TURIST HAM INVЕSTOR

Turizm bo‘yicha mutaxassis bo‘lmagan odamga bu soha bo‘yicha fikr-mulohaza yuritish oson emas. Lekin goh ish bilan, gohida hordiq olish bahonasida boshqa shaharlarga, xorijga borishga to‘g‘ri keladi. U yerdagi sharoit, yaratilgan imkoniyatlarni ko‘rib, beixtiyor Jizzax bilan solishtirib ko‘ramiz.

Tan olib aytish kerak, keyingi yillarda viloyatimizda turizm jadal rivojlanayotgan sohalardan biriga aylandi. 2023 yilning o‘zida sohani takomillashtirish bo‘yicha katta-katta loyihalar amalga oshirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2022 yilning 19 sentyabr kuni mamlakatimizning ichki va tashqi turizm salohiyatini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida viloyat rahbariyatiga hududda xorijiy va mahalliy sayyohlar oqimini ko‘paytirish, xizmatlar doirasini kengaytirish, yangi turistik marshrutlar ishlab chiqish yuzasidan alohida topshiriq bergan edi. Shundan kelib chiqib, viloyatda turistik obektlarga xorijiy va mahalliy tashrif buyuruvchilarni olib borish bo‘yicha 5 kunlik marshrut (“turistik halqa”) belgilandi.

Buning natijasida, viloyatga 2022 yilda 13 ming nafar xorijiy sayyohlar tashrifi kuzatilgan bo‘lsa, “Ye-mehmon” va “Over” dasturlari ma’lumotlariga ko‘ra 2023 yilda 144,2 ming nafar xorijiy sayyohlar tashrif buyurishdi.

Shuningdek, 2023 yilda viloyatga 1 mln. 176 ming nafar mahalliy sayyohlar tashrifi qayd etildi.

Bugungi kunda xorijiy turistlar tashrifi hisobiga, turizm xizmatlari eksporti 31 mln. dollarini tashkil etmoqda.

Sayyohlarni birinchi navbatda o‘zi xohlagan sharoitlarga ega mehmonxona, kemping, oilaviy mehmon uylariga joylashtirish, ularga zarur sharoitlarni yaratish turizmning asosiy shartlaridan hisoblanadi. 2021 yilda viloyatimizda 170 ta (4959 o‘rinli) joylashtirish vositalari (mexmonxona, oilaviy mehmon uylari kabilar) mavjud bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning soni 256 taga, o‘rinlari soni esa 6566 taga yetkazildi. So‘nggi ikki yilda joylashtirish vositalari soni 1,5 barobarga va o‘rinlar soni 1,3 barobarga ortdi. 2023 yil mobaynida 6 ta mehmonxona, 2 ta xostel, 2 ta kemping, 24 ta oilaviy mehmon uyi hamda 2 ta dam olish maskani faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

O‘tgan yil davomida viloyatimiz hududida 11 ta turkompaniyalar o‘z faoliyatini boshladi, 20 ta yangi turmarshrutlar ishlab chiqildi. Turkompaniyalar soni 2022 yilga nisbatan 11 taga ko‘payib, ularning  soni 28 taga yetdi. Viloyatdagi    uchta tumanda yettita turizm mahallasining tarixi, yodgorliklari va turistik obyektlari kontenti yaratildi.

Shuningdek, sayyohlarga viloyatdagi 28 ta turoperatorlar, 12 ta gid-tarjimonlar, 4 ta turist sinfga mansub avtobuslar va 30 ta mikroavtobuslar  xizmat ko‘rsatib kelmoqda.

Shu bilan birga, sayyohlar uchun 8ta turizm axborot markazi va 172ta sanitariya-gigiyena shoxobchalari faoliyat yuritib kelmoqda. Turistik obyektlarga olib boruvchi 32ta yo‘l ko‘rsatgich belgilari o‘rnatildi va 170ta turizm obyektlarida Wi-Fi zona tashkil qilindi.

Davlatimiz rahbarining 2022 yil 28 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2023 — 2025 yillarga mo‘ljallangan investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-459-sonli qaroriga asosan joriy yilning o‘tgan davrida turizm sohasida umumiy qiymati 1 trln. 128 mlrd. so‘mlik 51 ta loyihalar (4 ta mehmonxona, 12 ta turizm dam olish va xizmat ko‘rsatish maskani, 2 ta turistik davolash, sog‘lomlashtirish majmuasi, 2 ta xostel, 2 ta oilaviy mehmon uyi, 1 ta ijara yotoqxona, 7 ta umumiy ovqatlanish va 1 ta motel) ishga tushirildi.

Zomin tumani, Duoba mahallasidagi «AAA COMPANY» MCHJ tomonidan umumiy qiymati 7 mlrd. so‘mlik Turistik davolash sog‘lomlashtirish majmuasi tashkil etildi. Loyiha 20ta xona va 90ta o‘rindan iborat bo‘lib, ushbu loyihani ishga tushirish hisobiga 20 nafar yangi ish o‘rinlari yaratildi. Mazkur dam olish maskani bir vaqtning o‘zida 500 nafar sayyohga xizmat ko‘rsatish imkoniyati ega.

Viloyatda 2023 yil davomida turizm va unga yo‘ldosh sohalarda jami 4900 ta yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan edi. Yil yakuniga ko‘ra sohada 5251 ta  yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Turizm taraqqiyotini infratuzilmalarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Davlatimiz rahbarining 2022 yil 26 oktyabrdagi “Respublikada mahalliy aviaqatnovlarni rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Jizzax viloyatida turizm salohiyatini yanada oshirish maqsadida Zomin tumani, “Laylak uya” massivi hududida Zomin aerodromi va 30 o‘ringa mo‘ljallangan yo‘lovchi terminalini qurish uchun 60 gektar yer maydoni ajratildi.

Ushbu aeroportda 30 o‘ringa mo‘ljallangan yo‘lovchi terminali, aerodrom infratuzilmasi, muhandislik kommunikatsiyasi, uchish-qo‘nish, harakatlanish yo‘laklari va perronni loyihalash hamda qurilish, uchish va qo‘nishni ta’minash bo‘yicha radio va aeronavigatsiya uskunalari o‘rnatilib, aerodromga olib boruvchi ikki tasmali avtomobil yo‘li, shu bilan birga 20 o‘rinli zamonaviy avtoturargoh qurilish ishlari yakunlanib, foydalanishga topshirildi. Ushbu aerodrom ochilishi bilan Chexiya Respublikasi samolyotsozlari ishlab chiqqan L-410 havo kemasi orqali 110ta reys amalga oshirildi. Buning natijasida viloyatga 2000 nafardan ortiq xorijiy va mahalliy sayyohlar tashrifi kuzatildi.

Aeroport aviakassasi orqali nafakat ichki reyslar, xalkaro davlatlarga ham aviabiletlar xarid qilish imkoniyati yaratildi. Bugungi kunda Dubay, Moskva, Sankt-Peterburg, Istanbul, Almata, Bishkek, Dushanbe, Antaliya, Anqara kabi shaharlarga aviachiptalar sotuvi yo‘lga qo‘yilgan.

 “Zomin” turistik-rekreatsion zonasi hududida “Suffa platosi 2400” xalqaro umummavsumiy kurorti va “O‘riklisoy” turizm majmuasida  “O‘zmilliybank” AJ buyurtmasi asosida bunyod etilgan osma dor yo‘li barpo etildi. 2600 metrlik osma dor yo‘li qurilishi uchun 133,3 mlrd. so‘m ajratilib, o‘n ikkita minora, 11 dona ustun qurib bitkazildi, mijozlarni tashish uchun zamonaviy dizayndagi 36 ta kabina ishga tushirildi.

Viloyatning turizm salohiyati yuqori bo‘lgan  Zomin tumani, Duoba mahallasiga “Turizm mahallasi” maqomi berildi.

Viloyatimizda turizm istiqbolini belgilash, 2024 yilda amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan rejalar ham belgilab olinmoqda. Joriy yilda 35 ta yangi joylashtirish vositalari (3 ta mehmonxona, 10 ta xostel va 22 ta oilaviy mehmon uylari) tashkil etiladi va ularning umumiy soni 300 taga, o‘rinlar soni  8 mingtaga, turoperatorlar sonini 35 taga yetkazish, 5 ta gid-ekskursavodlarni sertifikatlash orqali ularning sonini 25 taga yetkazish maqsadi qo‘yilgan.

Shuningdek, 8 ta turistik avtobus va 15ta mikroavtobuslar olib kelinib, ularning umumiy soni 40 taga yetkaziladi. Mahalliy turistlarni jalb qilishga alohida e’tibor beriladi va ular soni 1 mln. 800 ming,  xorijiy turistlar sonini esa 350 mingtagacha ko‘paytirish, turizm xizmatlari eksortini 50 mln. dollarga yetkazish rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, Zomin tumanidagi “Suffa platosi 2400”  xalqaro umummavsumiy kurortida  120 o‘rinli  3 ta mehmonxona, 600 o‘rinli restoran, uzunligi  200 metr bo‘lgan osma ko‘prik va 50 o‘rinli zamonaviy avtoturargoh qurib foydalanishga topshirilishi  hisobiga yiliga   qo‘shimcha 100 ming sayyoh jalb qilinadi.

Zomin, Forish, Baxmal, Sharof Rashidov va G‘allaorol tumanlarida ekoturizmni rivojlantirish va tashrif buyuruvchilar uchun 5 ta xostel va 10 ta oilaviy mehmon uylari tashkil etiladi.

Forish tumanidagi O‘xum qishlog‘i, Baxmal tumanidagi O‘rmonchi va Jo‘mjo‘msoy qishloqlarida etno qishloq tashkil qilinadi va tashrif buyuruvchi turistlar sonini 3-4 barobarga oshiriladi, ularning qolish kunlari 3-5 kungacha uzaytiriladi.

Albatta, turizmni rivojlantirishga qaratilgan maqsad va rejalar birinchi navbatda ezgulikka xizmat qiladi. Ichki turizmning yildan yilga ko‘lami kengayib borayotgani ham zamondoshlarimizning fikrlash, mulohaza yuritishida ijobiy qirralar ko‘zga tashlanayotgani sezilib turibdi. Buxoro, Samarqand, Xorazm, vodiy viloyatlariga borib kelayotgan hamqishloqlarimizning “U yerda bizni shunday tadbirlar uyushtirib kutib olishdi, qoyil qoldik”, “Dasturxonga milliy shirinliklar qo‘yishdi”, “San’atini namoyish qilishdi” deganlarini ko‘p eshitmoqdamiz.

“Birni ko‘rib fikr qil, birni ko‘rib zikr qil” deydi xalqimiz. Agar bir oz izlansak, mulohaza qilsak, viloyatimiz turizmning ham takrorlanmas qirralarini ochishimiz mumkin. Farg‘ona vodiysida tarixiy obidalari sanoqli, ammo sayyohlar oqimi ortib bormoqda. Vodiy ahli asosan hunarmandchiligi bilan xorijliklarni jalb etishayotganiga o‘zimiz borganimizda ko‘rib ishonch hosil qildik. Rishtonda kulolchilik yuksak darajada rivojlangan bo‘lsa, Marg‘ilon atlasu-adraslari bilan mashhur. Andijon milliy shirinliklari va ko‘nchilik rastalari bilan elga tanilgan.

Marg‘ilon bozoriga kirsangiz milliy kiyimlar, atlas, adras, zardo‘z matolar uchun alohida bo‘lmalar tashkil etilgan, mahalliy va xorijiy mehmonlarni aynan shu bo‘lmalarda uchratasiz. Rishton kulollarining mahsulotlarini ko‘rib hayratga tushmaslikning iloji yo‘q. Bitta ko‘zaning narxi 20000 AQSH dollariga baholanibdi. Shunday ko‘zalarning ikki donasini xorijlik sayyohlar sotib olibdi. Rishtonda davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan kulolchilik markazi tashkil etilibdi. Markazda kulollar uchun uy-joy va ustaxonalar qurib berilgan – haqiqiy shaharcha deysiz. Nahotki, viloyatimizning yirik bozorlarida hunarmandlar uchun alohida bo‘lmalar tashkil etish qiyin bo‘lsa? Qolaversa, Usturshona davlati yodgorliklarida qazilma ishlari olib borilganida ko‘plab kulolchilik ashyolari topilgan. Ko‘zalar, sapol idishlar aynan hozirgi Jizzax viloyati hududida tayyorlangan. Davrlar osha kulolchilik bugunga kelib ko‘zi yopilib qolgan buloqday “qurib” qoldi. Uni qayta tiklash imkoniyatlari bor, faqat xohish va ishtiyoq kerak.

Buxoro va Xivaga borib qolsangiz tarixiy obidalar qo‘ynidan milliy kuy-qo‘shiqlar “oqib” chiqayotganiga, ko‘chalar va maydonlarda xorazmcha, buxoroliklarga xos kiyimda yosh yigit-qizlar raqs ijro etayotgani e’tiboringizni tortadi, beixtiyor maftun bo‘lib qolasiz. Xorijlik sayyohlarning raqsga qo‘shilib ketganiga necha bor guvoh ham bo‘lganmiz. Bularning hammasi o‘sha shahar va viloyatlarning turizm jozibadorligini oshirib turibdi.

Jizzaxda ham o‘ziga xos kiyimlar, kuy-qo‘shiqlar yaratadigan payt keldi. Buning uchun dizaynerlar, tikuvchilar, shoir va kompozitorlarni jalb qilish va ozroq izlanish kerak, xolos.

Gostronomik turizm haqida gap ketganida, Jizzax somsasining ovozasi yetti iqlimga ma’lum ekanligini yaxshi bilamiz. Lekin viloyatimizga tashrif buyurayotgan sayyohlarning hammasi ham somsa yeyish uchun kelmaydi. Ayniqsa, g‘arb davlatlaridan kelayotgan turistlar tarkibida xolestrin miqdori yuqori bo‘lgan taomlarni darhol rad qilishadi. Ammo Jizzaxdagi aksariyat umumiy ovqatlanish muassasalarida bir xil, yog‘li ovqatlar tayyorlanadi. Parhezli taomlar tayyorlanadigan oshxonalar deyarli yo‘q. Bu borada ham chuqur mulohaza yuritadigan payt keldi.

Sayyohlik sohasi dunyo iqtisodining eng jadal rivojlanayotgan sohalaridan biridir. Uning keng qamrovli taraqqiyoti esa, ko‘plab mamlakatlar uchun katta daromad manbaiga aylanib bormoqda. Qolaversa, birorta davlat yoki hudud turizm bozorida o‘z o‘rnini bizga indamay topshirib qo‘ymaydi. Bu izdihomda mustahkam o‘ringa ega bo‘lish uchun kecha qilgan ishlarimiz haqida emas, bugun yaratadigan yangiliklar haqida ko‘proq bosh qotirishimiz zarur. Zero, turist ham investor, u sarflagan mablag‘lar yurtimiz taraqqiyoti uchun xizmat qiladi.

 

Asad MUSTAFOYEV.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan