TARBIYADA “VAKSINA”

Shoir Abdulla Oripov suhbatlardan birida poraxo‘rlik illatini tirnoqqa o‘xshatgan edi, ya’ni u o‘sib chiqaveradi, faqat muntazam qirqib turish kerak. Darhaqiqati, korrupsiyayani batamom yenggga mamlakat yo‘q, ammo uni jilovlaganlar bor — bu davlatlar tajribasi bizga asqotishi mumkin.

Yaqinda bir dugonam farzandli bo‘ldi. Shifoxonadagi doya ayoldan tortib, onaga qarovchi hamshiralarning barchasi “suyunchidan” umidvor — kishining qo‘liga qaraydi. Yana “menga pul tegmadi” deb arazlab qolganlari ham bo‘ldi. Bugun yorug‘ dunyoga kelgan mittigina go‘dakning kichik boshi ham korrupsiyaga urilmayaptimi?! Hali bu boshlanishi. Go‘dakning kasalxonadan olib chiqmasidan qaynona kelinning onasiga olib kelinishi lozim bo‘lgan narsalarning ro‘yxatini tutqazibdi. Katta beshik to‘y qilishar ekan. Qizning ota-onasi borini to‘kib, farzandining tinchini o‘ylaydi. Mana shu “tinchi”ni o‘ylab hali nechta marosimlarni katta dabdaba bilan o‘tkazib beradi.

Biz korrupsiya deganda, “beli og‘rimay” olingan mo‘maygina daromadni tushunishga o‘rganib qolganmiz. Aslida uning boshqa turli ko‘rinishlari ham mavjud. Masalan, har safar boshlig‘imiz poytaxtga borganida, yuqoridagi boshliqlarimiz yoniga bir dunyo sovg‘a-salomlar bilan ketadi. Albatta, biz buni mehmondorchilikka, qo‘li ochiqlikka yo‘yamiz. Shunchalik sahiy ekanmiz, nega unda pulga juda muhtoj qo‘shnimizdan ozgina yordamimizni qizg‘onamiz?! Mansabi bor tanishlarimizga salom-alikni juda maromiga yetkazib qo‘yishimiz ham bor gap. Garchi bizga zarracha foydasi tegmasa-da, unga uyimizning to‘ridan joy beramiz, to‘y-marakaning eng avvalida ularni chaqiramiz. O‘qishda, ishla, ko‘cha-ko‘yda o‘z manfaatlarimiz uchun ishimizni oson yo‘l bilan bitirishga, pora berishga yoki tanish-bilishlarni ishga solishga harakat qilamiz. Haqiqat uchun kurashishga hech birimizda toqat yo‘q. O‘zimizni ayaymiz, hamma qilayotgan ishni takrorlaymiz. Xo‘sh, bu ketishda biz qay manzilga yetamiz? O‘zligimizni yo‘qotib qo‘ymaymizmi?!

Kishi esini taniy boshlashi bilan o‘z shaxsiy manfaatlarini hamma narsadan ustun bilib ulg‘ayadi. Negaki atrofimizdagi odamlarning o‘zi bizga shuni bolalikdan singdiradi. Hatto o‘zim guvohi bo‘lganman, ba’zi oilalarda farzandining qaysi kasb egasi bo‘lishini ham bozor iqtisodiyotidan kelib chiqib, ota-oanning o‘zi belgilab beradi. Mana shunday manfaatli qarorlar iskanjasida qolgan o‘smirdan kelgusida nimaniyam kutish mumkin?! Aksariyat hollarda yoshgina maktab o‘quvchilarining ham belini og‘ritmasdan pul topish haqida o‘ylashlari kishini cho‘chitadi.

Bir haqiqat borki, biz parvarish qilayotgan farzand faqat bizniki emas — u jamiyatniki, ertangi kelajak egasi! Shunday ekan, biz korrupsiyaga qarshi “vaksina”ni, eng avvalo oiladin boshlashimiz kerak. Farzandimizga o‘zining insoniy qadri eng katta boylik ekanligini, mehnati, harakati va bilimi orqaligina maqsadlariga erishishi mumkinligini doimo o‘qtirishimiz kerak.

Sarvinoz MAMANOVA,
“Iste’dod” gazetasining bosh muharriri.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan