqib ketar ekan. Qang‘lida qisqa davrda 40 ta xonadonda issiqxonalar qurilib, ishga tushirildi. Ikki-uchtasida rezavor mevalar yetishtirilsa, boshqalariga sitrus mevali daraxtlar, sabzavot, ko‘katlar ekilmoqda. Hosildorlikni oshirishning yangi-yangi usullari paydo bo‘lmoqda. Eng asosiysi qang‘lilik tadbirkorlar yetishtirgan mahsulotlarini qo‘ni-qo‘shnilarga bozor narxidan ancha arzon sotishmoqda, bu ham yaqin insonlar o‘rtasidagi oqibatning bir ko‘rinishida!

— Davlatimiz rahbarining «Mahalla institutining jamiyatdagi rolini tubdan oshirish va uning aholi muammolarini hal etishda birinchi bo‘g‘in sifatida ishlashini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmonini diqqat bilan o‘qib chiqdim. Endilikda mahalla faollarining ish uslubi tubdan o‘zgaradi. Agar “mahalla beshligi”ning joriy etilishi, mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish, o‘zini o‘zi band qilish orqali oilalarga daromad qilish imkoniyatining yaratilishini birinchi bosqich desak, Prezident farmonida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, mahallalarni taraqqiy ettirishning ikkinchi bosqichi boshlanganini sezish qiyin emas, -deydi Qang‘li mahallasining hokim yordamchisi.
Endilikda “mahalla yettiligi” aholining o‘zini o‘zi band qilish yoki chorva, issiqxonalar sonini ko‘paytirish bilan chegaralanib qolmaydi. O‘sha tadbirkorlar kichik va o‘rta biznes ostonasiga qadam tashlashlari lozim. Mahalla faollari shularning rejalarini belgilab olishmoqda.

2023 yilda mahallani obod qilish yo‘lida ulkan ishlar bajarildi. Prezidentning mahallalar infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan 408-sonli qarori asosida 4 ta ichki yo‘lga asfalt yotqizildi. 1 ta ko‘cha betonlashtirildi, bir chaqirimdan oshiq ko‘chalar shag‘allashtirildi. Mahalla hududiga ming tupdan ortiq daraxt ko‘chatlari ekildi. 150 o‘rinli davlat maktabgacha ta’lim muassasasi rekonstruksiya qilindi, bitta davlat xususiy sherikchilik asosida 150 o‘rinli MTT qurilgani, beshta uy bog‘chasi tashkil etilishi hisobiga mahallada maktab yoshigacha bo‘lgan bolalar qamrovi 80 foizdan oshdi.

Mahalladagi tadbirkorlar soni 73 taga yetdi, o‘zini o‘zi band qilganlar 105 nafar bo‘lib, 28 nafariga subsidiyalar ajratildi.

— Prezident farmonida mahalla raisi, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli va yoshlar yetakchisining vazifalari aniq belgilab berildi. Endi hamma masalalar birgalikda hal etiladi.
Mahallamiz aholisi har qanday masalani bamaslahat hal qilishga o‘rgangan, -deydi fuqarolar yig‘ini raisi Asad Toshmurodov. — Yoshu-qariga oqsoqollarimiz bosh bo‘lib, tez-tez shanbaliklar tashkil etmoqdamiz, shuning uchun ko‘chalarimiz doim toza. Bir ko‘prigimiz eskirib qolgandi, darrov hashar tashkil qilib mustahkamladik. Bir nafar mahalladoshimizning yashayotgan uyini to‘liq ta’mirlab berdik.

Agar chuqurroq mushohada qilinsa, mahalladan ayro birorta ham odam, korxona yoki tashkilot yo‘q. Boshqaruv, ma’muriy idoralar, ishlab chiqarish korxonalari ham mahallada joylashgan. Demak, hamma yo‘llar mahallada birlashadi.

Asad MUSTAFOYEV.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan