QONUNIYLIK VA ADOLAT —ASOSIY MЕZON

Mamlakatimizda Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan inson huquqlarini muhofaza qilish, qonun ustuvorligini ta’minlash, jinoyatchilikning oldini olish, aholining huquqiy savodxonligini oshirish, korrupsiyaga qarshi kurash, sud-huquq tizimini takomillashtirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ta’kidlash joizki, bu borada prokuratura organlari tomonidan barcha yo‘nalishlarda salmoqli ishlar qilinmoqda va muhim natijalarga erishilmoqda. Yurtimizdagi tub islohotlar natijasida prokuratura organlari faqat jazolovchi emas, balki fuqarolarga, xususan, tadbirkorlarga, yordamga muhtoj oilalarga ko‘maklashuvchi, ularni qo‘llab-quvvatlovchi organga  aylanayotgani fikrimizning yorqin isbotidir.

     Muhtaram Prezidentimiz 2016 yil 19 dekabr kuni prokuratura xodimlari uchun muhim tarixiy sanaga asos soldilar. Ya’ni, “8 yanvarni – O‘zbekiston Respublikasi prokuratura organlari   xodimlari   kuni” deb belgilash haqidagi qonunni imzoladilar. Shundan buyon adolat va qonuniylik posbonlari har yili kasb bayramlarini nishonlab kelayaptilar. Bugungi kunda prokuratura organlari xodimlari zimmalariga yuklatilgan har qanday vazifani bajarishga vijdonan, sadoqat va yuksak mas’uliyat bilan yondashmoqda. 

O‘tgan yili  viloyat prokuraturasi organlari shaxsning huquq va erkinliklari, davlat va jamiyat manfaatlarini ishonchli himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini o‘z vaqtida hal etish, faoliyatda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashda salmoqli natijalarga erishdi.

Asosiy e’tibor prokuratura organlari xodimlari ayniqsa, yosh mutaxassislarning “Inson qadri uchun” tamoyili asosida kasbiy va ishchanlik mahoratini oshirish, ularning ma’nan yetuk, halol hamda o‘z kasbiga sadoqatli va yuqori mas’uliyatli kadrlar sifatida shakllanishiga qaratilmoqda. Soha vakillarining ongi va qalbiga “Qonun ustuvorligini ta’minlash, inson, jamiyat va davlat manfaatlarini himoya qilish – har bir prokuratura xodimining sharafli burchidir!” degan ustuvor konseptual-g‘oyaviy shiorning mazmun-mohiyatini singdirish maqsadida ko‘plab ma’naviy tadbirlar muntazam ravishda o‘tkazib borilayapti. Ishning bunday tashkil etilishi o‘z samarasini bermoqda.

O‘tgan 2023 yil mobaynida Jizzax viloyat prokuraturasi organlari tomonidan jami 17 367 ta prokuror nazorati hujjatlarini qo‘llash orqali 26 766 nafar shaxslarning buzilgan huquqi tiklandi. Davlat, jamiyat va fuqarolarning manfaatlarini ishonchli himoya qilish maqsadida sudlarga 86 milliard 283 million so‘mlik 2 637 ta da’vo arizalar kiritildi.

“Prokuror va yoshlar” mavzusida 490 marotaba uchrashuvlar o‘tkazildi. Tadbirlarda 13 ming nafardan ziyod yoshlardan kelib tushgan 1 082 ta murojaatlarning 831 tasi ijobiy hal etildi. Faoliyat ko‘rsatmayotgan 252 ta tadbirkorlik subyektlarining faoliyati prokuratura organlarining aralashuvi bilan tiklandi.

Shuningdek, prokurorlarning amaliy yordami bilan 1 025 ta yangi tadbirkorlik subyektlari tashkil etilib, ularda 3 269 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi. Viloyat prokuraturasi organlarining aralashuvi bilan 89 milliard so‘mdan iborat muammoli kredit qarzdorligi undirildi.

 114 milliard so‘mlik kredi mablag‘i talon-taroj qilinganligi aniqlanib,  aybdorlarga nisbatan 59 ta jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi. Budjetga undiruv rejasi birgina o‘tgan yilning noyabr oyida 105 foizga bajarildi. Bunda jonbozlik ko‘rsatgan 18 nafar xodimlar Bosh prokuror tomonidan munosib rag‘batlantirildi. 

O‘tkazilgan nazorat tadbirlarida 3 854 ta holatda energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish fakti aniqlanib, 23 milliard so‘mlik zarar undirildi.

Prezidentimizning “2023 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 57 – sonli Qaroriga asosan 1 317 ta aholi xonadonlarga 3.370 kVt quyosh panellari o‘rnatilishi ta’minlandi.

Shaffof qurilish elektron tizimi orqali qurilishning barcha bosqichlari prokurorlar rahbarlik qilayotgan shtablar tomonidan to‘liq nazoratga olinib, 230 milliard so‘m mablag‘lar iqtisod qilindi.

2023 yil manzilli dasturlaridagi 4 401 ta obyektlarning 4 381 tasi (86 foiz) foydalanishga topshirildi. 

Joriy yilda pilla, g‘alla va paxta rejalari ortig‘i bilan bajarildi. O‘zboshimcha egallangan 1,016 gektar yerning 741 gektari ixtiyoriy qaytarildi, 14 ga. maydondagi noqonuniy qurilmalarni bartaraf etish choralari ko‘rildi. Tergov jarayonlarida aniqlangan 148 milliard so‘m zararning 114 milliard so‘mi yoki 77 foizi  undirildi.

Viloyatimizdagi 308 ta mahallalarning 170 tasida yoki 55 foizida jinoyatlar sodir etilmasligiga erishildi.

Jami kelib tushgan 16 760 ta murojaatlarning 11 941 tasi bevosita prokuratura organlarida ko‘rib chiqildi. Prokurorlar tomonidan 16 267 nafar fuqaro qabul qilindi. Murojaatlarni ko‘rib chiqishda asosiy e’tibor fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklashga qaratilib, bu borada 14,7 milliard so‘mlik ish haqi, pensiya, aliment va boshqa to‘lovlarni undirishda amaliy yordamlar ko‘rsatildi.

Viloyat prokuraturasi organlari tomonidan hududda qonun ustuvorligini ta’minlash, qonuniylikni mustahkamlash, inson, jamiyat va davlat manfaatlarini ishonchli va samarali himoya qilish borasida amaliy ishlar davom etmoqda.

Vasil ILYOSOV.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan