Jizzaxda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining sayyor majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda “Jizzax viloyati hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari ijrosini o‘rganish yakunlari” masalasi muhokama qilindi. Majlis onlayn tarzda tashkil etilib, Toshkent shahrida tegishli vazirlik, idoralar vakillari va Jizzax viloyati xalq deputatlari shahar va tumanlari Kengashlari deputatlari joylardagi studiyalarda ishtirok etishdi.

Majlisni Senat a’zosi, xalq deputatlari viloyat Kengashining raisi Ergash Saliyev ochib, Jizzax viloyatida islohotlarning amalga oshirilishi, joylarda xalq farovonligini ta’minlash, iqtisodiyotni rivojlantirishga qaratilgan ishlar haqida so‘zladi.

Majlisida Senatning Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi raisi Erkin Gadoyev viloyat hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari bo‘yicha bajarilgan ishlar to‘g‘risida axborot berdi. Qo‘mita raisining axborotida dasturlarda belgilangan vazifalarni ijrosini ta’minlashda sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotgani ham qayd etildi.

Senat raisi Tanzila Norboyeva joylarda amalga oshirilayotgan islohotlar samarasini ta’minlash uchun mahalla yettiligi faoliyatini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish lozimligiga urg‘u berdi.
— Yurtimizni obod go‘shaga aylantirish, xalq farovonligini yanada oshirish uchun bajarishimiz lozim bo‘lgan ishlar ko‘lami nihoyatda keng. Shuning uchun kecha erishgan yutuqlarga “suyanib” qolmasdan ertangi kunni yanada shijoat bilan boshlashimiz zarur, -dedi Senat raisi.

Senatorlar o‘rganish natijalari bo‘yicha uchragan kamchiliklar yuzasidan mamlakat vazirlik va qo‘mitalari, idoralar vakillariga savollar bilan murojaat qilishdi. Jumladan, viloyatning Mirzacho‘l va Yangiobod tumanlarida qo‘shni davlatlar bilan savdo va logistika markazlari qurish, Zomin tumanida maxsus chiqindixona qurilishini nihoyasiga yetkazish, mahallalarda hunarmandchilikni targ‘ib qilish va aholini jalb etish, “Yashil xonadon” loyihasi bo‘yicha quyosh panellari o‘rnatilgan xonadon egalariga ortiqcha ishlab chiqarilgan har kVt elektr energiyasi uchun 1000 so‘mdan to‘lovni amalga oshirish masalalari ko‘tarib chiqildi. Biroq, bu savollarning aksariyatiga vazirlik va qo‘mitalar vakillari aniq javob berisholmadi, umumiy gaplar bilan vaziyatdan chiqmoqchi bo‘lishgani sezilib turdi.

— Sizlar Senat majlisida Jizzax viloyatida islohotlarning ijrosi va ularga to‘siq bo‘layotgan kamchilik va muammolar ko‘tarilishini bilib kelgansizlar. Demak shunga tayyor bo‘lishlaring lozim edi. Bugungi ko‘tarilgan muammolar deyarli o‘z yechimini topmadi, -dedi Tanzila Norboyeva.

Majlisda xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash talab darajasida emasligi qayd etildi. Aslida barcha mahallalarda ko‘pchilik xotin-qizlar o‘zlarini o‘zlari band qilishgan. Lekin Xotin qizlar faollarining qo‘llarida ular haqida aniq ma’lumotlar yo‘q. Ish bilan ta’minlangan, o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘ygan ayollar hisobi yurgazilmayapti.

Sayyor majlisda viloyatda soliqdan budjet qarzdorligi kamaymayotgani qayd etildi. Viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Abduvali Mustanov soliqdan bo‘lgan qarzdorlikni kamaytirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar haqida ma’lumot berib, amalga oshirilgan sa’y-harakatlar natijasida budjet qarzdorligi yildan-yilga kamayib borayotganini ta’kidladi.
Senat majlisida viloyatda rejalashtirilgan investitsiya loyihalarining ayrimlari kechikayotganligi qayd etildi.

— Ular ijrosini jadallashtirish uchun xalq deputatlari viloyat, shahar va tuman Kengashlari deputatlari ham jon kuydirishlari zarur. Chunki investitsion loyihalar ishga tushirilsa, hudud rivojlanadi, yangi ish o‘rinlari yaratiladi. O‘z-o‘zidan o‘sha hududdagi muammolar yechim topadi,-dedi Tanzila Norboyeva.

Majlisda viloyat hokimi Ergash Saliyev so‘zga chiqib, 2023 yil viloyat makroiqtisodiyot ko‘rsatkichlari va joriy yilda ko‘zda tutilayotgan natijalar haqida to‘xtaldi. Viloyat rahbari barcha sohalar, jumladan, to‘qimachilik, avtomobilsozlik, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, yangi biznes subyektlari tashkil etish, ish o‘rinlari yaratish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, viloyatning eksport salohiyatini ko‘tarish bo‘yicha 2024 yilda belgilangan rejalar haqida so‘zlab, 2023 yilga nisbatan o‘sish darajasini tahlil qildi. Senatning sayyor majlisida muhokama etilgan masala yuzasidan qaror qabul qilindi.

Asad MUSTAFOYEV.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan