Ma’naviy-ma’rifiy tadbir
Harbiy o‘g‘lonlar huzurida
O‘zbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasi tashabbusi bilan 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni hamda ”Vatanparvarlik oyligi” munosabati bilan Samarqand shahridagi O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining Kichik mutaxassislarni tayyorlash markazida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. E’tiborlisi, unda mezbon shahardan tashqari Jizzax va Navoiy viloyatlari jurnalistlari ham ishtirok etdilar.
– Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan markazimizda 14 dekabrdan buyon “Vatanparvarlik oyligi” doirasida yoshlarning tashrifi, qurol-yarog‘lar va harbiy texnikalar ko‘rgazmasi davom etmoqda, – deydi Kichik mutaxassislarni tayyorlash markazi boshlig‘i o‘rinbosari, podpolkovnik Yo‘ldosh Xaliikov. – Jurnalistlar tashrifi esa markazdagi o‘zgarishlar va sharoitlarni hamda milliy armiyamizga har jihatdan yetuk himoyachilar tayyorlash tizimini keng yoritishga imkon berishi bilan bizni mamnun etdi.
Harbiylar ana shunday mamnuniyat hissi ila mehmonlarni o‘quv yurti hovlisiga boshladilar. Vatan bayrog‘i Vatan himoyachilari qo‘lida mag‘rur qad rostlab, ishtirokchilarga yo‘l ko‘rsatdi. Dastavval bir vaqtning o‘zida 1500 nafar kursantni qamrab oluvchi o‘quv xonalari, harbiy ta’lim shart-sharoitlari bilan tanishdik. Markazda ko‘rgazmali stendlar, o‘quv qurollari va texnikalar maketi bilan to‘liq jihozlangan 2 ta o‘quv bino, xizmat doirasida foydalanish uchun 1500 dan ortiq darsliklar, jangovar tayyorgarlikga oid o‘quv qo‘llanmalardan iborat kutubxona, elektron kutubxona, artilleriya, otish va texnik tayyorgarlik fanlaridan mashg‘ulotlarni o‘tish uchun trenajyorlar sinfi, taktik tayyorgarlik uchun Point kompyuter sinfi mavjud. Ochig‘i, o‘quv xonalarining eng so‘nggi rusumdagi jihozlari, amaliy va nazariy bilimlar olish uchun sharoitlarning mukammalligi barchada katta taassurot qoldirdi. Amir Temur va Jaloliddin Manguberdi sinflari esa haqiqiy muzey edi. Bu sinflarda mardlik va jasorat timsoliga aylangan bobokalonlarimizning hayot yo‘li qadam-baqadam ko‘rgazmali tarzda tasvirlangan.
Ma’naviyat va ma’rifat maskani, mardaniyat markazi, yotoqxona, oshxona bilan tanishuv ham o‘g‘lonlarning harbiy hayot tarziga oid tasavvurlarimizni boyitdi. Shundan so‘ng harbiylarning ko‘rgazmali chiqishlari namoyish etildi. Harbiy sport turlariga asoslangan chiqishlarni abjirlarcha namoyish etgan yosh harbiylar O‘zbekiston armiyasining shunqorlari edi go‘yo.
-2018 yilga qadar milliy armiyamiz uchun kichik mutaxassislar mamlakatimizdagi harbiy okruglarning serjantlar maktablarida tayyorlanar edi. Davlatimiz rahbari, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni tashabbusi bilan 2018 yil aprel oyida serjantlar maktablari tugatilib, mamlakatimizda yagona Kichik mutaxassislar tayyorlash markazi tashkil etildi, – deydi markaz boshlig‘i, polkovnik Anvarbek Djabbarov. – Avvalgi tizimda asosiy e’tibor kichik komandirlar tayyorlashga qaratilgan bo‘lsa, endilikda ushbu vazifa bilan birga serjantlar malakasini oshirish ham yo‘lga qo‘yildi. Bu yerda muhandislik bo‘linmalari, aloqa bo‘linmalari, zirhli tank xizmati, artilleriya bo‘linmalari, quruqlikdagi qo‘shinlar va havo hujumidan mudofaa singari 13 ta yo‘nalish bo‘yicha kichik mutaxassislar tayyorlanadi. Kelgusida markazning o‘quv jarayonini yanada rivojlantirib, xalqaro tajribalarni o‘rgatish rejalashtirilgan.
OAV xodimlari va markaz tinglovchilari bilan o‘tgan uchrashuv tadbirga yakun yasadi. Unda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi v.b. Xolmurod Salimov so‘zga chiqib, ona Vatanning jasur himoyachilariga bayram tabrigi yo‘lladi hamda markaz kutubxonasiga turli adabiyotlar, uyushma tomonidan nashr etilgan kitob va jurnallar to‘plami tuhfa etildi. Qo‘lda qalam bilan Vatan himoyasiga shay jurnalistlarni harbiy orkestr sadolari tantanali kuzatib qo‘ydi.
“Muhtaram yoshlar! Zamon siznikidur…”
Zumrad shaharning Mir Said Baraka ko‘chasidamiz. Bu yerda bizni “Zarafshon” gazetasi bosh muharriri F.Toshev va Shohruh Behbudiylar kutib olishdi. Anglaganingizdek, jurnalistlar uchun alohida qiymatga ega bo‘lgan maskan – Mahmudxo‘ja Behbudiyning uy-muzeyidamiz. Bu Zarafshon vohasidagi ilk bosma nashr “Samarqand” gazetasi tayyorlangan va chop etilgan, Turkiston jadidlarining rahnamosi yashagan tarixiy joydir.
– Mahmudxo‘ja Behbudiy zamondoshlari orasida kuchli ilmi bilan ajralib turgan, bir nechta tillarni bilgan, – deya yo‘l boshladi muzey mudiri Gulmamat Ahmedov. – U yoshlikdan Misr, Shom, Jazoir, Turkiya va Rossiyaning bir necha shaharlarida bo‘lib, Yevropa madaniyati bilan ham qiziqadi. Qozon va Orenburgda chiqadigan arab imlosidagi gazeta va jurnallar bilan hamkorlik qiladi, mazkur nashrlarda maktab, maorif, madaniyat, ma’rifatparvarlik g‘oyalarining targ‘ibotiga bag‘ishlangan maqolalari chiqa boshlaydi. Ushbu safarlar chog‘ida Behbudiy jadidchilik g‘oyasining asoschisi Ismoil G‘aspirali bilan tanishadi. Bularning hammasi uning siyosiy qarashlariga, tafakkuriga katta ta’sir ko‘rsatadi.
Safardan qaytgach 1913 yil aprel oyida «Samarqand» gazetasiga asos soldi. Gazeta o‘zbek va tojik tillarida haftada ikki marta chop etildi. O‘sha yilning 20 avgustidan u «Oyna» jurnalini chiqara boshladi. Jurnal Kavkaz, Tatariston, Eron, Afg‘oniston, Hindiston va Turkiya davlatlarigacha tarqatilgan.
Eksponatlar doirasimon yo‘nalishdagi xonalarga joylashtirilgan bo‘lib, muzeyda Behbudiyga tegishli bo‘lgan 100 dan ziyod ashyolar, jadidlar faoliyatini ko‘rsatib beruvchi yuzga yaqin eksponat mavjud. Quvonarlisi, eksponatlar soni yil sayin oshib borayapti. Muzey qariyb yetti sotix maydondagi uy va hovlidan (aslida 21 sotix bo‘lgan, ayni paytda qolgan maydonlar ham uy-muzeyga ajratilishi uchun sa’y-harakatlar olib borilmoqda) iborat bo‘lib, u yerda ijodxona, Behbudiy tashkil etgan kutubxona, jadid maktablarining ko‘rinishi, o‘sha davrlarda truppalarning tayyorlanishi uchun sahnali zal hamda Behbudiyga tegishli boshqa buyum va ashyolar, shuningdek, Samarqand davlat universitetining Mahmudxo‘ja Behbudiy merosini o‘rganish ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi mavjud. Jadid bobomiz foydalangan kitoblar, lavh, qo‘l yordamida ishlatiladigan litografiya dastgohi esa o‘sha paytlar Germaniyadan keltirilgan.
-Uning 4 nafar farzandi bo‘lib, faqatgina mening bobomdan nasl davom etgan, – deydi M.Behbudiyning chevarasi Shohruh Behbudiy. – Qolgan o‘g‘illari urushda halok bo‘lgan, kasallikdan vafot etgan. Faqat Ma’sudxon bobomgina otasi 1919 yil, 44 yoshida qatl etilganiga qaramay, 1938 yilda sovetlar tomonidan qatag‘on qilingani sabab, tazyiq va tahdidlardan bezib, Tojikistonga ketib qolgan. Biz ham o‘sha yurtda ulg‘aydik, taqdirni qarangki, bobomizni qoralagan tuzumga xizmat qildik. Mustaqillik sabab jadidlarning hayoti va ijodi o‘rganilib, muqaddas nomlari tiklangach, ona yurtimizda emin-erkin, baxtiyor yashash baxtiga erishdik. Bu uy-muzey 2021 yilda davlatimiz rahbarining taklifi bilan ochildi. Uning ziyoratchilar va sayyohlar bilan gavjumligi, jadidlar faoliyatining yangi qirralari kashf etilayotgani meni behad quvontiradi.
Bugungi kunda Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabalari uchun Mahmudxo‘ja Behbudiy nomidagi stipendiya ta’sis etilgan. Ushbu shaxs siymosi jurnalistlarni haqgo‘ylik va tolmas kurashlarga ilhomlantiradi, beqiyos aql-zakosi va saxiylik ila maorif uchun kurashlari har qanday ziyoli uchun ibrat, yuksak namunadir.
Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yilida Mahmudxo‘ja Behbudiyning bu so‘zlari o‘lmasdir: ”Muhtaram yoshlar! Zamon siznikidur, qarilar zamoni o‘tkan. Siz kiromga bobosirat (ehtiromga sazovor) bo‘lib, o‘n daf’a o‘ylab, bir daf’a kesingiz. Otashinlik va tezlik ila ish bo‘lmas… balki butun shahringiz va millatingiz ila taraqqiy qilursiz”.
“Jizzaxda ko‘rishguncha”
“Boqiy shahar” majmuasiga sayohat, jurnalistlarning fikr almashuvi, samimiy suhbatlar, Jurnalistlar uyushmasi tomonidan 2024 yil uchun rejalardan boxabar bo‘lish davomida keyingi manzil Jizzax bo‘lishi taklifi bildirildi. Ekoturizm rivojlanib, kun sayin chiroy ochayotgan viloyatimizda ham ko‘z-ko‘z qilishga loyiq, ibratli loyihalar amalga oshmoqda. Samarqand xayoli ishtirokchilarni tark etmay turib, Jizzax jamoli o‘ziga chorladi…
Muqaddas SAPAROVA.
Muallif olgan suratlar.