Rivojlangan jamiyatlarda madaniyatlilik darajasi xotin-qizlarga bo‘lgan munosabat va ular uchun yaratilgan imkoniyatlarga qarab belgilanadi. Har qanday xalqning ma’naviy darajasini avvalo shu yurt ayollarining ma’naviy saviyasi belgilaydi. Mamlakatimizda ayolga bo‘lgan munosabat o‘z tarixiy ildizlariga ega. Ajdodlarimiz doimo ayollarni qadrlashga, ularga nisbatan hurmat va izzatda bo‘lishga da’vat etishgan. Ma’rifatparvar bobolarimiz “Ayol yuksalsa – yuksalur bashariyat”, deb bejiz aytishmagan. Bu ko‘hna tarix To‘maris, Saroymulkxonim, Nodirabegim, Gulbadanbegim, Uvaysiy, Dilshod otin, Anbar otin, Zulfiya singari yuzlab mo‘tabar ayollarimizning millat sha’ni, or-nomusini saqlash yo‘lidagi jasoratlariga guvohdir. Momolarimizga xos bo‘lgan noyob fazilatlar zamonamiz ayollari siymosida ham davom etmoqda.
Yangi O‘zbekistonda kechayotgan keng ko‘lamli va jadal islohotlar jarayonida xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, huquq va manfaatlarini, gender tengligini ta’minlash, oila, onalik va bolalikni himoya qilish, salomatligini muhofaza qilish, ayollar o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish, ular uchun yangi ish o‘rinlari yaratish, intilish va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, mehnat va turmush sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha davlat siyosati yangi bosqichga ko‘tarildi. Zamonaviy ma’rifatparvar ayol deganda, milliy an’analarimizga sodiq ravishda taraqqiyotga intilayotgan, tashabbuskor va tashkilotchi, ayollik maqomini tadqiqotchilik, yetakchilik, ustozlik faoliyati bilan uyg‘unlashtirgan bugungi kun qahramonlari ko‘z oldimizga keladi.
Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan yurtimizda ilm-fan sohasida ulkan yutuqlarga erishib, ayollarning intellektual qobiliyatini namoyish etgan olima ayollar haqida ma’lumotlar to‘plandi.
Asqarova Salima Asqarovna – taniqli olim, biologiya fanlari doktori, professor. Salima Asqarovna O‘zbekistonda mikrobiologiya fanining rivojlanishiga ulkan hissa qo‘shgan. Salima Asqarovnaning ko‘magi bilan O‘zRFA Mikrobiologiya institutining yangi yo‘nalishlari, yangi laboratoriyalari tashkil qilindi. Mikrobiologlar ilmiy maktabi yaratildi. Salima Asqarovnaning rahbarligida ko‘plab fan nomzodlari va doktorlari tayyorlandi. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi S.A. Asqarova “Qizil mehnat bayrog‘i” ordeni (1975), “Shuxrat” (1994), shuningdek, “Ulug‘ Vatan urushidagi mardlik mehnati uchun” medali, II va III darajali “Onalik” medali bilan taqdirlandi.
Mavloniy Mashhura Egamovna – mikrobiolog olima. 1934 yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. O‘rta Osiyo Politexnika institutida 1952-1957 yillari Texnik mikrobiologiyasi yo‘nalishida ta’lim olgan. Mashxura Mavloniy xozirgi zamon mikrobiologiyasining eng muhim hisoblangan tarmog‘i – mikroorganizmlar sistematikasiga katta hissa qo‘shgan. U Markaziy Osiyo mikroorganizmlar dunyosini o‘rgandi va ular tavsifiga asos soldi. Birinchi bo‘lib O‘zbekistonda mikroorganizmlar kolleksiyasini yaratdi. Sanoat uchun talay unumdor va faol mutantlarni seleksiya qildi. Olimaning keyingi yillardagi izlanishlari neft mikrobiologiyasining ustuvor va amaliy muammolarini yechishga qaratilgan. Olima 980 dan ortiq ilmiy asarlar, shu jumladan 4 ta monografiya, 11 ta to‘plam, 48 ta kashfiyot va ixtirolar muallifi. Uning «Seleksiya promishlennix ras mikroorganizmov», «Proizvodstvo kormovogo belka v Uzbekistane», «Razrabotka texnologiy proizvodstva protivokorrozionnix biotsidov» asarlari nafaqat O‘zbekistonda, balki chet elda ham e’tirof etilgan. Mashxura Mavloniy mikrobiologiya mutaxassisligi bo‘yicha 1961 yilda fan nomzodi, 1971 yilda fan doktori darajalarga erishdi. 1979 yil O‘zbekiston Fanlar akademiyasi muxbir a’zosi, 1989 yildan esa O‘zRFA haqiqiy a’zosi – akademik etib saylandi. Akademik Mavloniy Mashxura Egamovna O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi (1994), «Mehnat shuxrati» ordeni (2003), «Mehnat faxriysi» ko‘krak nishoni (2021) davlat mukofotlari bilan taqdirlangan. Olima mikrobiologiya sohasida katta ilmiy maktab yaratdi. Akademik Mashxura Mavloniy respublikada yuqori tajribali, vatanparvar mutaxassislarning shakllanishiga katta hissa qo‘shib kelmoqda. U tayyorlagan mutaxassislarning 80 foizini xotin-qizlar tashkil qiladi. Ular nafaqat O‘zbekistonda, balki Rossiya, Latviya, Qozog‘iston, Turkmaniston va Isroilda ilmiy faoliyat olib bormoqdalar.
Sayyora Rashidova Sharofovna – fan doktori. 1943 yilda Jizzax shahrida tug‘ilgan. S. Rashidova yuqori molekular birikmalar kimyosi, biologik faol polimerlar, nanokimyo va nanofizika sohalaridagi tadqiqotlari bilan keng ilmiy jamoatchilik tomonidan tan olingan olima.Uning rahbarligida sanoat chiqindilarini qayta ishlab, import o‘rnini bosuvchi mahalliy preparatlar- xitin, xitozan, g‘umbak yog‘i organomineral o‘g‘itlar va oqsil konsentratlarini ajratib olishga asoslangan “Tabiiy ipak sanoati chiqindilarini kompleks qayta ishlash texnologiyasi” ishlab chiqilgan hamda yumshoq ta’sirga ega bo‘lgan polimer shaklli defoliant “Polidef” ishlab chiqarish texnologiyasi yaratilgan. S. Rashidova polimerlar haqidagi fan sohasining yirik olimasi hisoblanadi.
Gulyamova Tashxan Gafurovna – biologiya fanlari doktori, professor. T.Gulyamovaning asosiy ilmiy yo‘nalishlari
mikroorganizmlarning metabolizmini tartibga solish va mikroskopik zamburug‘larda fiziologik faol birikmalarning mikrobial sintezining o‘ziga xos xususiyatlarini o‘rganishga bag‘ishlangan. U fundamental va amaliy tadqiqotlar ilmiy-texnika dasturlari doirasidagi bir qator ilmiy loyihalarga rahbarlik qilib kelmoqda. 2005-2011 yillarda uning rahbarligida xalqaro STCU loyihalari amalga oshirildi. Hozirgi kunda uning ilmiy izlanishlari O‘zbekiston dorivor o‘simliklarning mikrobiomining xilma-xilligi va uning biotexnologik salohiyatni ilk bor o‘rganish bilan bog‘langan. Ushbu ilmiy izlanish fundamental va amaliy nuqtayi nazardan yangi bo‘lib, mahalliy endofit mikroorganizmlar bir qator biofaol moddalar yangi manbai ekanligini ko‘rsatmoqda. U 200 dan ortiq ilmiy maqolalar, 7 ta ixtiro patent muallifi. Uning rahbarligida bir qancha fan doktorlari, fan nomzodlari yetishib chiqmoqda.
Azimova Shaxnoza Sadikovna – biologiya fanlari doktori, professor. “O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi” (1999) faxriy unvoni bilan mukofotlangan. Molekular biologiya va gen muhandisligi bo‘yicha taniqli olima. Uning ilmiy tadqiqotlari asosan tibbiyot va qishloq xo‘jaligi uchun rekombinant (sun’iy) oqsillarni turli xil ekspressiya tizimlarida olish texnologiyalarini ishlab chiqish, gen-hujayra muhandisligi uslublari yordamida diagnostik test-tizimlar va dori vositalarini yaratishga qaratilgan. Uning rahbarligida molekular biologiya, bioorganik kimyo, farmakologik biotexnologiya, gen muhandisligi va molekular genetika sohalarida ilmiy tadqiqotlar olib borilib, O‘zbekistonda birinchi marotaba rekombinant oqsillar olish usuli ishlab chiqildi. Shu jumladan vaksina va diagnostikumlar yaratish uchun odam gepatit V virusi yuza rekombinant oqsillari, Myuller ingibirlovchi substansiyasi (MIS, prostata va ko‘krak bezi rakiga qarshi vosita) va boshqalar olindi. Bundan tashqari rekombinant HBsAG va eritropoetinga monoklonal antitanalar hosil qiluvchi gibridomalar olish texnologiyasi ishlab chiqildi. Uning rahbarligida laboratoriyada moddalarning rakka qarshi (sitotoksik), antibakterial, zamburug‘ga qarshi, shu jumladan antibiotiklarga rezistent mikroorganizmlarga nisbatan, insektitsid va boshqa turdagi faolliklarining skriningi yo‘lga qo‘yilib, bugungi kunda metabolitlar va ularning sintetik hosilalari asosida leykozga qarshi faol moddalar aniqlangan va ular asosida samarali preparatlar yaratish maqsadida klinika oldi tadqiqotlari olib borilmoqda.
Ahmedova Zaxro Raxmatovna -1955 yili Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanida tug‘ilgan. 1976 yili Toshkent Davlat universiteti «Biologiya-tuproqshunoslik» fakultetini tamomlagan. U 1976 yildan O‘zRFA Mikrobiologiya institutida ishlab kelmoqda, 2003 yildan shu kunga qadar «Mikroorganizmlar fermentlari» laboratoriyasi mudiri, fundamental, ilmiy-amaliy va innovatsion loyihalar rahbari. Mikrobiologiya, biokimyo, biotexnologiya bo‘yicha mutaxassis. 1984 yili nomzodlik, 1999 yili doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan, 2007 yilda professorlik ilmiy unvoni berilgan. Uning asosiy ilmiy yo‘nalishi qishloq xo‘jaligi, oziq- ovqat, sanoatning barcha tarmoqlarini biologizatsiya yo‘nalishiga o‘tkazish, kimyoviy vositalar, moddalar, mineral o‘g‘itlar sarfini kamaytirish yoki ulardan batamom voz kechish, atrof-muhit himoyasi va ekologik muvozanatini saqlash, mikroorganizmlar va ulardan olinadigan noyob biologik moddalarni tahlil qilish va ishlab chiqarishga tadbiq etishdan iboratdir. Mustaqillik yillaridan buyon 3 ta fundamental, 7 ta amaliy va 3 ta innovatsion loyihalarga rahbarlik qilib keldi. Shulardan oxirgilari I-5-FA-0-23897 ««Mikrozim-2» biopreparatini “Qoraqalpog‘iston Respublikasida ishlab chiqarish va paxta yetishtirishda qo‘llash» innovatsion (2014-2015) va FA-A9-T110 «Mitselial zamburug‘larning gidrolitik fermentlari asosida fitopatogenlar hujayra devorini parchalovchi preparatlar olish texnologiyasini ishlab chiqish» (2015-2017). Z.R.Axmedovaning ilmiy izlanishlari natijasida 2006- 2013 yillarda «Mikrozim-1» va «Mikrozim-2» biopreparatlarining sanoat variantlari olindi va ular Davlat kimyo komissiyasi sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tib, biopreparatlarga guvohnomalar olingan va O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligida g‘alla va paxta yetishtirishda qo‘llashga ruxsat berilgan.
Aripova Tamaraxon – tibboyot fanlari doktori. U immunologiya va immunogenetika sohalaridagi yirik olima. Uning ilmiy
izlanishlari ikkilamchi immunotanqislik holatlari (OIV/OITS, B va C gepatitlar onkologik allergik endokrin va autoimmun kasalliklar) rivojlanish mexanizmlarining immunologik va immunogenetik tadqiqotlari va ular asosida kattalar va bolalarda immunologik va genetik tashxislarning yangi usullari va texnologiyalarini ishlab chiqish va Markaziy Osiyo populyatsiyalari etnogenezini o‘rganishga qaratilgan. Uning rahbarligida 8 nafar fan doktori va 15 nafar fan nomzodi tayyorlangan.
Yunusova Xolida – farmatsevtika fanlari doktori, professor. X.M. Yunusova farmatsevtika
sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan iqtidorli olimalardan biri. U o‘z ilmiy ishlarini tayyor dori turlari texnologiyasini yaratish va takomillashtirish, ularning sifat nazorat usullarini yaratish, ishlab chiqarishni tashkil etish, shuningdek biofarmatsevtik tadqiqotlar yo‘nalishlarida olib boradi. U tomonidan 700 dan ortiq ishlar chop etilgan. Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida, populyatsion ekologiya, tashqi muhit bilan tirik organizmlar o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni optimallashtirish muammolari bo‘yicha yetakchi olim. Shuningdek, populyatsiyalar ekologiyasi nazariyasi ilmiy asoslarini rivojlantirmoqda, sut emizuvchilar populyatsiyalarining dinamikasini, ularning demografik tuzilishini, ekologik faktorlarning Janubiy Orolbo‘yi biotasiga ta’sirini o‘rganib, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi tadqiqotlar natijalarini ishlab chiqarishga tatbiq etish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib bormoqda.
Raximova Tashxanim – biologiya fanlari doktori, professor. Geobotanika, ekologiya, o‘tloqshunoslik bo‘yicha yetakchi olima. 200 dan ortiq ilmiy ishlarning muallifi, shulardan 10 tasi hammualliflikda yozilgan monografiyalar, 20 dan ortig‘i chet ellarning
nufuzli jurnallarida chop etilgan maqolalardir. Inqirozga uchragan yaylovlarni yaxshilashga bag‘ishlangan 5 ta qo‘llanma va tavsiyalari chop etilgan. Eng muhim ishlari qatoriga “Chortoq adirlarining tabiiy o‘simliklari va yaylovlari” (1982), “Ekologiya va tabiatni muhofaza qilish asoslari” (2001), “Ekologiya” kitobi o‘zbek (2008) va rus tilida (2011), “O‘simliklar ekologiyasi va fitotsenologiya” (2009), “Yuksak o‘simliklar bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar” (2011), «Senopopulyatsii redkix i ischezayushix vidov rasteniy ostansovix nizkogoriy Kizilkuma» (2018), “O‘zbekiston cho‘l yaylovlarining hozirgi holati va ulardan oqilona foydalanish” (2018), “Kadastr flori Uzbekistana: Navoiyskaya oblast”, “Kadastr flori Uzbekistana: Buxarskaya oblast” monografiyalari kiradi. Olimaning ilmiy yo‘nalishlari cho‘llanish jarayonida O‘zbekiston o‘simliklar qoplami va yaylovlarining ekologik holati, istiqbolli oziqabop o‘simliklarning eko-biologik xususiyatlarining moslashuvini hamda yaylov ekosistemalaridagi o‘zgarishlarni baholashga bag‘ishlangan. Olingan natijalar inqirozga uchragan yaylovlarni serhosil turlar hisobiga boyitishda qo‘llanilgan. T.Raximova Seriphidium kenja turkumiga oid istiqbolli 25 ta shuvoq turlarining eko-biologik xususiyatlarini har tomonlama o‘rganib (1968-1995), ularning respublikamiz chala cho‘l va adir mintaqalarida moslashuvini hamda fitomelioratsiya uchun rayonlashtirishning ilmiy asoslarini ishlab chiqdi. U Qizilqum va Orol dengizining qurigan tubidagi o‘simliklar qoplamini raqamli xaritalash, kamyob va yo‘qolib borayotgan o‘simliklarning senopopulyatsiyalarini o‘rganish, global iqlim o‘zgarishining mavjud ssenariylari bo‘yicha ro‘y berishi mumkin bo‘lgan tabiiy o‘zgarishlarni bashoratlash, O‘zbekiston o‘simliklar qoplamini yangi avlod xaritalarini yaratish kabi zamonaviy talqindagi tadqiqotlarni olib bormoqda. O‘zbekiston tabiiy yaylovlarining holatini baholash bo‘yicha bir qator xaritalarning muallifi. Uning rahbarligida 8 ta fan nomzodi tayyorlangan, 30 dan ortiq magistrlik ishiga ilmiy rahbarlik qilgan. O‘zRFA Botanika instituti huzuridagi Ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy kengash va Ilmiy seminar, shuningdek O‘zbekiston Milliy Universiteti huzuridagi Ekologiya ixtisosligi bo‘yicha Ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy kengash a’zosi va Seminar raisi.
Dilfuza Egamberdiyeva – Dunyoning 50 dan ortiq davlatlarida bo‘lib, tadqiqotlar olib borgan, 2019 yilda «Yilning eng yaxshi
olimi” sifatida «Scopus-2019» mukofoti sohibasi, o‘zbekistonlik olima. Fransiyada taqdim etilgan YUNЕSKO L’oreal «Olima ayol» mukofoti laureati va Butunjahon Fanlar Akademiyasining qishloq xo‘jaligi bo‘yicha Argentinada taqdim etilgan mukofotlari sohibasi.
Ubaydullayeva Xurshida– kimyo fanlari nomzodi. Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi rivojlanishiga ulkan hissa qo‘shgan. Gen injeneriyasi sohasida tan olingan olima. O‘tkazilgan ilmiy tadqiqotlari natijasida gen-nokaut “Porloq” g‘o‘za navlarini genetic va fiziologik biokimyoviy xususiyatlari o‘rganilgan.Bundan tashqari qishloq xo‘jaligi ekinlarini gen injeneriyasi va mikroklonal ko‘paytirish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni olib borgan. U 100 dan ortiq ilmiy maqolalar va ixtirolar muallifi. XII Koreya xalqaro ixtirochi ayollar ko‘rgazmasi KIWIE – 2019 da oltin medal bilan taqdirlangan.
Sayyora Murodova, biologiya fanlari doktori, professor,
Muqaddas Sobirova – biologiya fanlari nomzodi, v.b dots.nt.
Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Jizzax filiali.