MARHABO, MOHI RAMAZON

Jannatmakon o‘lkamizning mo‘min-musulmonlari oylarning eng ulug‘i va eng fazilatlisi bo‘lmish Ramazon oyini bir olam shodligu quvonch bilan kutib olmoqdalar. Hamma bir-biridan shirin, bir-biridan ezgu orzu-umidlar og‘ushida. Kimdir Ramazon ro‘zasini bu yil to‘liq tutib, o‘ttiz kun mobaynida tarovehlarda Qur’on xatmiga some’ bo‘lib, ko‘plab savob orttirish niyatida bo‘lsa, kimdir bu sanoqli kunlar mobaynida Qur’oni karimni to‘liq o‘qib tushirish ilinjida.

Kimdir, bu bebaho va betakror toat mavsumida o‘zini har tomonlama isloh etib, xatolarini tuzatish, hasad, ginayu kudurat, xusumat kabi illatlardan qalbini musaffo etib, o‘zi uchun pokiza hayot sahifasini ochishni niyat qilgandir. Yana kimdir xayrli ishlar uchun boshqa vaqtlardagidan ko‘ra ko‘proq ajru savoblar beriladigan bu qimmatli fursatlarni g‘animat bilib, mehru muruvvat, saxovat va silai rahm kabi oliyjanob ishlardan imkon qadar ko‘proq zaxira to‘plash maqsadida intiqlik bilan ramazonni kutayapti.

Ramazon mana shunday o‘xshashi yo‘q, fazilatda tengi yo‘q muborak oy. U ezgulik sayli, toat mavsumi, yaxshiliklar musobaqasidir. O‘tgan ulug‘larimiz Ramazonga shunday intiq bo‘lishar ediki, hatto oylar davomida “Ey Alloh, bizlarni Ramazonga eson-omon yetkaz!”, deya yaratganga iltijolar qilardilar. Ramazon kelib, uning har lahzasini ezgu amallar uchun zaxira qilishgach, yana bir necha oylar davomida “Ey Alloh, bizdan Ramazondagi amallarimizni qabul et!”, deya tinmay duoda bo‘lardilar.

Solih salaflarimizning Ramazonga munosabatlari ana shunday edi. U zotlar butun boshli yilga Ramazon orqali nazar solganlar. Ramazonni yilning asosi va mehvari deb bilganlar. Shu bois ham yarim yil davomida Parvardigordan Ramazondagi ibodatlarini qabul qilishni so‘rasalar, qolgan oylarni “Ramazonga yetkaz!” degan iltijo tillaridan tushmagan.

Ramazon oyining fazilatlarini sanab tugatib bo‘lmaydi. Islomning bosh manbai, insoniyatning qiyomatgacha hayot dasturi Qur’oni karim shu oyda nozil bo‘lgandir. Ushbu oyda Islom tarixiga zarhal harflar bilan yozilgan juda ko‘p olamshumul voqealar sodir bo‘lgan. Shu bois butun dunyo musulmonlari ushbu tabarruk oyni solih amallar va Alloh roziligi yo‘lidagi ibodatlar oyiga aylantirishadi.

Ramazon Qur’on oyidir. Qur’on bilan ro‘za oyi orasidagi mustahkam aloqa va bog‘liqlikni Ramazonning ilk kuni kirishi bilanoq har bir musulmon kishi o‘z qalbining tub-tubidan his etadi. Va o‘ta kuchli muhabbat va qiziqish bilan Rabbisining kitobini mutolaa qilishga kirishadi. Uning oyatlari borasida tafakkur yuritadi, unda keltirilgan qissalaru xabarlardan ibrat oladi. Masjidlar namozxonlar va Qur’on tilovat qiluvchilar bilan to‘lib ketadi. Dunyodagi bor masjidlarda Qur’oni karim xatmi boshlanadi. Va bu holat o‘zining lisoni holi ila butun olamga bu oy Qur’on oyi ekanligini baralla e’lon qiladi.

Ramazon xayr-saxovat oyidir. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) bu oyda boshqa oylarga qaraganda yanada saxiyroq bo‘lib ketardilar.

Abdulloh ibn Abbos (roziyallohu anhumo) aytadilar: «Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) odamlarning eng saxovatlisi edilar. Ul zotning saxovatlari ramazon oyida – har kecha Jabroil (alayhis salom) Ul zotga Qur’onni ta’lim berish uchun huzurlariga tashrif buyuradigan paytlarda – ayniqsa cho‘qqisiga chiqardi. Darhaqiqat, Allohning Rasuli (sollallohu alayhi va sallam) odamlarga yaxshilik bilan muruvvat ko‘rsatishda shiddat bilan esayotgan shamoldan-da uchqurroq edilar» (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).

Shuning uchun ham qadimdan musulmonlar Ramazon kirganda har galgidan saxovatliroq bo‘lishga odatlanganlar. Davlatmand kishilar zakotlarini ham aynan Ramazonda ado etishlari ham shundan. Bu oyning barakasidan har bir xonadon baharamand bo‘lib, mo‘minlar qalbiga xursandlik va shodlik kirsin uchun odamlar alohida Ramazonga xos xayru ehsonlari bilan bir qatorda zakotlarini ham shu oyda ado etardilar.

Bu oy tungi namozlar va nafl ibodatlar oyi hamdir. “Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Ramazon kechalarini ibodat bilan o‘tkazib chiqardilar. Qachon oyning oxirgi o‘n kuni kelsa, oila a’zolarini va namozga kuchi yetadigan katta-yu kichikni uyg‘otardilar (Imom Muslim rivoyati).

Ramazon oyidagi tungi namozlar fiqh istilohida “tarovih” deyiladi. Bu namozni o‘qish barcha musulmonlar uchun sunnat hisoblanadi. Musulmonlar g‘ofil qolib, bu namozni o‘tkazib yubormasliklari kerak. Chunki Ramazondagi nafl namozlar uchun beriladigan ulug‘ savoblar boshqa oylarda berilmaydi.

Ramazon rahmat oyidir. Ramazonda Alloh taoloning rahmati jo‘sh uradi. Imom Muslim rivoyat qilgan hadisda: «Ramazon bo‘lganda rahmat eshiklari ochiladi», deyilgan. Ramazonning avvalgi o‘n kunligi nafaqat oyning, balki yilning «rahmat kunlari» hisoblanadi.

Ramazon mag‘firat oyi. Uning o‘rtadagi o‘n kuni nafaqat oyning, balki yilning «mag‘firat kunlari» hisoblanadi. Ramazon fazilati haqida Salmon (roziyallohu anhu) qilgan rivoyatda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “U avvali rahmat, o‘rtasi mag‘firat va oxiri do‘zaxdan ozod bo‘lish fursati bo‘lgan oydir”.

Ramazonning oxirgi kechasi mag‘firat kechasidir. Abu Hurayra (roziyallohu anhu) aytadi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) dedilar: «U (Ramazon)ning oxirgi kechasida ro‘zadorlarning gunohlari kechiriladi», dedilar. Ular: «Ey Allohning Rasuli, u Qadr kechasimi?», deb so‘rashdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Yo‘q, lekin ishchi ishini ado etganidan so‘ng ajri – haqi to‘la qilib beriladi», dedilar (Imom Ahmad rivoyati).

Ramazon do‘zaxdan ozod bo‘lish oyidir. Ramazon oyida jannat darvozalari ochilib, do‘zax eshiklari yopiladi. Chunki, bu oyda jannatga kirish uchun sabab bo‘lgan xayrli ishlar va solih amallar ko‘proq bajariladi, do‘zaxga kirish uchun sabab bo‘lgan gunoh-ma’siyatlar va yaramas, jirkanch, uyatli ishlar kamroq sodir etiladi. Jannat darvozalari musulmonlarni xayrli ishlarga shoshilishga targ‘ib qilib ham ochiladi.

Botirxon RO‘ZIYEV,
O‘zbekiston Musulmonlari idorasi
Jizzax viloyati vakili o‘rinbosari.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan