“Inson o‘zining fikrlash qobiliyati, ma’naviyat dunyosi bilan tirik”. Bu fikrlarni men har kuni adabiyot darsimda o‘quvchilarimga bot-bot takrorlashdan charchamayman.
–Xo‘sh, biz insonlar ma’naviy ozuqani qayerdan olamiz o‘zi?, –savol beraman o‘quvchilarimga.
–Kitobdan…,–jo‘r bo‘lib javob berishadi ular.
Darhaqiqat, birorta san’at turini televideniye va radio, zamonaviy kompyuterlar imkoniyati va afzalliklarini inkor qilmagan holda aytish mumkinki, bularning hech biri kitob o‘rnini bosa olmaydi. Ayniqsa, badiiy kitoblar har bir kishida insoniy fazilatlarini kuchaytiradi, dunyoqarashini kengaytiradi. “O‘zimdagi barcha yaxshi xislatlarim uchun kitobdan minnatdorman”, degan edi o‘z davridagi allomalardan biri. Afsuski, bugungi kunda oramizda bu bebaho ma’naviy boylikdan bahramand bo‘lish o‘rniga restoran, kafe, ko‘ngilochar markazlarda vaqtini behuda o‘tkazayotgan yoshlar uchrab turadi. Qanchadan qancha kitoblar, kitob javonlari va do‘konlarida shunchaki ko‘rgazma sifatida turibdi. Nega shunday? Nima uchun kitob o‘qimay qo‘yyapmiz?
To‘g‘ri, texnika asri davrida yashayapmiz, kundan-kunga elektron vositalar taraqqiylashib, ularga bo‘lgan ehtiyoj ortib bormokda. Xususan, qo‘l telefonlari, turli internet tizimini bunga misol qilishimiz mumkin. Bunga hech qanday to‘siq yo‘q. Lekin ayrim yoshlar berilgan imkoniyatlardan unumli foydalanish o‘rniga, ijtimoiy tarmoqlardagi ko‘ngilochar o‘yinlar, tanishuvlar, yoshlar ongini zaharlovchi saytlarga kirib, u yerdagi ma’lumotlar bilan tanishmoqdalar. Buning oqibatida ularning dunyoqarashi bir tomonlama bo‘lib qolmoqda.
Qadimda buyuk shoir va yozuvchilarimiz, olimlarimiz kitobga shu qadar mehr qo‘ygan edilarki, hatto tunlari sham yorug‘ida kitob mutolaa qilganlar. So‘z mulkining sultoni Navoiy Hazratlari 7 yoshida Farididdin Attorning «Mantiqut-tayr» asarini yod olgan, buyuk muhaddisimiz Imom al-Buxoriy hazratlari esa olti mingdan ziyod hadisni yod bilgan. Ammo u davrlarda bizga yaratib berilayotgan imkoniyatlarning bir qismi ham bo‘lmagan. Lekin ular o‘z maqsadlari sari intilib, yuksak ma’naviyat sohibiga aylanishgan. Demak, biz uchun berilayotgan imkoniyatdan unumli foydalanish har birimizning o‘zimizga bog‘liq. To‘qlikka sho‘xlik esa o‘zbek millatining yoshlariga xos fazilat emas. Aslini olganda, ayrim yoshlarimiz bunday loqaydlikdan yiroq. Ular o‘zlarining hur fikrliligi va yuksak ma’naviyati bilan ajralib turadi. Biroq guruch kurmaksiz bo‘lmagani kabi insonlar orasida ham ma’naviy qashshoq kishilar yo‘q emas. Bundaylarning loqaydliklari natijasida “yengil hayot” ixlosmandlari safi ortib bormoqda. Shuni unutmang, aziz yoshlar yengil hayot ortidan kelgan boyliklar umrbod tatimaydi. Ma’naviyati sayoz, kitob o‘qimaydigan insonlar oilasida tarbiya topayotgan farzandlar kelajakda barkamol shaxs bo‘lib ulg‘aymaydi.
Munisa NAMOZOVA,
Jizzax shahridagi 6-umumta’lim maktabining
ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi.