YANGI YIL VA SAVODXONLIK KЕCHASI TADBIRLARI

Baxmal tumanining Barlos qishloq fuqarolar yig‘inidagi 32-umumta’lim maktabida Yangi yil bayrami keng nishonlandi.

Tadbir boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining savodxonlik kechasi bilan boshlandi. Kichkintoylar tomonidan tayyorlangan sahna ko‘rinishlari, quvnoq “Harflar”ga bag‘ishlangan chiqishlar, ona Vatanni hamda ustozlarni madh etuvchi she’rlar, kuy-raqslar, o‘qituvchilar va ota-onalarning kayfiyatlarini ko‘tarib, xush kayfiyat bag‘ishladi. Shundan so‘ng yosh avlod tarbiyasi, ularning savodxonligini oshirishda o‘rnak ko‘rsatgan boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari Sherzod Xo‘janazarov, Maqsud Sulaymonov va Asqar Qahhorovlarga maktab rahbariyatining tashakkurnomasi tantanali topshirildi. Ota-onalar ustozlarga alohida minnatdorchiliklarini izhor etishdi.

—Boshlang‘ich sinflar o‘quvchilariga ta’lim berish pedagoglardan katta mas’uliyat va fidoyilik talab etadi, — deydi maktabning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Abdusamad Jo‘rayev. — Endigina harf tanib, taassurotlarini tengdoshlari bilan baham ko‘rayotgan bolajonlarimiz shodligining cheki yo‘q. Ayniqsa, bu tadbir xotiralarida bir umr eng yorqin lahzalar bo‘lib muhrlanishi, shubhasiz.

Yangi yilga bag‘ishlangan tadbirda maktab rahbari Nurali Sarimsoqov barchani yangi 2024 yil bilan qizg‘in tabriklab, ezgu tilaklarini bildirishdi. O‘quvchilar tomonidan namoyish qilingan konsert dasturi ham yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.

Abdushukur LAPASOV.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan